3. Qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligini oshirish yo‘llari.
Qishloq hududlarida mavjud bo‘lgan mehnat resurslaridan to‘liq va samarali
foydalanish, ularning mehnatlari unumdorligini yuksaltirish hamda ijtimoiy-
iqtisodiy jihatdan himoyalash eng dolzarb vazifa hisoblanadi. Bu vazifani
muvaffaqiyatli hal etilsh uchun quyidagilarga e’tibor berish lozim:
-
qishloq hududlarida mavjud bo‘lgan mehnat resurslarining umumiy sonini va
istiqbolda uning o‘zgarish darajasi monitoringini o‘tkazib borish;
-
qishloq hududlaridagi barcha tadbirkorlik shakllarida qisqa va uzoq muddatga
mutaxassislik turlari bo‘yicha mehnat resursiga bo‘lgan talabni aniqlash;
-
qisqa va uzoq muddatga bo‘sh bo‘lgan ish joylarini ishlovchilar bilan
ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni asoslangan holda ishlab chiqish (kadrlar
tayyorlash, malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash);
-
ish bilan ta’minlanmaganlarning umumiy sonini aniqlash, ularni ijtimoiy
himoyalash bo‘yicha me’yoriy tadbirlarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirish va
boshqalar.
Ta’kidlangan tadbirlarning samarali hal etilishi mehnat qilish qobiliyatiga
ega bo‘lganlar bilan ish beruvchi subyektlar hamda ijtimoiy himoyalashni amalga
oshiruvchi tashkilotlar o‘rtasida munosabatlar amalga oshirilishini taqozo etadi. Bu
masalalarni hal etishda bandlikka ko‘maklashish markazlari muhim ahamiyatga
ega.
Erkin bozor iqtisodiyoti sharoitida o‘z mehnat qilish qobiliyatini taklif
etayotgan fuqaro mehnat bozorini o‘rganib chiqadi. U yerda mavjud bo‘lgan
talablarni o‘rganib, o‘zining intellektual va jismoniy qobiliyatlarini taklif etadi. Ish
beruvchilar esa mehnat bozoridan o‘zlari uchun eng ma’qul bo‘lgan taklifni tanlab
olishga harakat qiladilar. Ular bir-biriga mos kelganda shartnomalar tuzilib, xodim
ishga yollanadi. O‘zbekiston Respublikasida ham shunday tartib joriy etilgan
bo‘lib, bu vazifani qishloq hududlarida bandlikka ko‘maklashish markazlari
amalga oshirmoqda.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida mehnat bozorining nazariy asoslari
shotlandiyalik iqtisodchi A.Smit, ingliz iqtisodchisi D.Rikardo, Nobel mukofoti
laureati, amerikalik iqtisodchi Paul A.Samuelson va boshqa olimlar tomonidan
yetarli darajada asoslangan. Yaratilgan nazariyani hayotga tatbiq etish yo‘llari ham
hal etilgan. Bozor iqtisodiyoti sharoitida mehnat shu bozorda erkin sotilishi lozim.
Shundagina u qiymatga ega bo‘ladi, ya’ni tovar shaklida ayirboshlanadi. Mehnat
bozori erkin raqobat asosida amalga oshirilishi zarur. Bu bozorda mehnat
munosabatlari iqtisodiy, ijtimoiy qonunlar, talab va taklif qonunlari talablari
asosida amalga oshirilishi lozim. Mehnat bozorida inson o‘zini emas, balki mehnat
qilish (jismoniy, aqliy) qobiliyatini taklif etadi. Iste’molchi, ya’ni ish beruvchi shu
qobiliyatni sotib oladi. Demak, oldi-sotdi jarayonidagi iqtisodiy munosabat
predmeti insonning mehnat qilish qobiliyati hisoblanadi. Insonning mehnat qilish
qobiliyatiga to‘lanayotgan ish haqi shu mehnatning qiymati, ya’ni bahosi
ekanligidan dalolat beradi.
