"Oydinda yurgan odamlar" ham hayotdir", deya asari haqida o‘z e'tirofini bitadi. Bu o‘jar satrlar ohang va qat'iyati bilan Nitsshening "Esse HOMO" nomli tarjimai hol asarini yodga soladi. - Buyuklar doim o‘ziga o‘zi to‘g‘ri baho bera olgan. Menimcha, Tog‘ay shaxsida bu fazilat yo‘q
emasdi. Ijodkor sifatidagi tabiatida ham. Bir qaraganda, bunday yondashuv bizning o‘zbekchilikka
to‘g‘ri kelmaydigandek tuyuladi. Kamtarin bo‘lish kerak, degan nasihat quyilgan qulog‘imizga. Lekin
hech bir ishni qoyillatmagan odamning pishqirig‘i boshqa-yu, Tog‘ay Muroddek katta yozuvchining
e'tirofi boshqa. Men adabiyotshunos sifatida bemalol aytishim mumkinki, Tog‘ay Murod zamonaviy
o‘zbek adabiyotida yangi tipdagi adib sanaladi. XX asr o‘zbek nasrini shartli ravishda bir asar desak,
uning birinchi sahifasi Abdulla Qodiriy bilan ochilib, so‘nggi sahifasi Tog‘ay Murod bilan yopiladi.
U o‘zini dilida "Zo‘rman!" deb o‘ylagan, tilida "Zo‘rman!" deb takrorlagan va amalda ham doim
zo‘r bo‘lib qolishga tinimsiz intilgan. Tog‘ay yengil obro‘ ortidan quvmadi, yo‘qolib ketmaslik,
shunchaki ko‘rinib turish uchun yozmadi. U kam, lekin zo‘r yozardi, matbuotda hikoyalari ketma-ket
chiqqanini sezmaganman. Ijod mahsuli hajman ixchamgina. Lekin adabiyotda hajm asosiy narsani
belgilamaydi. Yozgan tom-tom asarlari umri o‘zining umrichalik uzoq bo‘lmagan yozuvchilar oz emas
adabiyot tarixida. Ba'zan hatto kuni kecha yozilgan kitoblari tugul, ijodkorlarining nomi yodimizdan
chiqib qolayotganidan o‘zimizni noqulay sezamiz. "Ikki tiyinlik sham yonib bitguncha, ikki yuz misra
she'r yozdim", deb maqtangan shoirga hazrat Navoiy: "Demak, o‘sha yozganlaringning qimmati ikki
tiyin ekan", deb javob berganida qanchalar haq edi. Tog‘ayning har bir asari faqat qaymoqdan iborat,
suvidan ham qaymoqning ta'mi keladi. U, agar xohlaganida, ikki tiyinlik sham yonib tugaguncha bir
qissa bitishi mumkin edi, ma'naviy quvvati bunga yetardi. Lekin Tog‘ay "Yozuvchining dushmani
yomon asarlaridir" degan naqlga amal qildi. Boshqalarni emas, hatto o‘zini o‘zi ham takrorlamadi sira.