O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
GULISTON DAVLAT UNIVERSITETI
«PEDAGOGIKA VA PSIXOLOGIYA»
fanidan
Ma’ruza matn
Guliston -2015
2
Pedagogikani o’rganish zarurati.
Ma’rifiy qadriyatlar va maqsadlar
1. Olam va dunyoqarash.
2. Pedagogika(ma’rifat)-kasbiy
etuklikka etaklash omili sifatida.
3.O’zbek pedagogikasida ma’rifiy qadriyatlar
4.Ta’lim, tarbiya va shaxs kamoloti jarayonlarining o’zaro munosabati
Moddiy narsalar odamga jismoniy oziq va quvvat bersa, ma’naviyat unga ruhiy oziq va qudrat bag’ishlaydi.
Faqat moddiy jihatdan ta’minlanishi bilan kifoyalanishi – ongsiz va ruhsiz maxluqlarga xos ma’naviyatga intilish esa
ruh va ong egasi bo’lmish odamlarga xos fazilatdir.
Ma’naviyat – odamning ruhiy va aqliy olamining majmuidir. Tilimizda «ba’mani odam» degan ibora bor. Bu iboraga
loyiq bo’lish ulkan baxtdir.
Ma’naviyat – jamiyatning, millatning va yoki ayrim bir kishining ichki hayoti, ruhiy kechinmalari, aqliy qobiliyati,
idrokini mujassamlantiruvchi tushuncha. Ma’naviyat boyib borsa, jamiyat ravnaq eta boradi.
Ma’rifat tabiat, jamiyat va odam haqidagi keng, turli-tuman bilimlar, ma’lumotlar majmuasi bo’lib, u kishilarda
insonparvarlik ma’naviyatini shakllantirishga xizmat qiladi. Ma’rifat ma’naviyatga nisbatan ko’proq amaliy ishlar,
jumladan, maktabgacha tarbiya, maktab, o’rta maxsus va oliy o’quv yurtlaridagi o’quv-o’kituv ishlarini uyushtirish va
takomillashtirish bilan bog’liq.
Ma’naviyat esa ma’rifatga nisbatan keng qamrovli tushuncha bo’lib, o’z vazifalarini ma’rifatga suyangan holda
bajaradi, jamiyatning hamma sohalariga bevosita va bilvosita ta’sir etadi.
Ma’naviyat dunyoqarash negizidir. Kasb-kori, bilim darajasi, turmushdagi mavqyeidan aloqador bo’laveradilar.
Ma’naviyat jamiyat, millat va shaxsning butun ongli hayoti va faoliyati davomida shakllanib, boyib, takomillashib
boradi.
Yosh avlodni ma’naviy tarbiyalash avvalo oiladan boshlanadi. Oila mustahkam, tinch va farovon bo’lsagina, jamiyatda
barqarorlik vujudga keladi.
Ulug’ bobomiz Abu Nasr Farobiy: «Agar inson ezgulikka intilib yashasa, uning umri quvonchli va go’zal kechadi,
go’zal hayot esa xalq nazarida ham, xudo nazarida ham yuksakdir», degan edi.
Biz yoshlarni ma’naviy qadriyatlar asosida tarbiyalashimiz ular ongida ijobiy o’zgarishlarga ma’naviy va ruhiy jihatdan
katta kuch hisoblanadi.
O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng ta’lim-tarbiyaning mazmuni va mohiyatida, usullari va shukllarida jiddiy
«o’zgarishlar» ro’y beradi. Ta’lim-tarbiyada moddiy qadriyatlarni shakllantirish va rivojlantirish asosiy o’rinni egalladi.
Tariximiz, madaniyatimiz, milliy urf-odatlarga e’tibor kuchaydi. Haqiqatan ham, bugungi kunda O’zbekiston
mustaqilligini mustahkamlash va kelajakda istiqlol istiqbolini rivojlantirish, avvalo komil insonlarga bog’liq. Chunki
bunday insonlar tufayli fan va madaniyat, sanoat va qishloq xo’jaligi rivojlanadi. Zero, axloqiy madaniyat vazifalaridan
biri komil insonni voyaga yetkazish, uni tarbiyalashdan iborat.
Komil inson O’zbekiston mustaqilligini mustahkamlashda o’z e’tiqodi, g’ayrat-shijoati, madaniyati, bilimi va ularni
tatbiq etish mahorati bilan ajralib turadi. U jamiyatda, jamoada xalqlar va millatlar o’rtasida do’stlik, sog’lom turmush
tarzini yaxshilashga qaratilgan muhitni vujudga keltirishga intiladi.
Komil insonni shakllantirishda maktabda, oilada, sog’lom ma’naviy muhit barqaro bo’lishiga erishish muhim
ahamiyatga ega. Chunki sog’lom muhit natijasidagini axloqiy fazilatlar tarkib topadi.
Ota-onalar o’z farzandlarini komil insonlar qilib tarbiyalashi, ularda Vatanga muhabbat, mehnati va fidoyiligi bilan
o’zgalarga foyda keltirish, sadoqat, samimiylik kabi xislatlarni kamol toptirishga xizmat qiladi. Farzandlarimizning
bunday insonlar bo’lishida oilaning totuvligi, ota-onaning o’zaro mehr-muhabbati ham samarali ta’sir ko’rsatadi.
Kishi o’z hayotida axloqiy kamolotga qanchalik ko’p intilsa, shunchalik o’z xato-kamchiliklarini anglab boradi.
Turon zaminimiz xalqlari axloqiy tarbiya sohasida boy an’analarga ega. Axloqqa oid dastlabki fikrlar «Avesto»
kitobida, qadimgi bitiklarda va boshqa yozma manbalarda o’z ifodasini topgan. Bulardan tashqari, o’zbek xalqi
o’rtasidaa keng tarqalgan pandnomalar, o’gitlar va odobnomalarda, xalq pedagogikasida, falsafiy risolalarda, allomalar
merosida axloqiy masalalarga keng o’rin berilgan.