Qishloq hududlaridagi mehnat bozorini samarali shakllantirishda quyidagi
holatlarni e’tiborga olish zarur:
•
respublika aholisining yarmi qishloq hududlarida yashayotganligi;
•
qishloq hududlarida aholi sonining o‘sish sur’ati shaharlardagiga nisbatan
yuqori ekanligi, bu hol kelajakda mehnat resurslarining yuqori sur’atlarda o‘sishiga
ta’sir etishi;
•
qishloq hududlarida sanoat korxonalari talab darajasida rivojlanmaganligini
va barcha resurslarni e’tiborga olgan holda joylashmaganligi;
•
hozirgi davrda qishloq hududlarida ish bilan ta’minlanmagan iqtisodiy faol
mehnat resurslarining shaharlarga ish qidirib ketayotganligi;
•
qishloq hududlarida xususiy mulkchilikka asoslangan ishlab chiqarish,
xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik shakllari talab darajasida
rivojlanmaganligini, shuningdek, madaniy, maishiy, kommunal va boshqa
xizmatlarni amalga oshiruvchi infratuzilma subyektlari ko‘lamining torligi.
Mehnat bozorlari yuqorida ta’kidlangan barcha xususiyatlarni e’tiborga
olgan holda erkin shakllanishi uchun quyidagilarga e’tibor berilishi lozim:
•
qishloq hududlaridagi (jumladan, qishloq xo‘jalik korxonalaridagi) mehnat
resurslarining umumiy miqdorini, tarkibini aniqlash;
•
mehnat resurslarining taklifini va hududdagi barcha tadbirkorlik
subyektlarining ularga bo‘lgan talabini tarkibi bo‘yicha aniqlash;
•
erkin mehnat bozorini shakllantirish hamda ularning samarali faoliyat
ko‘rsatishini ta’minlovchi ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmlarni ishga solish;
•
qishloqda mehnat resurslarining maqsadga muvofiq bandligini ta’minlashga
hissa qo‘shish;
•
mehnat bilan band bo‘lmagan fuqarolar sonini aniqlash, ularning malakasini
oshirish, qayta tayyorlash hamda ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan himoyalash;
•
erkin mehnat bozori amalga oshirilishini ta’minlovchi turli yarmarkalar va
boshqa tadbirlarni tashkil etish, ularning samarali o‘tkazilishiga erishish;
•
mehnat bozorining rivojlanishini ta’minlovchi barcha resurslarni topib,
samarali sarflash kabi vazifalarni bozor talablari darajasida amalga oshirish lozim.
Qishloqlarda mehnat bozorini oqilona tashkil etib, samarali boshqarish
uchun hududlarning xususiyatlarini e’tiborga olish lozim. Respublikamizning
mehnat resurslari soni ko‘p bo‘lgan hududlari, avvalo, Andijon, Farg‘ona,
Namangan, Toshkent, Samarqand viloyatlari uchun mazkur bozorni tartibga
solishning ancha samarali quyidagi ikkita usuli mavjud:
a) ishchi kuchiga talabni oshirish usuli;
b) ishchi kuchlariga taklifni kamaytirish usuli.
Fan-texnika taraqqiyoti yutuqlari va intensiv texnologiyalarni ishlab
chiqarishga joriy etish hisobiga ish o‘rinlarining bir qismi qisqarishi kuzatiladi.
Ishchi kuchiga bo‘lgan talabni oshirishni rag‘batlantirish usullarini tadqiq
etish mehnat resurslarining oqilona bandligini ta’minlashga hamda mazkur
hududlar uchun samarali tarmoqlarni rivojlantirishga qaratilgan.
Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va xarid qilish hamda
agroservis xizmati ko‘rsatish va shaxsiy mehnat faoliyati bo‘yicha ish joylarini
yaratish, ishlab chiqarish kuchlari va bandlikning noan’anaviy shakllarini
rivojlantirish, agrar sektordagi ishdan vaqtincha bo‘shatilayotgan shaxslar uchun
mavjud korxonalarni kengaytirish va qayta tashkil etish hamda yangi ish o‘rinlarini
yaratish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish lozim.
