ochilib gurunglashadi". Yana Tog‘ay Murod qahramonlarining aksari "Chin gaplar ko‘ngilda bo‘ladi. Tilga chiqsa, yolg‘on bo‘ladi-qoladi" aqidasiga amal qiladi. Uning asarlarida gapga chechan obrazlarni deyarli uchratmaymiz. G‘oya sog‘lomligi, e'tiqod butunligi shundoq ko‘zga tashlanib turadi. Hayotning qing‘irliklari to‘g‘risida esa murosayu madoraga bormay yozadi... Suhbatimizni ijodkor shaxsi va asarlarining o‘zaro bog‘liqligi haqida mulohazalar bilan boshlasak. - Aytganingizdek, ijodkor shaxsiyati yozganlarida o‘zining "asorat"ini qoldiradi. Muhabbatni his
qilmagan odam hech qachon u haqida yaxshi asar bitolmaydi. Ijod mahsulini bu tomondan tahlil qilib
o‘rganish, ya'ni biografik usul G‘arbda ancha rivoj topgan. Tog‘ay Murod ijodiga mazkur metodni
tatbiq etadigan bo‘lsak, adib shaxsi va asarlarining o‘zaro uyg‘unligini kuzatish mumkin. Masalan, u
qahramonlarininggina emas, o‘z jismoniy baquvvatligiga ham alohida e'tibor berar edi. "O‘zbekiston
fizkulturachisi" gazetasida behuda ishlamagan (1976-1978). Uloqqa jiddiy qiziqishi ham tanasidan
yog‘ilib turardi. Asarlarida polvonlar, chavandozlar, dehqonlar hayoti katta mehr bilan yoritilishini
eslang. Tog‘ay kurash va uloqqa faqatgina xalq tarixi, madaniyati, urf-odatlarining bir bo‘lagi deb
emas, o‘z qalbining bir parchasi sifatida ham qarar edi. U ruhiy tarbiyadan tashqari badan tarbiyaga
muhim e'tibor berganining guvohiman. Biz Matyoqub aka bilan qishda Anhorga cho‘milgani
borganimizda, tez-tez Tog‘ayni ham uchratar edik. Adibning o‘zi jismonan baquvvat bo‘lgani uchun
ham, asarlarida kasalmand ingroqlar deyarli quloqqa chalinmaydi.
"Ot kishnagan oqshom" qissasi qahramoni Ziyodullaning adolatsizlik bilan, haqsizlik bilan sira
chiqisha olmasligini yodga oling. Ko‘pkaridagi ba'zi g‘irromliklardan tutab ketishini aytmaysizmi? Go‘yo
chavandozlarni emas, o‘zini himoya qilayotgandek o‘rtanib yozadi Tog‘ay Murod. U hayotda ham
mana shunday bo‘lganini tanigan-bilganlar yaxshi eslashadi. Tog‘ay gapni isrof qilib, chuvalashtirib
o‘tirmay, kezi kelganda, mushtni ishga solishdan ham tap tortmasdi. Ba'zan bunga o‘zim guvoh
bo‘lganman.
Uning qahramonlari mard, tanti odamlar. Hatto Botir firqada o‘ziga zid bo‘lgan qahramonning
yutug‘ini tan ola bilishdek mardlik mujassam. Mustamlaka davrida salkam qulga aylanib qolgan
Dehqonqulning ham mardligi o‘ziga yarasha. Uni kambag‘al deb mensimagan sotuvchiga ko‘rsatib
qo‘yish uchun bor puliga baxmal xarid qilib, oyog‘iga paytavaday o‘rab chiqib ketgani esingizdadir.