Hadisi shariflardagi axloqqa oid ibratli maslahatlar, hikoyatlar, asrlar davomida ajdodlarimiz hayotida tarkib topgan
milliy urf-odatlar, an’analar Beruniy, Forobiy, Ahmad Yassaviy, Amir Temur, Navioy, Bobur singari buyuk allamalar,
olimlar, yozuvchilarning axloq haqidagi ko’plab fikr-mulohazalari bugungi kunda ham oilaviy hayot uchun, har bir
inson uchun qadr-qimmatini yo’qotmagan muhim tarbiyaviy ahamiyatga molikdir. Jumladan, Amir Temur axloqi
husniya – yaxshi xulqlar egasi bo’lgan. U oqil va tadbirli sarkarnda sifatida odamlarni ishga tayinlashda ham,
vazifasidan ozod etishda ham shoshma-shosharlik va adolatsizlikka yo’l qo’ymagan, balki yetti o’lchab bir kesgan.
A.Temur singari jahon ma’naviyati saltanatida o’z o’rinlariga ega bo’lgan buyuk bobokalonlarimizning axloq, go’zal
xulq haqidagi fikrlari bugungi kun talabi bilan yozilgandek tuyuladi.
«O’g’illarim! Millatning ulug’ martabasini, saodatini saqlamoq uchun sizlarga qoldirayotgan vasiyat va tuzuklarni
yaxshi o’qing, aslo unutmang va tadbiq eting.
Millatning dardlariga darmon bo’lmok vazifangizdir. Zaiflarni qo’riqlang, yo’qsillarni boylar zulmiga tashlamang.
Adolat va ozodlik dasturingiz, rahbaringiz bo’lsin. Men kabi uzun saltanat so’rmok istasangiz, qilichingizni yaxshi
o’ylab chekingiz. Bir daf’a chekkandan so’ngra-da uni ustalik la qo’llangiz, orangizdan nifoq tuxumlari ekilmasligini
uchun ko’p diqqat bo’ling. Ularga sodiq qolsangiz tosh boshingizga tushmas».
3
Amir Temurning bu vasiyatlaridan uning o’z xalqiga cheksiz sodiqligini, millatini ulug’laganini, kamtarin,
adolat va ozodlik uchun kurashuvchan, axloqiy madaniyati yuksak inson bo’lganligini ko’rish mumkin. Shuningdek,
Ismoil Al Buxoriy «Axloqning yaxshi bo’lishi, taomning pokizaligi, rostlik va omonatga xiyonat qilmaslik shart,
dunyoviy ishlardan chetta qolgan bo’lsang ham zarari yo’qdir», - deb yozadi.
Urta Osiyo matafakkirlarining axloq haqidagi fikrlari, o’gitlari shunday uchga egaki, ular o’quvchilar qalbida insoniylik
urug’larining unib chiqishiga, katta hayot yo’liga olib chiqishga yordam qiladi, ma’naviy kuch-quvvat beradi. Xalqiga
va qarindosh-urug’lariga qulidan kelgan barcha yaxshiliklarni qilish, ularning hurmatini joyiga qo’yish kabi insoniy
fazilatlarni shakllantiradi. Bu esa iymonli, e’tiqodli, g’ururli, odobli shaxsni voyaga yetkazishning asosiy maqsadidir.
Shu bois biz uchun qadrli bo’lgan Abu Nasr Farobiy, Abu Rayxon Beruniy, Yusuf Xos Hojib, Abu Ali ibn Sino,
Alisher Navoiy kabi ulug’ mutafakkirlarning axloqiy qarashlari va qadriyatlaridan mustaqil O’zbekiston istiqlolini
mustahkamlada, o’quvchilarning axloqiy madaniyatini shakllantirishda, kundalik turmushimizda keng foydalanishimiz
maqsadga muvofiqdir.
Shuni aytish kerakki, xalqimiz axloq-odobni qadimdan ulug’lab kelgan. Chunki axloq-odob insonga husn, latofat
bag’ishlagan. O’rta Osiyo mutafakkirlari o’z asarlarida axloqiy g’oyalarni doimo tarannum etib, xalqni oriflik, fozillik,
komillik darajasiga ko’tarishga chorlaganlar. Bu borada Abu Nasr Farobiyning ijodi diqqatga sazovordir.
Farobiyning ijodini o’rganish o’qituvchilarning axloq, ta’lim-tarbiya sohasida olib boradigan ishlariga keng
imkoniyatlar yaratadi.
Farobiy inson axloqi haqida gapirar ekan, uning xislatlarini qo’yidagicha ta’riflaydi:
1.
Bunday odamning barcha a’zolari shu darajada mukammal taraqqiy etgan bo’lishi zarurki, u bu a’zolari
bilan bajarmoqchi bo’lgan barcha ishlarini osonlik bilan amalga oshira olsin;
2.
Barcha masalani, muhokama va mulohazani tezdan va to’g’ri tushuna oladigan, uning ma’nosini anglay
oladigan so’zlovchining maqsadi, aytilgan fikrining chinligi tezda payqay oladigan bo’lsin;
3.
Xotirasi juda baquvvat bo’lsin, ko’rgan, eshitgan, sezgan narsalarining birortasini ham esidan chiqarmay,
yodda saqlab qoladigan bo’lsin;
4.
Zehni shu darajada tez va o’tkir bo’lsinki, biror narsaning alomatini sezish bilan bu alomat nimani
bildirishligini tezda bilib olsin;
5.
So’zlari aniq bo’lsin, fikrini va aytmoqchi bo’lgan mulohazalarini ravon va ravshan bayon eta olsin;
6.
Bilish va o’qishga muhabbatli bo’lsin, o’rganmoqchi bo’lgan bilimini charchashni sezmasdan osonlik bilan
o’zlashtira olsin;
7.
Ovqatlanishda, ichimlik iste’mol qilishda ochko’z bo’lmasin, tabiati qimor o’yinlarini o’ynashdan uzoq
bo’lsin va ular keltiradigan xursandchilikdan jirkanadigan bo’lsin;
8.
Haqiqatni va haqiqat tarafdorlarini sevadigan bo’lsin, yolg’on va yolg’onchilarga nafrat bilan qaraydigan
bo’lsin;
9.
Ruhining g’ururi va vijdonini qadrlaydigan bo’lsin, uning ruhi va o’z tabiati bilan past ishlardan yuqori va
oliy janob ishlarga ishlatiladigan bo’lsin;
10.
O’z tabiati bilan adolatni sevadigan va adolat uchun kurashuvchilarga, adolatsizlikni, jabr, zulm
o’tkazuvchilarga nafrat bilan qaraydigan bo’lsin, o’z odamlari va boshqalarga adolatli bo’lsin, go’zal va yaxshi
hisoblangan narsalarni barchaga taqdim etgan holda odamlarni adolatga targ’ib etadigan, adolatsizlik oqibatlarini
yuqotadigan, ularga yo’l quymaydigan bo’lsin;
11.