Ishchi kuchlariga talabni oshirishni agrosanoat majmuining mehnat
resurslarini qayta taqsimlashdan manfaatdor tarmoqlarida ish joylarini yaratish va
yangi, zamonaviy kasblarni egallashga sarmoyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilish
orqali tartibga solish mumkin. Investitsiya va kreditlarni agrosanoat majmui
korxonalarini, ayniqsa, qayta ishlash korxonalarini qurish, texnik jihatdan qayta
qurollantirish va rekonstruksiyalashga, shaxsiy mehnat faoliyatini rivojlantirish
yo‘li bilan xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirishga, shuningdek, ko‘p bolali
ayollar, mehnatga layoqatli nafaqaxo‘rlar, nogironlar, o‘smirlar va hokazolarga
mos ish joylarini vujudga keltirishga yo‘naltirish maqsadga muvofiqdir. Shu tariqa
ortiqcha mehnat resurslarini yuqorida aytib o‘tilgan tarmoqlarga va ayrim maxsus
ish joylariga jalb etish, ayni paytda ishchi kuchlarining kasbiy malaka tarkibiga
bevosita ta’sir o‘tkazish mumkin.
Ishchi kuchlari taklifini kamaytirishga ish vaqti va mavjud ish joylarini
ijtimoiy ishlab chiqarishda band bo‘lganlar o‘rtasida qayta taqsimlash orqali
samarali ta’sir etish mumkin. Ayollarga bola parvarishi uchun to‘lanadagin
nafaqalar va beriladigan ta’til muddatini ko‘paytirish, mehnat stajini hisoblashda
ularga imtiyoz berish; pensionerlar, nogironlarni parvarishlaydigan shaxslarning
nafaqalarini oshirish mehnat bozoriga ishchi kuchlarining oqib kelishini
kamaytirish chora-tadbirlari hisoblanadi.
Ish bilan bandlar orasida ish vaqti va ish joylari ishchi kuchlariga bo‘lgan
taklifni kamaytirish maqsadlarida qayta taqsimlanadi. Aholi bandligining xususiy
va vaqtinchalik shakllariga o‘tishini rag‘batlantirishga ularga ham ish bilan to‘la
band shaxslarga mo‘ljallangan ijtimoiy muhofaza turlarini, ta’tillar va boshqa
ijtimoiy kafolatlarning miqdorlarini o‘rnatish, kafolatlangan eng kam miqdordagi
ish haqi bilan ta’minlash, har yili beriladigan ta’tillarni o‘z vaqtida berish, ish kuni
va ish haftasi davomiyligini qisqartirish orqali erishish mumkin.
Mamlakatimizning mehnat resurslari yetishmaydigan mintaqalarida (Jizzax,
Sirdaryo, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi) ishchi kuchlariga
taklifini ko‘paytirish mehnat bozorini tartibga solishning maqsadga muvofiq
usulidir. Respublika qishloq xo‘jaligidagi mavjud bo‘lgan mehnat resurslaridan yil
davomida to‘liq va samarali foydalanish lozim.
Qishloq hududlarida, jumladan, qishloq xo‘jalik korxonalarida mavjud
bo‘lgan mehnat resurslarining real miqdorini aniqlash lozim. Shu bilan birga aholi
sonining mutlaq o‘sishini e’tiborga olgan holda mehnat resurslarining ko‘payish
yoki kamayish jarayonini aniqlash kerak. Mehnat qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan
aholining harakatini ham hisobga olish zarur. Shundan so‘ng qishloq xo‘jaligida
mavjud bo‘lgan ish joylarining hozirgi hamda istiqboldagi sonini real aniqlashga
alohida e’tibor berish kerak. Shularga asoslangan holda mehnat balansi ishlab
chiqilishi zarur.
Yuqoridagilarga asoslanib, mehnat resurslarining ish bilan ta’minlanganlik
darajasi, shu orqali qishloq hududlarida mavjud bo‘lgan mehnat resurslarining ish
bilan ta’minlanganlik darajasi aniqlanadi. Uning darajasi birga yaqin bo‘lishi
lozim, aks holda mehnat resurslarini ish bilan ta’minlash chora-tadbirlari
asoslangan holda ishlab chiqilishi kerak. Buning uchun qishloq xo‘jalik
korxonalarida yangi ish joylarini tashkil etish imkoniyatlarini rejalashtiriladi.
Mehnat resurslaridan foydalanishni rivojlantirish maqsadida ularni takror ishlab
chiqarish jarayonlarini, ya’ni malakalarini oshirish, tayyorlash va qayta tayyorlash
tadbirlarini ham belgilab olib, amalga oshirilishiga e’tibor berish zarur.
