www.ziyouz.com kutubxonasi
95
Binobarin, biz ham bu yerda bir masala to’g’risida gaplashdik. «Ibodatlarimizni qanday
qilamiz, kunimizni qanday o’tkazamiz?» – deb gaplashdik. Kunni qanday o’tkazish
borasida shom namozigacha keldik, undan keyingi xuftonni tushuntirmadik. Xufton
namozini ham jamoat bilan o’qish lozim! Charchagan bo’lsangiz, o’qib bo’lib, keyin
uxlang! U yoki bu bahona bo’lmasligi lozim!
Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam va sahobai kirom xuftondan keyin darhol dam
olardilar. Hatto masjidda bir-birlari bilan ko’p ham gaplashmasdilar. Tahajjudga turish
uchun erta yotardilar.
Xuftondan keyingi uzun suhbatni arab tilida musomaratul layl, deyiladi. Musomaratul
layl – kechasi bilan suhbatlashmoq degani. Bu to’g’ri emas, chunki tahajjud namozini
tahlikaga solib qo’yadi. Hatto bomdod namozini ham.
Shuning uchun vaqtli yotib, tahajjudga bemalol turish lozim! Kechasi yotishdan oldin
buyuklarimiz tavsiya qilgan bir odat bor, shuni ham eslatib o’tsak: yangi tahorat olib,
to’rt rak’at namoz o’qib, tahorat bilan yotiladi! Chunki farishtalar tahorat bilan yotgan
kishiga butun kechani ibodat bilan o’tkazdi, deb yozadi. Maloikalar samodan uning
vujudini nurdek ko’radilar va yoniga tushadilar. Shu yerda bir banda tahorat bilan
yotibdi, deb uning atrofiga izdihomli bir shaklda yig’iladilar va uning haqqiga duo
qiladilar: «Yo Rabbiy! Sening bu quling tahorat bilan yotdi, sen uning gunohlarini
mag’firat qil!» – deb. Shayton yaqiniga kelolmaydi, kechasi esa uning uchun xayrli,
muborak bir kecha bo’ladi. Agar ajali yetib o’lsa, imon bilan o’lishga vasila bo’ladi.
Demak, xuftondan keyin ko’p o’tirmaslik kerak! Ba’zi kishilar televizor tomosha qiladilar.
Ko’p vaqtini bekorga o’tkazmasdan, tahajjudga tura olishi uchun, tahoratini olib,
namozini o’qib, vaqtli uxlashi kerak!
Kunni shunday o’tkazish lozim. Allohning rizosini topishga harakat qilish kerak!
Alloh taolo har ishimizni Qur’oni karimga va Payg’ambarimiz sallallohu alayhi
vasallamning sunnati saniyyasiga muvofiq, dinning asliga, o’ziga muvofiq tarzda
bajarishni nasib aylasin! Bizlarni bid’atlardan, xatolardan, g’aflatdan, shoshma-
shosharlikdan, tanballikdan, qusurlardan pok qilsin. Bizda sevilmagan qanday axloq, fikr,
odat va tushuncha bo’lsa, bizlarni ulardan qutqarsin! Bizlarni O’zi sevadigan sifatlarga
ega qilsin. Maqbul amallarni bajarishga muvaffaq aylasin! Mahbub qullaridan qilsin.
Sevgan, rozi bo’lgan qul bo’lib huzuriga borishni, jannatiyu jamoliga musharraf bo’lishni,
rizvoni akbariga erishishni nasib etsin!
Bihurmati shahri ramazonal muborak va bi hurmati habi’bihi Muhammadinil mustafo va
bi hurmati asrori suratil fotiha!
13 fevral 1995 / 13 Ramazon 1415