Adolatli bo’lsin, ammo qaysar bo’lmasin, adolat oldida qaysarlik qilib, o’zbilarmonlikka berilmasin, lekin
har qanday adolatsizlik, pastkashlik oldida lafzli bo’lsin, o’zi zarur deb bilgan narsasini amalga oshirishda qat’iylik
ko’rsatsin: qo’rqmas, jasur bo’lsin, qo’rquv va ojizlikni bilmasin.
Forobiyning fikricha insonning axloqli, saxovatli va aql-idrokli bo’lishida bilimlarni egallash muhim ahamiyatga
egadir. Inson bilimi orqaligina o’z maqsadiga erisha oladi.
Abu Nasr Forobiy «Insoniy vujuddan maqsad – eng oliy baxt-saodatga erishuvidir; avvalo u baxt-saodat – nima va
nimalardan iborat ekanligini bilish, unga erishuvni o’ziga g’oya eng oliy maqsad qilib olishi, butun vujudi bilan maftun
bo’lishi kerak. Keyin u baxt-saodatga olib boradigan ish, amal va vositalarning nimalardan iborat ekanligini bilib olishi
zarur. So’ngra esa baxt-saodatga erishtiradigan ishlarni shaxsan bajarishga kirishmog’i lozim bo’ladi», deb ta’kidlaydi.
Forobiy axloqiy madaniyatning fazilatlaridan hisoblangan saxovat masalasiga alohida e’tibor bergan. U o’z
zamonasidagi adolatsizliklarga befarq bo’lmagan. Buyuk allomaning ta’kidlashicha, kishilar o’rtasidagi o’zaro yordam,
do’stona va qardoshlik munosabatlari, saxovatli bo’lish, ozodlik, rohat, farog’at kalitidir.
Ibn Sino insonning umumiy fazilati, kishilarda yaxshi va yomon xulqlarning paydo bo’lish sabablarini «Olloh haqida
risola» asarida ko’rsatib o’tadi. Olim bu asarida yaxshi va yomon xulqlar odamlarning odatidan, hukumat ahillarining
salbiy ta’siridan paydo bo’lishini ta’kidlaydi. Abu Ali ibn Sinoning ma’naviyat va axloq haqidagi qarashlari uning shoh
asarlari bo’lmish «Tib qonunlari», «Ash-shifo» va boshqa asarlarida ham o’z ifodasini topgan.
Ibn Sino ta’limotiga ko’ra, odamga do’st tutinishning uch xil yo’li bor: «birinchidan, har qanday qiyinchilik bo’lishiga
qaramay, kishi o’z do’stini falokatdan qutqarishini, ikkinchidan, g’oyaviy yaqinlik va dunyoqarashlar umumiy bo’lgan
chinakam va doimiy do’stlikni va uchinchidan esa kishining mansabi, puli yoki mavqyeiga qarab o’zining shaxsiy
manfaatini qondirish ko’zda tutilgan do’stlik bo’ladi».
O’rta Osiyo mutafakkirlaridan biri Yu.X.Hojibning asarlarida ham ma’naviy madaniyat keng o’ring egallagan.
Mutafakkir «Qutadg’u bilig» dostonida hokim bilan xalq o’rtasidagi o’zaro munosabatlar masalasiga e’tibor beradi.
Uning fikricha, agar beklar tabiatan ezgu bo’lsalar barcha fuqarosi boyiydi, olam guliston bo’ladi, shuningdek: «hamma
4
narsaning qoidasi, tartibi, ta’limi bor, tartib, odob qoidalarini to’g’ri tutsa, kishining yuzi yorug’ bo’ladi» deb
ta’kidlaydi.
Inson kamolotining fazilatlaridan hisoblangan adolat tushunchasi va adolat tuyg’usi Alisher Navoiy donishmandligining
asosini tashkil etadi. uning fikricha, ongning mavjudligi adolatning mavjudligidir. Adolatsiz ong ong emas. Insoniyat
tirikligining davomiyligini ta’minlaydigan birdan-bir narsa ham adolatdir.
Axloq g’oyasi bolaning ma’naviy tarbiyasi va yetukligining asosi hisoblanadi.
«Odobli inson barcha odamlarning yaxshisidir va barcha xalqlar uchun yoqimlidir. U mansabdor kishilardan go’zalroq
va badavlat odamlardan hurmatliroqdir. Odobli odam o’z tengdoshlari orasida ham tahsinga sazovor bo’lib, hyech
qanday ehson bermay, kattadan-kichik, hammani shod qiladi, hyech qanaqa hadya qilmay kishilarning g’amini
tarqatadi.
Odob – kichik yoshlilarni kattalar duosiga sazovor etadi, yoshlar u duo barakasidan umrbod bahramand bo’ladilar.
Odob – ulug’lar kunglida yoshlarga mehr uyg’otadi va u odobli yoshga bo’lgan muhabbat kunglida abadiy qoladi.
Yoshlarni ko’pga ulug’ qilib ko’rsatadigan fe’l-atvor odobdir, odoblilarning yurish-turishida xalq ulug’vorlik ko’radi.
Odob – kishilar tarafidan qilinishi mumkin bo’lgan hurmatsizlik eshigini berkitadi va odamni hazil-mazaxdan,
kamsitishdan saqlaydi. Odob – odam tabiatiga insoniylik baxsh etadi.
Odob – mehr-muhabbatning zeb-ziynatidir, odobsizlik – do’stlikka putr yetkazadi. Odob do’stlik oynasiga jilo beradi va
ikki oraga yorug’lik bag’ishlaydi.
Odob – urug’ini ekkan odamning hosili javohir bo’ladi. Odobli va go’zal xulqli odamlar ko’payaversa, xalqning
do’stligi, ularning bir-biriga bo’lgan mehr-muhabbati borgan sari rivoj topadi. Agar kishi odob kabi xulqqa ega bo’lsa,
o’zi ham xalqning hurmatiga sazovor bo’ladi. Do’stlar orasida shu kabi suhbat va shu yo’sinda hamjihatlik bo’lsa,
qanday yaxshi. Bunday aql, ittifoq, muhabbatli, odobli bo’lish do’stlar uchun baxtiyorlikdir».
