Ishlab chiqarish miqyosining ijobiy samarasi shunda namoyon bo‘ladiki, korxonada ishlab chiqarish hajmi o‘sib borishi bilan, bir qator omillar ishlab chiqarish o‘rtacha xarajatlarining pasayishiga ta’sir ko‘rsata boshlaydi. Bu
omillar quyidagilar: 1) mehnatning ixtisoslashuvi; 2) boshqaruv xodimlarining
ixtisoslashuvi; 3) kapitaldan samarali foydalanish; 4) qo‘shimcha turdagi
mahsulotlarning ishlab chiqarilishi. Quyida bu omillarning har biriga batafsil
to‘xtalib o‘tamiz.
1. Mehnatning ixtisoslashuvi. Korxona ko‘lamining o‘sib borishi bilan
foydalanilayotgan mehnatning ixtisoslashuv darajasini oshirish imkoni kengayib
boradi. Qo‘shimcha ravishda ishchilarning yollanishi topshiriqning ular o‘rtasida
borgan sari aniqroq taqsimlanib borishini anglatadi. Ishlab chiqarish jarayonida 5-6
tadan turli operatsiyalarni bajarish o‘rniga endilikda har bir ishchi bitta – yagona
topshiriqni bajarishi mumkin bo‘ladi. Butun ish kuni davomida u o‘zining
malakasiga ko‘proq mos keladigan vazifani bajarish bilan band bo‘ladi. Kichik
korxonalarda malakali ishchilar ko‘pincha o‘z ish vaqtlarining deyarli yarmini
hech qanday malaka talab etmaydigan ishlarni bajarishga sarflaydilar. Bu esa
ishlab chiqarish xarajatlarining oshib ketishiga olib keladi. Shuningdek, ishlab
chiqarish miqyosining o‘sishi bilan ta’minlanuvchi mehnat operatsiyalarining
taqsimlanishi imkoniyati ishchilar uchun o‘z vazifalarini bajarishlarida katta tajriba
orttirishga zamin yaratadi. 5-6 ta topshiriq bilan band qilingan eng mahoratli ishchi
ham bu vazifalarning har birini bajarishda u qadar malakali bo‘la olmaydi. Yagona
vazifani bajarish imkoniga ega bo‘lgach, xuddi shu ishchi yanada unumliroq ishlay
oladi. Va nihoyat, mehnat ixtisoslashuvining yuqori darajasi ishchi tomonidan bir
topshiriqni bajarishdan boshqa biriga o‘tishdagi vaqt yo‘qotilishi holatining oldini
oladi.