www.ziyouz.com кутубхонаси
4
Botir firqani ko‘pchilik «qizil» deb so‘kadi, uning faxri bo‘lgan ordenlarini uloqtirishni, e’tiqod qilib,
yashab o‘tgan umrining mazmuni sifatida har vaqt yonida iftixor bilan olib yurgan partbiletini yoqishni
talab qilishadi...
«Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi» romani xuddi shunday – minglab «botir firqalar» oyoq qo‘ygan
zamin birdan yo‘qolib, o‘tmish va kelajak orasida muallaq turib qolgan bir davrda yozilgan...
Tog‘ay Murodning hech bir asarida «qizillik» ko‘rilmagan? U hech vaqt «qizil» bo‘lgan emas.
Shunday ekan, u ham ko‘p qatori Botir firqani yerparchin qilsa, bundan o‘z vaqtida mo‘maygina
«siyosiy dividend» ola qolsa bo‘lmasmidi? Bo‘lmas ekanki, Botir firqada bir inson fojiasini ko‘rishga
intilgan-da... chinakam san’atkor uchun g‘oya emas, inson birlamchi degan e’tiqod bilan qalam
tebratgan-da, axir...
* * *
...«Oldin bahor – oxir xazon bo‘ldi», nima bo‘lganda ham, Botir firqa umrini yashab o‘tdi: Botir
qo‘shchi edi – «Botir firqa» bo‘ldi, so‘ngra «o‘rtoq Esonov» bo‘lib davr surdi: kimgadir yaxshilik qildi,
kimgadir yomonlik; nimadir qurdi, nimanidir buzdi... – barini elga xizmat qilyapman, el uchun
qilyapman, el saodati uchun qilyapman degan ishonchda qildi. Kun kelib, xizmatlari bir pul bo‘ldi: yov
qochgan, ko‘paygan botirlar uni «qizil» dedilar, millatning dushmani, dedilar...
Axir, «Siz kimning zurriyotini bozorga olib chiqqaningizni bilyapsizmi?» deya eshonzodalar
fojiasiga kuygan ham, «Shugina bir... go‘dakni boqib bo‘lmay qoldimi?» deya el ahvolidan yuragi sel
bo‘lgan ham, «Aziz zotlarni bevasi, juda tabarruk zotlarni zurriyoti», deya ularni NKVDchilardan tilab
olgan ham Botir firqa emasmi?! Qarang-a, Saidxo‘ja eshon honaqosi buzilganida, «El-yurt nafas yutdi.
El-yurt suv sepmishdek jim-jit bo‘ldi. El-yurt aza tutdi», xolos... Botir firqa bir tadbir qilmoqchi
bo‘lganida, «faol zoti bor – o‘zini olib qochdi» – bejiz emas. Botir firqa «yakkash o‘zi o‘yladi. Bir
eskicha, bir yangicha o‘yladi. Eskicha bilan yangichani qo‘shib o‘yladi» va «yurak yutib... bir ishga qo‘l
urdi»: honaqoning «mumtoz ustalar» yasagan darvoza-derazalarini o‘tinxonaga yashirdi...
«O‘zingiz qanday bo‘lsangiz, sizga shundoq amirlar qo‘yilur», deyiladi muqaddas bitiklarda.
Yashirib nima qildik, yov qochgach, hammamiz-da botirlandik va... borki kulfatlar uchun aybni
kechagi kunning yurt og‘alariga yukladik-qo‘ydik... O‘zni aybdor his qilish og‘ir, o‘zgani ayblash oson –
ko‘ngilni xotirjam etdik go‘yo. Tog‘ay Murodning bezovta qalbi bunga ko‘nmadi, ko‘nolmadi...
* * *
Bejiz emas, dedik... bejiz demadik...
Botir firqa ochlikdan nobud bo‘lgan hamqishloqlari haqiga duo qilishga chog‘landi va shu on
yonida NKVDchilar borligini eslab, sezib qolishmadimi, deya hadikda qoldi... Botir firqa ocharchilikka
qarshi g‘aroyib kurash usulini ko‘rib, «O‘z el-yurtingiz emasmi, odamga picha botar ekan. Uncha-
muncha malol kelar ekan», deya ojizgina e’tiroz qildi, dilidagining ozrog‘ini tiliga chiqardi. Biroq
NKVDchilar bu «Sovet hukumatining buyrug‘i! Sovet hukumatining xohish-irodasi! Yoki sovet
hukumatidan norozimisiz?» deya uni darhol o‘ziga keltirishdi: «Ana shunda, Botir firqa bir seskanib
oldi»...
Seskangani gunohmi? Darhol o‘zini o‘nglab, qaddini tik tutganicha «Yashasin, Sho‘ro hukumati!»
— deya tantanavor hayqirgani aybmi?.. Ayblashga haqlimizmi?.. Dadil bir narsa deyish qiyin: bu
o‘rinda har kimning hukmi o‘zicha to‘g‘ri, balki?!.
Tog‘ay Murod qahramoniga evrilib ko‘rdi, Tog‘ay Murod qahramoniga yog‘ilgan ta’na-
malomatlarni o‘z tanasida sinab ko‘rdi... Tog‘ay Murod taxminan shunday o‘yladi, shu boisgina bizning
o‘y-mushohadalarimizni ham shu o‘zanga soldi, sola bildi...
* * *