Shunday qilib,O’rta Osiyo allomalarining bizga qoldirgan ma’naviy va moddiy qadriyatlari mazmunan boy va shaklan
g’oyat rang-barangdir. Xalqimiz tarixida ma’naviy madaniyat ta’limoti doimo rivojlanib takomillashib borgan. XVI-XX
asrlar davomida unga salmoqli hissa qo’shgan Turdi, Mashrab, Gulxaniy, Munis Xorazmiy, Muqimiy, Furqat, Abdulla
Avloniy, Shakuriy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Behbudiy va Avaz O’tar kabi qator ilg’or shoir va allomalar haqida
ko’p mulohazalar bayon qilish mumkin.
O’rta Osiyo mutafakkirlarining axloq, odob haqidagi fikrlarini, qoldirgan ma’naviy qadriyatlarini o’rganishning amaliy
ahamiyati shundan iboratki, unda axloqiy odob madaniyatidan tashqari xalqimizning qadimiy urf-odatlari va udumlari,
an’analari ham yaxshi yoritilgan.
Tarixning guvohlik berishicha, har bir xalq va millat o’zlarining iptidoiy davrida, o’zligini namoyon qilishga,
milliyligini saqlab qolishga va uni toboro rivojlantirib borishga harakat qilib kelganlar. Tarbiyaning bunday
ko’rinishlari va uning o’ziga xos shakllari xilma-xildir. Shu o’rinda milliy qahramonimiz Spitamenning vatanparvarlik
yo’lida olib borgan mardonavor kurashlari yuqoridagi fikrimizga dalil bo’la oladi.
Ilm-fanda mo’jizalar yaratgan Al Xorazmiy, Forobiy, Ahmad Farg’oniy, Ibn Sino, Beruniy va boshqa ko’plab
ajdodlarimiz qaysi zaminda yashamasin, qaysi tilda asarlar yaratmasin, o’z elini, urf-odatlarini unutmaganlar, doimo
«o’zbek» degan nomni ulug’laganlar.
Milliy an’analarimizni o’rganishda Mahmud Qoshg’ariy va Yusuf Xos Hojib singari mashhur siymolarning ham
xizmatlari beqiyosdir.
Amir Temur, Mirzo Ulug’bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abulg’ozi Bahodirxon, Nodirabegim,
Usmon Nosir, Abdulla Qodiriy kabi yorqin siymolarning sa’y-harakatlarini aytmaysizmi?! Haqiqatdan ham, bu davr el-
yurtimiz tarixini, madaniyatini va san’atini o’rganishning oltin davrini tashkil etadi.
Har bir xalqning ana shu ulkan ma’naviy qadriyatlari chuqur tomir otib ketgan o’q ildizlari bilan jahon madaniyatida
o’ziga xos o’rin tutadi.
Turkiston qadim-qadimdan hunarmandchiligi, pazandachiligi, dehqonchiligi, ilm-fani, san’ati va adabiyoti, bir so’z
bilan aytganda ma’naviyati yuksakligi jihatidan olamga mashhurdir. Mehnatsevarlik, yerga mehr quyish, kasbiga ixlos,
mehmondo’stlik, mehr-shafqatlilik, odamgarchilik, ota-onaga hurmat, kattalarni siylash, aka-uka, opa-singil, qarindosh-
urug’lar o’rtasidagi mehr-oqibat, peshona teri evaziga topilgan risq-nasibaga qanoat qilib yashash, beva-bechoralarga
muruvvatlilik xalqimizga xos odatlardir. Bu urf-odat, an’ana va marosimlarda xalqimizning qator noyob fazilatlari,
insonparvarlik xislatlari mujassam.
Odat - xalqlarning ichki munosabatlarini tartibga soluvchi mezon va an’analar majmuasi. «Odat» so’zi udum, urf,
an’ana va marosim tushunchalari o’rnida qo’llaniladi.
Marosim esa odatning amaliy ko’rinishidir. O’zbek xalqi juda ham boy xilma-xil odat va an’analarga ega.
Milliy urf-odatlar, an’analar tarixiy-ijtimoiy kategoriya bo’lib, ular muayyan millatning tarixiy taraqqiyoti jarayonida
avloddan-avlodga o’tib kelgan ishlab chiqarish, tirikchilik, maishat, xulq-atvor va boshqalarda o’ziga xoslikka ega
bo’lib, rasm-rusumga aylangan munosabatlardir. Urf-odatlar asrlar davomida yashab, kishilarning axloqiy normalariga
aylangan holda, ularning qon-qoniga, hatti-harakatiga, kundalik turmushi shakllariga singib ketgan.
Kishilarning o’z xalqi urf-odatlari va an’analariga amal qilmasliklari xalq qadriyatlarini bilmaslikka olib keladi. Chunki,
har bir milliy urf-odatlarimiz, an’analarimiz negizida milliy ruh, ma’naviyat, qadr-qimmat kabi ulug’ insoniy fazilatlar
yotadi.
O’z qadr-qimmatini bilish kishini xudbinlikdan saqlaydi, o’zini boshqalar tomonidan kamsitilishiga yo’l qo’ymaydi.
Shuningdek, o’z qadr-qimmatini, izzat-nafsini hurmat qiladigan inson o’zgalarni hurlamaydi, u faqat yaxshilik qilishni
o’ylaydi.
5
Inson bolasi yoshligidan yaxshi va yomon odatlarning qaysinisiga ko’nikib, o’rganib qolgan bo’lsa, bu odat uni bir umr
tark etmaydi. Shuning uchun ham xalqimizda, «O’rgangan ko’ngil o’rtansa qo’ymas» kabi maqollar bor.
XX asr boshlarida pedagogik fikrlar tarqqiyotining asoschisi A.Avloniy axloqni shunday ta’riflaydi: «Insonlarni
yaxshilikka chaqiruvchi, yomonlikdan qaytarguvchi bir ilmdir. Yaxshi xulqlarning yaxshiligini, yomon xulqlarning
yomonligini dalil va misollar bilan bayon qiladurgan kitobni axloq deyilur.
Axloq ilmini o’qub, bilib amal qilgan kishilar o’zining kim ekanini, janobi haq na uchun xalq qilganin, yer yuzida nima
ish qilmoq uchun yurganin bilur. Bir kishi o’zdan xabardor bo’lmasa, ilmni, ulamoni, yaxshi kishilarni, yaxshi
narsalarni, yaxshi ishlarning qadrini, qimmatini bilmas. O’z aybini bilib, iqror qilub, tuzatmoqqa sa’y qilgan kishi chin
bahodir va pahlavon kishidir.»
