36-modda. Tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvi Oldingi tahrirga qarang. Yuridik shaxs, uning mulkdori, ustav fondida (ustav kapitalida) kamida besh foiz
miqdoridagi ulushga ega bo‘lgan ishtirokchilar va aksiyadorlar, shuningdek nazorat qiluvchi yoki
huquqni muhofaza qiluvchi organlar tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvining buyurtmachilari
bo‘lishi mumkin.
(36-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 29-martdagi O‘RQ-760-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.03.2022-y., 03/22/760/0249-son) Nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tashabbusiga ko‘ra
auditorlik tekshiruvi auditorlik tashkiloti va ushbu organlar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida
o‘tkaziladi hamda mazkur shartnoma asosida haq to‘lanadi. Bunda nazorat qiluvchi yoki huquqni
muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ayni bir auditorlik tashkilotini ayni bir xo‘jalik yurituvchi
subyektning faoliyatini ayni o‘sha asoslarga ko‘ra tekshirishga takroran jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvini o‘tkazishga doir ishlarga haq to‘lash auditorlik
tekshiruvini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan shaxs yoki organ hisobidan amalga oshiriladi.
Tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvini o‘tkazish predmeti, muddatlari hamda boshqa
shartlari auditorlik tekshiruvining buyurtmachisi va auditorlik tashkiloti o‘rtasida tuziladigan
auditorlik tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnomada belgilanadi.
37-modda. Xo‘jalik yurituvchi subyektning auditorlik tekshiruvini o‘tkazish chog‘idagi huquq va majburiyatlari O‘ziga nisbatan auditorlik tekshiruvi o‘tkazilayotgan xo‘jalik yurituvchi subyekt auditorlik
tashkilotidan:
auditorlik xulosasini;
auditorlik xulosasida ifodalangan fikr yuzasidan tushuntirishlarni va auditorlik
tashkilotining fikriga asos bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar haqidagi axborotni;
buxgalteriya hisobini yuritish, moliyaviy hisobot tuzish hamda aniqlangan kamchiliklar va
qoidabuzarliklarni to‘g‘rilash tartibi haqida maslahatlar olishga haqlidir.
O‘ziga nisbatan auditorlik tekshiruvi o‘tkazilayotgan xo‘jalik yurituvchi subyekt:
auditorlik tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnomada belgilangan muddatlarda auditorlik
tekshiruvini o‘tkazish uchun auditorga shart-sharoitlarni yaratib berishi va unga zarur hujjatlarni
taqdim etishi;
auditorlik xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomadan kelib chiqadigan majburiyatlarga
rioya etishi;
auditorlik tekshiruvi davomida aniqlangan qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi axborotni ko‘rib
chiqishi va mazkur axborot olingan sanadan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay auditorlik
tashkilotini natijalar haqida yozma shaklda xabardor qilishi;
auditorlik tekshiruvi jarayonida aniqlangan buxgalteriya hisobini yuritishga, moliyaviy
hisobot tuzishga hamda soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish tartibiga doir qoidabuzarliklarni
bartaraf etishi shart.
Xo‘jalik yurituvchi subyekt ushbu Qonunga muvofiq amalga oshiriladigan auditorlik
tekshiruvini o‘tkazishdan bosh tortish yoki unga to‘sqinlik qilish maqsadida biron-bir harakatni
(harakatsizlikni) sodir etishga haqli emas.
Xo‘jalik yurituvchi subyekt qonunchilikka hamda auditorlik tashkiloti bilan tuzilgan
auditorlik tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega
bo‘lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.