XADICHA SAVDOGARCHILIGIGA VAKIL BO‘LIB SHOM SAFARIGA CHIQQANLARI Hazrati Xadicha arab xotunlari ichida ortiq aqllik, ziyrak, chechanliklari ziyoda
bo‘lganlikdan, o‘z fahm-farosatlari bilan Payg‘ambarimiz boshlarida shundoq bir ulug‘
davlat borligini burundanoq sezib yurar edi. Shuning uchun turlik bahonalar bilan
yaqinlashib, shul zotning nikohiga kirish yo‘lini izlar edi. O‘zlari bo‘lsa, Quraysh qabilasi
ichida hasab-nasablik, husni jamolda chiroylik, urug‘-aymoqlari oldida obro‘lik, boy
xotun bo‘lib, burungi eri o‘lib, tul o‘lturgan edi. Quraysh qabilasi sayyidlaridan bir qancha
sovchi kelib, so‘rovchilar bo‘lsa ham, alardin hech birovini qabul qilmagan edi.
Makka shahrining atoqlik boylari qatorida qishda Yaman viloyatiga, yozda Shom
shahriga savdo tijoratlari yil sayin yurib turmoqda edi. Bir kuni hazrati Xadicha
payg‘ambarimizga kishi yuborib, aytdikim:
— Muhammad bo‘lsa, manim oldimda ko‘p hurmatlik yigitdur, men uni bek ishonimlik
kishi deb bilurman, tijorat uchun Shom shahriga yubormoqchi bo‘lib, bir qancha mol
tayyorladim. Agar xohlar ekan, bu tijorat ishiga boshchi bo‘lib, borib kelsin. Foydasiga
teng sherik bo‘lurmiz, keyinchalik mendin ko‘p yaxshiliklar ko‘rgay, — dedi.
Payg‘ambarimiz bu so‘zni hazrati Xadichadan eshitgan so‘ngida, amakilari Abu Tolib
qoshiga kelib, andin maslahat so‘radilar. Abu Tolib ham bu safardagi tijoratdin ko‘p
foyda chiqishini chog‘lab, borishlariga maslahat berdi. Hazrati Xadicha bu so‘zni angladi
ersa, ko‘p xursand bo‘lib, Maysara degan qulini yo‘lda xizmat qilish uchun hamroh qilib
qo‘shdi va ham Payg‘ambarimiz haqida nima sirlar ko‘rsa, yo‘llarda qandoq voqealar
o‘tsa, payqab yurishiga buyurdi.
Shuning bilan Payg‘ambarimiz Xadichaning mollarini olib, Shom karvonlari bilan yo‘lga
chiqdilar. Bu safarda Abu Bakr Siddiq ham birga edi. Payg‘ambarimiz bilan oralarida