O’zbekistonning mustaqilligi tufayli ma’naviy tarbiya mazmunini tashkil etuvchi xalqimizning milliy ruhiyati, yuksak
insoniy fazilatlari, ma’naviyati, ezgu orzu-umidlari yorqin ifodasini topishi uchun keng imkoniyatlar paydo bo’ldi.
yangi shakllanib kelayotgan mustaqil O’zbekiston davlatining asosiy maqsadi – jamiyatni ma’naviy yuksaltirish,
madaniyatli – barkamol insonni tarbiyalash, yoshlarda ma’naviy madaniyatni shakllantirishdir.
Savol va topshiriqlar
1.
Olam va dunyoqarash tushunchalarini ta’riflang.
2. Pedagogika(ma’rifat)-kasbiy
etuklikka etaklash omili deganda nimani tushunasiz?
3.O’zbek pedagogikasida ma’rifiy qadriyatlarning tutgan o’rni.
4.Ta’lim, tarbiya va shaxs kamoloti jarayonlarining o’zaro munosabati haqida nimalarni bilasiz?
Ma’rifiy fikrlar taraqqiyoti va ularning tarixiyligi
1.Jahon ma’rifiy fikrlarining tarixiy-pedagogik tahlili.
2.O’zbekiston hududida eng qadimgi davrdan mustaqillikgacha bo’lgan davrlarda ma’rifiy fikrlar taraqqiyoti
3. Rivojlangan xorijiy mamlakatlarda ta’lim-tarbiya
Tarixiy taraqqiyotning keyingi davrlariga kelib, ibtidoiy jamoa tuzumi o’rnini yangi ijtimoiy foyrmasiya –
quldorlik tuzumi egalladi. Qadimiy Sharqda birinchi sinfiy jamiyatlar paydo bo’ldi hamda moddiy va ma’naviy
madaniyatga asos solindi. Ayniqsa, Qadimgi Yunoniston (Gretsiya) xalqlari bu madaniyatni ma’lum darajada qabul
qilib, uni qaytadan rivojlantirdi va butun jahon madaniyatiga, maorifiga o’zining ulkan hissasini qo’shdi.
Darhaqiqat, tarixiy taraqqiyot davomida turli mamlakatlar va xalqlar jahon madaniyatiga turlicha hissa qo’shganlar.
Masalan, Xitoyda birinchi marta qog’oz ixtiro qilingan. Hindistonda hisoblashning o’nlik sistemasi kashf etilgan.
Mesopotamiyada esa yer kurrasini graduslarga, sutkani soatlar, minutlar va daqiqalarga bo’lish o’ylab topilgan
(graduslar ham, soatlar ham hisoblashning oltilik tizimiga asoslangan).
Eramiz boshlanishidan oldin Markaziy Osiyoning janubiy chekkasiga yaqin bo’lgan joyda O’rta dengiz bilan
Hindistonni birlashtiruvchi karvon yo’li qurilgan. So’ngra Markaziy Osiyo orqali Xitoyda O’rta dengizga tomon
«Buyuk ipak yo’li» ochilgan. Natijada Markaziy Osiyo xalqaro savdo-sotiq markazi bo’lib qolgan. Bu esa o’z navbatida
Markaziy osiyo vohalarida madaniyatning rivojlanishiga ta’sir ko’rsatgan. Ayniqsa, qadimgi Bnonistonda madaniyat,
tarbiya, maktab va dastlabki pedagogik fikrlar boshqa qadimiy Sharq mamlakatlariga nisbatan juda erta rivojlangan.
Yunoniston unchalik katta bo’lmagan bir qancha quldorlik davlatlaridan iborat mamalakat bo’lgan. Uning eng katta
shaharlaridan Lakoniya (poytaxti Sparta) va Attika (poytaxti Afina) ayniqas madaniyat markazi bo’lishi bilan o’ta
mo’tabar edi. Bu shaharlarning har qaysisida tarbiyaning boshqa mamlakatlaridan farqli alohida tizimi vujudga keldi.
Va bu tarbiya tizimi shaharlar nomi bilan yuritilib «Sparta» va «Afina» usulidagi tarbiya deb yuritiladigan bo’ldi. Har
ikkala shaharning iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotidagi ba’zi bir xususiyatlar hamda madaniyat darajasi turlicha
bo’lganligi tufayli har ikki tizim bir-biridan tubdan farq qilar edi. Ammo ikkala davlatda ham quldorlik tuzumi hukmron
edi. Shuning uchun ham bu davlatlarda ijtimoiy tarbiya tizimi quldorlarning bolalari manfaatini ko’zlar edi.
Tarbiya ishlari davlat ixtiyorida bo’lib, uning asosiy maqsadi spartaliklarning bolalarini baquvvat, jismoniy sog’lom,
bardoshli, chiniqqan jangchilar qilib tarbiyalashdan iborat bo’lish bilan birga bo’lajak quldorlarni ham tarbiyalashni
nazarda tutar edi.
Spartaliklar bolalari 7 yoshgacha uyda yashar, keyin «agella» deb ataluvchi aloxida davlat tomonidan tashil
etilgan tarbiya muassasasiga joylashtirilar va 18 yoshga yetgunicha ularga ana shu muassasalarda ta’lim-tarbiya berilar
edi. Bu muassasalarning rahbarlari davlat tomonidan obro’li, taniqli kishilardan tayin qilinar edi. Bunday kishilar
«pedonom» deb atalib, butun tarbiyaviy ishga rahbarlik qilardi. Ayniqsa, o’smirlar tarbiyasiga alohida e’tibor beriladi.
Ular jismoniy sog’lom bo’lishi uchun turli mashqlar bilan chiniqtirilar, sovuqqa, ochlikka va chanqoqlikka chidashga,
og’riqqa bardosh berishga ham o’rganib borilardi. Ta’lim jarayonining asosiy qismini harbiy gimnastika mashqlari
egallar edi. Bu bilan yosh spartalilarni yugurishdan, sakrashdan, disk va nayza oat bilishdan, kurashish va qo’l bilan
jang qilish usullaridan saboq berilardi. Shuningdek, harbiy tusdagi maxsus o’yinlar ham o’rgatilardi. Spartaning kelajak
vorislari jismoniy baquvvat, hyech narsadan qo’rqmaydigan, botir jangchi, o’z vatanini, xalqini har qanday ofatdan
himoya qila oladigan bo’lib yetishardi.
