1 Ўкув КУЛЛАНМА ЛОТИН Davlat Iqt va Siyosati qayta ishlangan OHIRGI (1)
3. Tengsizlikni o‘lchash. Dunyodagi barcha mamlakatlar aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha
daromadlar darajasi bilan bir-biridan keskin farqlanadi. Bu turli mamlakatlar
aholisining daromadlari darajasi o‘rtasida tengsizlik mavjudligini bildiradi. Shu
bilan birga alohida olingan mamlakatlar aholisining turli qatlam va guruhlari
o‘rtacha daromadlari darajasida ham farq mavjud bo‘ladi. Mamlakatning iqtisodiy
rivojlanishi darajasi ham daromadlaridagi farqlarni bartaraf eta olmaydi.
O‘z-o‘zidan aniqki, iqtisodiy o‘sish daromadlarning ko‘payishiga olib keladi.
Bunda butun aholi daromadlari mutlaq miqdorda asta-sekin o‘sib boradi.
Daromadlarning mutlaq miqdori ko‘payib borsa-da, har doim ham daromadlar
tengsizligi darajasiga ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin. Daromadlar tengsizligi
darajasini miqdoriy aniqlash uchun jahon amaliyotida Lorens egri chizig‘idan
foydalaniladi 10.1-rasm. Chizmaning yotiq chizig‘ida aholi guruhlarining foizdagi
ulushi, tik chizig‘ida esa bu guruhlar tomonidan olinadigan daromadning foizdagi
ulushi joylashtirilgan. Nazariy jihatdan daromadlarning mutlaq teng taqsimlanishi
imkoniyati (burchakni teng ikkiga bo‘luvchi) 0Е chiziqda ifodalangan bo‘lib, u
oilalarning har qanday tegishli foizi daromadlarning mos keluvchi foizini olishini
ko‘rsatadi. Ya’ni aholining 20 foizi barcha daromadlarning 20 foizini, aholining 40
foizi daromadlarning 40 foizini, aholining 60 foizi daromadlarning 60 foizini
olishini bildiradi va h.k. Demak, 0Е chizig‘i daromadlarning taqsimlanishidagi
mutlaq tenglikni ifodalaydi. Shuningdek, nazariy jihatdan mutlaq tengsizlikni ham
ajratib ko‘rsatish mumkin. Bunda aholining ma’lum guruhlari (20 foiz, 40 yoki 60
foiz va h.k.) hech qanday daromadga ega bo‘lmay, faqat bir foizi barcha 100 foiz
daromadga ega bo‘ladi. Chizmadagi 0FЕ siniq chizig‘i mutlaq tengsizlikni
ifodalaydi.