Korxonalarda mehnat unumdorligi darajasini yuksaltirishga alohida e’tibor
berish lozim. Bu masalaning hal etilishida eng ta’sirchan omil moddiy
manfaatdorlik hisoblanadi. Darhaqiqat, bozor iqtisodiyoti sharoitida kim yaxshi,
sifatli ishlasa ko‘p haq oladi. Shunday ekan, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida
samarali mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchi o‘z mehnatiga yarasha ko‘proq haq
olishi lozim. Shu bilan birga mehnatkashlarni ma’naviy rag‘batlantirishni amalga
oshirishni ta’minlash kerak. Eng avvalo, mehnatlari natijalarini e’tiborga olgan
holda mukofotlash va taqdirlash lozim. Unvonlar ham ma’lum darajada
fuqarolarning mablag‘lar bilan ta’minlanishiga olib keladi. Jumladan, respublikada
xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi, agronom, irrigator unvolarini olganlarning asosiy ish
haqlariga eng kam oylik ish haqining 60 foizi miqdorida ustama beriladi. Eng
asosiysi, ma’naviy rag‘batlantirish insonlarning kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi
va ularning mehnatga munosabatini yaxshilaydi, yaxshiroq mehnat qilishga
undaydi.
Qishloq
xo‘jaligidagi
mehnat
jarayonlarini
mexanizatsiyalashtirish,
avtomatlashtirish,
elektrlashtirish
natijasida
sarflanayotgan
mehnatning
unumdorligi oshishini ta’minlash mumkin. Buning uchun xo‘jaliklar ixtiyoridagi
barcha mashinalar, traktorlarning ishga yaroqliligini oshirish hamda ulardan yil
davomida to‘liq foydalanishga erishish tadbirlarini shakllantirish lozim. Eng
avvalo, ularni malakali kadrlar, ta’mirlash ustaxonalari bilan ta’minlash kerak.
Xo‘jaliklarning ishlab chiqarish resurslari bilan ta’minlanganligini ham talab
darajasiga yetkazish zarur. Buning uchun esa moliyaviy resurslar bilan ta’minlash
choralarini aniqlab, ularning bajarilishini ta’minlash kerak.
Qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishning mavsumiyligi tufayli yilning
ma’lum davrida tarmoqdagi mehnat resurslarining bir qismi bo‘sh turib qoladi, bu
esa mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ushbu holatning oldini olish uchun qishloq xo‘jalik korxonalarida xodimlarni
mehnat resursiga talab kam bo‘ladigan qish oylarida ham ish bilan band qilish
choralarini ko‘rish lozim. Bunda dehqonchilikka ixtisoslashgan fermer
xo‘jaliklarida chorvachilikni ham yo‘lga qo‘yish, issiqxonalar tashkil etish, turli
sexlar, ustaxonalar faoliyatini tashkil etish va boshqa tadbirlarni amalga oshirish
maqsadga muvofiqdir.
Demak, qishloq xo‘jaligida mehnat resurslaridan yil davomida to‘liq va
samarali foydalanish hamda ularning mehnatlari unumdorligini oshirish uchun
quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash maqsadga muvofiqdir:
-
qishloq joylarda tadbirkorlik shakllarini rivojlantirish;
-
tarmoqning rivojlanishini e’tiborga olgan holda qo‘shimcha ish joylarini
tashkil etish;
-
qishloq xo‘jaligiga yangi texnikalarni, samarali texnologiyalarni izchillik
bilan tatbiq etish;
-
tarmoqning ishlab chiqarish tarkibini takomillashtirish va moddiy-texnika
ta’minotini yuksaltirish;
-
qishloqda yashash va ishlash uchun barcha sharoitlarni yaratish;
-
mehnatni tashkil etishning samarali turlarini tashkil etish va rivojlantirish;
-
kadrlarni tayyorlash, malakalarini oshirish, ularni moddiy va ma’naviy
rag‘batlantirishni takomillashtirish va boshqalar.
Bu kabi chora-tadbirlarning qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishiga joriy etilishi
tarmoqdagi mehnat resurslaridan foydalanishni yaxshilab, mehnat unumdorligi
oshishiga ijobiy ta’sir etadi.
Dostları ilə paylaş: |