Qadimgi Gresiyadagi tarbiyaviy ishlar shunisi bilan o’ziga xos ediki, unda bolani nafaqat jismoniy chiniqtirishgina
emas, balki ma’naviy tomondan ham barkamol bo’lishi nazarda tutilardi. Unda asosan bolalarga musiqa, ashula va diniy
raqslar ham o’rgatilgan. Bu mashg’ulotlarning mazmuni jangovor hamda harbiy tusda bo’lgan.
Qadimgi grek tarixchisi, faylasuf olimi Plutarx Sparta maktablaridagi ta’lim-tarbiya haqida gapirib shunday deydi:
«O’qish va yozish – bolalarga faqat ularning eng zaruri o’rgatilar edi, tarbiyaning qolgan qismi esa bitta maqsad: hyech
so’zsiz itoat qildirishni, chidamli bo’lishni va yengish ilmini o’rgatishni ko’zda tutadi».
6
Spartada qizlar tarbiyasiga ham alohida e’tibor berilgan, ya’ni ular ham harbiy va jismoniy tarbiya malakalari bilan
qurollantirib borilgan. Bunday maqsad erkaklar qullar qo’zg’olonini bostirmoq uchun urushga ketgan vaqtlarida qizlar,
ayollar shaharni, uy-joyni qo’riqlash maqsadida qurollanib qo’riqchilik vazifasini o’tar, qullarni esa itoat saqlashini
ta’minlar edilar.
Qadimgi Gresiyaning ikkinchi bosh shaharlaridan biri Afinada esa hayot, tartib, intizom, maktab tizimi va
undagi ta’lim-tarbiya spartanikidan butunlay farq qilar edi. Chunki Afinadagi iqtisodiy xayot Spartadagi singari
cheklanib quyilgan emas edi. Qullar xususiy mulk hisoblanar edi.
Afinada eramizdan ilgarigi V-VI asrlarda madaniyat barq urib o’sdi. Dunyoqarashning keyingi hamma turlari Grek
falsafasining xilma-xil shakllarida kurtak holida namoyon bo’ldi. ayniqsa, tabiyot ilmi, matematika, tarix, san’at, ajoyib
grek me’morchiligi va haykaltaroshligi taraqqiy qildi.
Afinada eng ko’rkam va barkamol inson deb ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan yetuk kishini o’zlarining «ideali»
deb hisoblar edi.
Afinada dastlab bolalar (7 yoshdan 13-14 yoshgacha) «gramma tist», (grammatika mutaxassisligi demakdir, savod
o’qituvchisi ma’nosida) va «kifarist» (grekcha muzika demak, muzika o’qituvchisi ma’nosida) maktablarda (yoki shu
maktablarning ikkovida ham, yo bo’lmasa avval grammatist maktabida, so’ngra esa kifarist maktabida)o’qitilar edi. Bu
maktablar xususiy bo’lib, haq to’lanar edi. Shuning uchun ham puli yo’q (demos deb atalgan) fuqarolarning bolalari bu
maktablarda ta’lim ololmas edi.
Bu kabi maktablarda «didaskol» deb atalgan o’qituvchilar mashg’ulot olib borar edilar. (Men o’qitaman degan
ma’nodagi «didasko» so’zidan keyinroq «didaktika» - ta’lim nazariyasi kelib chiqqan).
O’g’il bolalarni maktabga qullar yetaklab borishgan. Bunday qo’llar «pedagog» deb atalgan («pays» bola, «agogeyn» -
yetaklab borish degan so’zlardan olingan).
Afinadagi grammatist maktabidagi ta’lim-tarbiyaning mazmuni o’qish, yozish va hisoblashni o’rgatishdan iborat
bo’lgan.
O’qish harflarni hijjalab o’qitish usulida olib borilib, bolalar harflarning nomlarini (alfa, beta, gamma, va
hokazo) yodlab olar, so’ngra shu harflarni qo’shib bo’g’inlar yasar, bo’g’inlarni qo’shib so’zlar yasardilar. Yozuvni
o’rgatishda mum surilgan yaltiroq taxtachalardan foydalanilar edi. Bunday taxtachalarga ingichka cho’p bilan harflar
yozilar edi. Barmoqlar, sopolak toshlar va sanoq taxtasi (hozirgi cho’tga o’xshash asbob) yordami bilan hisoblash
o’rgatilar edi. Kifarist maktabida o’g’il bolalar adabiy bilim, estetik mazmundagi deklomasiyalar o’rgatilar («Iliada» va
«Odessiya» dan parchalar o’qitilar) edi.
Yunonistonda maktab va madaniyatning tez rivojlanishi pedagogik nazariyasining ham tug’ilishiga imkon yaratadi.
Pedagogik nazariyasiga olim va faylasuflardan Sokrat, Platon, Arastu va Demokritlar asos soldilar.
Ular pedagogika sohasidagi dastlabki qarashlarini jamoat oldida so’zlagan nutqlarida, ilmiy asarlarida bayon etdilar.
Sokrat (eramizdan avvalgi 469-399 yillar) o’zining demokratik ijtimoiy chiqishiga qaramay (u kambag’al hunarmand
o’g’li edi), kanservativ zamindor aristokratlarning ideologi edi. Bu albatta uning falsafiy va pedagogik qarashlarida o’z
aksini topdi. Sokratning fikricha tarbiyadan kutilgan maqsad, buyumlar tabiatini o’rganish bo’lmay, balki kishining
bilib olishi, axloqni kamol toptirishi bo’lmog’i lozim edi. Ham faylasuf, ham notiq Sokrat keng maydonlarda, jamiyat
oldida so’zlarga chiqib axloqqa doir masalalar yuzasidan suhbatlar o’tkazar, tinglovchilarni savol-javob yo’li bilan
haqiqatni o’zlari uylab topishlariga undar, shu yo’l bilan odamlarni haqiqatni izlashga o’rgatar edi. Suhbatning bu usuli
o’sha paytda «Sokrat usuli» deb atalgan. «Sokrat usuli» dan keyingi davrlar uslubiyatida suhbatni «fikr qo’zg’ovchi
savollar usuli» nomida o’tkazish paydo bo’ldi.
Umuman Sokrat yaratgan axloqiy etika maktabi umumiy fazilat, bir qator xususiy fazilatlardan, ya’ni jasurlik, donolik,
mo’tadillik, adolat va boshqalardan tashkil topdi. U har bir fazilatning u yoki bu turdagi bilimlardan iborat ekanligini
asoslab berdi. Ya’ni, mardlik – qo’rquvni daf qilishni, donolik – qonunlarga rioya qilishni, mo’tadillik – o’z
hissiyotlariga erk bermaslik, adolat – yaxshilikni qanday qanday qilib amalga oshirishni o’rgatadi, deb ta’lim berdi. Shu
sababli u odamni fazilatli hayotga o’rgatishdan oldin, inson eng avvalo umumiy etika mezonlarini, inson uchun
muqaddas bo’lgan barchaga xos umumiy fazilatlarni bilishi zarur, deydi. Shuningdek, u – kimgaki olijanob insoniy
fazilatlarni bilish ravo ko’rilgan bo’lsa, ana shu odamgina yaxshi fazilatni ko’rsata olishi mumkin deyish bilan, fazilat
va bilimni aynan bir narsa deb saboq beradi. Uning fikricha, insonlardagi fazilat, ya’ni axloqiy fazilatlar fan tufayli,
ta’lim berish bilan qo’lga kiritilganligi sababli, axloqiy rivojlanish axloq asosini tashkil etar ekan.
Qadimgi Gresiyaning mashhur faylasuflaridan yana biri Platon eramizdan ilgari (424-347 yillar) – idealist
faylasuf Sokratning shogirdi, obyektiv idealizm nazariyasining asoschisi edi. U «g’oyalar dunyosi ni birlamchi, his
qilinuvchi narsalar dunyosini ikkilamchi deb hisobladi.
Platon tanadan tashqarida mavjud bo’lgan narsalar haqidagi nazariyani olg’a surdi va bu tanadan tashqarida bo’lgan
narsalarni «tur» yoki «ideyalar» deb atadi.
Platon odamni hodisalar dunyosi deb ikkiga bo’lib o’rgandi. Uning nazarida, narsalar ideyalar olamining soyasidir,
xolos.
Platonning fikricha, bolalar 3 yoshdan boshlab 6 yoshgacha davlat tomonidan tayinlab quyilgan tarbiyachilar
rahbarligida maydonchalarda turli o’yinlar o’ynash bilan shug’ullanishlari muhim bo’lgan. Platon o’yinlarni
maktabgacha tarbiya vositasi deb hisoblab, ularga katta ahamiyat beradi, shuningdek, bolalarga hikoya qilib beriladigan
materiallarni sinchiklab tanlash kerakligini ham uqtirib o’tadi. U bolalarga eng yoshlik chog’idanoq ijtimoiy tarbiya
berish tarafdori edi.
Bolalar 7 yoshdan 12 yoshgacha davlat maktablariga qatnaydalir va bunday maktablarda ularga o’qish, yozish, hisob,
musiqa va ashula o’rgatiladi.
7
Bolalar 12 yoshdan 16 yoshgacha odatdagi badantarbiya mashqlari o’rganiladigan palastrada, ya’ni jismoniy
tarbiya maktabida o’qiydilar. Palastrani tamomlagan o’spirinlar 18 yoshgacha hisob, geometriya va astronomiyani
o’rganadilar, bunda ko’proq amaliy maqsadlar (ularni jangchilar qilib tayyorlash) ko’zda tutilgan. 18 yoshdan 20
yoshgacha yigitlar «Efebiya»da tarbiyalanadilar, ya’ni harbiy gimnastika tayyorgarligini o’taydilar. Aqliy mashg’ulotga
mayli bo’lmagan yigitlar 20 yoshdan boshlab jangchilar qatoriga o’tadilar. Abstrakt tafakkurga qobiliyati borligi ochiq
ko’ringan yoshlar, ya’ni yigitlarning ozroq qismi 30 yoshga qadar falsafa, shuningdek, hisob, geometriya, astronomiya
va musiqa nazariyasini o’rganish bilan shug’ullanib, shu tariqa ilm olishning uchinchi, oliy bosqichini o’tadilar, ammo
bunda amaliy maqsad ko’zda tutilmasdan, balki falsafa – nazariyani mukammal o’rganish ko’zda tutiladi. Shu tariqa
ular davlat mansablarida ishlashga tayyorlanadilar. Iste’dodi g’oyat o’tkir ekanligi ma’lum bo’lgan va juda ozchilikni
tashkil etgan yigitlar falsafa ilmini o’rganishni yana 5 yil (35 yoshga qadar) davom ettiradilar, shundan so’ng 35 dan 50
yoshgacha davlatni boshqaruvchi kishilar bo’lib qoladilar.
Platoning shogirdi bo’lgan, makedoniyalik Iskandarni tarbiyalagan, qadimgi Gresiyaning eng yirik idealist-faylasufi va
olimi Arastu (eramizdan ilgarigi 384-322 yillar) ning pedagogika nazariyasini yaratishdagi va uni rivojlantirishdagi
xizmatlari juda ulkan.
Platon olamni g’oyalar dunyosi va hodisalar dunyosi deb ikkiga bo’lgan bo’lsa, uning shogirdi Arastu olamni yaxlit deb
bildi va narsalarni o’zidan ajratib bo’lmaydi, dedi. Arastuning aytishicha, g’oyani shaklga o’xshatish mumkin. Har
qanday buyumda biz uning moddasini va shaklini ko’rishimiz mumkin. moddada narsalar bo’lishi uchun imkoniyatlar
bor; modda biron shakl olganidan so’nggina narsa bo’lib qoladi. Chunonchi, marmarning o’zi bir moddadir, ammo unga
ma’lum shakl berilsa, haykal tusini olishi mumkin.
Butun hayot taraqqiyot jarayonidir, bu jarayon Arastuning fikricha, tashqi kuchlarning ta’siri ostida sodir bo’lmaydi,
balki ichki taraqqiyotning o’zidir. Arastu tashqi olamning mavjudligiga shubha qilmaydi va hissiy tajribani, sezgilarni
bilishning asosi deb hisoblaydi. Arastuning ta’kidlashicha, bilishdagi xatolar noto’g’ri tafakkurdan, ya’ni hissiy tajribani
noto’g’ri talqin qilishdan kelib chiqadi. Eng muhimi shundaki, Arastu shakl bilan mazmunning birligini ko’rsatib o’tdi,
taraqqiyot g’oyasini olg’a surdi.
Arastu olamda tana va jon bor, tana bilan jon materiya bilan shakl tariqasida bir-biridan ajralmagan holda
mavjuddir, deydi. Uningcha, uch xil jon bor: o’simlikdan tarkib topgan jon oziqlanishda va urchib ko’payishda
namoyon bo’ladi; hayvonotdan tarkib topgan jon, o’simlik xossalaridan tashqari sezgilarda va istaklarda namoyon
bo’ladi; aqlning ifodasi bo’lgan jon, o’simlik va hayvonot xossalaridan tashqari, u tafakkur yoki bilish xislatlariga ham
egadir. Insondagi jonning hayvoniy qismi aqlga tobe bo’lganligi sababli, uni iroda deb atash mumkin.
Arastuning fikricha, jonning mana shu uch xiliga muvofiq uch xil tarbiya – jismoniy tarbiya, axloqiy tarbiya, aqliy
tarbiya bo’lishi kerak. Tarbiyaning maqsadi, uning fikricha jonning oliy tomonlarini – aql va irodani kamol toptirishdan
iborat edi. Har bir moddada rivojlanish imkoniyati bor bo’lganidek, insonga ham tabiat faqat qobiliyatlarning
boshlangichinigina beradi, insonda kamol topish imkoniyati tabiatda mavjuddir va bu imkoniyat tarbiya vositasi bilan
ro’yobga chiqariladi. Tabiat jonning uch xilini bir-biri bilan chambarchas bog’lab qo’ygan, biz ham tarbiyada tabiat
belgilab bergan yo’ldan borib, jismoniy, axloqiy va aqliy tarbiyani bir-biri bilan chambarchas bog’lab olib borishimiz
lozimligini uqtiradi.
Arastu pedagogik tarixida birinchi bo’lib, yoshni davrlarga bo’lishga urinib ko’radi. U insonning yoshlik yillarini uch
davrga bo’lib o’rganadi: 7 yoshgacha bo’lgan davr; 7 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan davr (jismoniy balog’at davrining
boshlanishi) va jinsiy balog’at davrining boshlanishidan 21 yoshgacha bo’lgan davr. Uning fikricha, bunday davrlarga
bo’lish tabiatga mos bo’lib tushadi.
Atomizm nazariyasini yaratgan atoqli faylasuf – materialist Demokritning qarashlari (eramizdan avvalgi 460-
370 yillar) qidimgi yunon falsafasining cho’qqisidir. Demokrit o’z asarlarida yuqorida nomlari qayd etilgan mutafakkir
faylasuflar kabi tarbiya masalalariga ko’p e’tibor beradi. Uo’z nazariyasida tabiat qonunlariga, xurofotni va qo’rquvni
yemirib tashlaydigan chinakam bilimlarga murojaat qiladi.
Demokrit, «xudolarning irodasi» degan gaplar odamlar o’ylab chiqargan uydirmadan boshqa narsa emas, deb hisoblab,
xudolarga ishonishni rad etadi.
Demokrit tarbiyani tabiatni tabiatga muvofiqlashtirish masalasini birinchi bo’lib ilgan surdi. «Tabiat bilan tarbiya bir-
biriga o’xshaydi» deb yozadi u. Demokrit «ta’lim mehnat asosidagina go’zal narsalarni hosil qiladi», deb tarbiya ishida
mehnatning roli juda katta ekanligini ta’kidlaydi.
G’arbiy Yevropa mamlakatlarida feodalizm V asrdan XVIII asrlargacha davom etdi.
O’rta asrlarda katta kuchga ega bo’lgan katolik ruhoniylari barcha imkoniyatlardan foydalanib, ma’rifatga qarshi kurash
olib bordilar. Fan dinga xizmat qilar edi. Natijada fan sohasida ijodiy fikrning o’sishi bo’lmadi.
O’sha davrda hamma ta’lim-tarbiya ishlari ruhoniylar qo’lida quro bo’lib, batamom diniy ruh va xurofot bilan sug’orilar
edi.
O’rta asr G’arbiy Yevropa mamalakatlarida 2 guruhga bo’lingan va yetti fanni o’z ichiga olgan ta’lim dasturi vujudga
keltirildi:
1 – guruh uchta fandan iborat. Bunga grammatika, ritorika va dialektika kirar edi.
2 – guruh to’rtta fandan iborat bo’lib, bunga arifmetika, geometriya, astronomiya va musiqa kirar edi.
Mazkur o’quv fanlari qadimgi Yunoniston ta’lim tizimidan olingan edi, biroq o’rta asrlarda ularga diniy mazmun
berilib, hammasi ramz bilan diniy ma’noda tushuntirilar edi. Masalan: grammatikani o’rganishdan maqsad – muqaddas
diniy kitoblarni o’qishni bilib olish, ritorika (notiqlik san’ati nazariyasi) ni o’ranishdan maqsad va’zxonlik qilish, xutba
o’qish san’atini egallab olish, musiqa deyilganda esa, diniy musiqa nazarda tutilardi (katolik cherkovida ibodat vaqtida
organ musiqa asbobi chalinadi va diniy ashulalar aytiladi). Dialektika, munozara, bahslashish san’ati deb tushunilar va
8
katolitizmga qarshi chiquvchilar bilan munozara qilishga yordam beradigan fan deb hisoblanar edi. Hattoki,
matematikaga ham ma’no berilar edi. Geometriya cherkov binolarini qurish uchun zarur fan deb hisoblanar edi,
arifmetikani o’qitganda ayrim sonlarni ramz bilan diniy ma’noda (masalan, «1» raqami bu xudoning birligi simvoli
(ramzi)deb tushuntirilar edi). Astronomiyadan esa diniy kalendar tuzishda foydalanilardi.
Hamma fanlarning toji deb – teologiya hisoblanar edi. O’rta asrlarda beriladigan ta’lim dasturi cherkov maktablari
orqali amalga oshirilar edi.
Cherkov maktablarining aosiy turlari: prixod maktabi (ya’ni, bir cherkovga qarashli), magistr maktabi va bosh cherkov
yoki yepiskop maktablaridan iborat edi.
Dostları ilə paylaş: |