5.4.Pulning miqdoriy nazariyasi
Miqdoriy pul nazariyasida pulning sotib olish qobiliyati va baho darajasi
muomaladagi pul miqdori bilan belgilanadi. Miqdoriy pul nazariyasining asoschisi
frantsuz iqtisodchisi J.Boden (1530 – 1596) hisoblanadi. Keyinchalik ushbu
nazariyani ingliz iqtisodchilari D.Yum (1711 – 1776) va Dj.Mil (1773 – 1836),
shuningdek frantsuz Sh.Monteske (1689 – 1755) rivojlantirdi.
D.Yum Angliyaga XVI – XVII asrlarda Amerikadan katta hajmda nodir
metallarning kiritilishi natijasida baholarni ortib ketishini kuzatib: “pulning
qiymatini uning miqdori belgilaydi” degan ta’limotini ilgari suradi.
Miqdoriy pul nazariyasining dastlabki vakillari pulni faqat to‘lov vositasi
sifatidagi vazifasiga e’tibor qaratadi, ularning fikricha pul va tovar ayirboshlash
jarayonida uchrashishi natijasida pulning qiymati aniqlanadi degan noto‘g‘ri
g‘oyani ilgari suradilar. Shuningdek, ularning ta’limotidagi ikkinchi kamchilik
muomalaga chiqarilgan barcha pullar muomala jarayonida ishtirok etadi deya
ishonishlaridir. Haqiqatda esa ob’ektiv iqtisodiy qonunlar muomalaga zarur
bo‘lgan pulning miqdorini aniqlaydi. Bu bilan ular pulning jamg‘arma, to‘lov
vositasi kabi funktsiyalarini e’tibordan chetda qoldirishadi.
Kredit va qog‘oz pul muomalasiga asoslangan miqdoriy pul nazariyasining
zamonaviy sharoitdagi talqini yirik iqtisodchi olimlar L.Marshall, I.Fisher,
G.Kassel, B.Xansen, M.Fridmanlarning asarlarida bayon etilgan.
Ularning miqdoriy pul nazariyasi ikkita yo‘nalishdagi ta’limotga asoslangan
bo‘lib:
– birinchisi, I.Fisher va M.Fridman boshchiligidagi monetaristlarning
“tranzaktsion variant” ta’limoti;
– ikkinchisi, A.Pigu boshchiligida angliya Kembrij maktabi vakillari,
ikkinchi jahon urushidan keyin esa D.Patinkinning “kassa qoldig‘i” kontseptsiyasi
ta’limoti hisoblanadi.
Pul nazariyasi haqida amalga oshirilgan o‘rganishlar, tahlillar natijasida
miqdoriy pul nazariyasining rivojiga sezilarli ravishda hissa qo‘shgan kishilardan
biri amerikalik iqtisodchi I.Fisher (1867 – 1977) ekanligining guvohi bo‘ldik. U
pulning mehnat mahsuli natijasidagi qiymat ekanligini inkor etib, uning sotib olish
qobiliyatidan kelib chiqqan holda fikr yuritadi. I.Fisher pulning sotib olish kuchi
oltita omilga bog‘liq ekanligini ta’kidladi va ularni quyidagilardan iborat bo‘lishini
asoslab berdi.
M – muomaladagi pul miqdori;
V – pulning aylanish tezligi;
P – o‘rtacha tortilgan baho;
Q – tovarlar hajmi;
M1 – bank depozitlari summasi;
V1 – depozit – cheklarning aylanish tezligi.
Tovarlar uchun to‘lanadigan, muomaladagi pul miqdori jami tovarlar
bahosini ko‘paytirilganiga tengligini e’tiborga olib, Fisher quyidagi “ayirboshlash
tengligi”ni ilgari surdi.
MV=PQ
Fisher chap va o‘ng tomoni bir – biriga to‘g‘ri proportsional bo‘lgan
funktsional tenglikka asoslangan holda, tovarlarning bahosi R muomaladagi pul
miqdoriga to‘g‘ridan – to‘g‘ri proportsional va tovarlar miqdori Q teskari
proportsionaldir degan fikrga keldi.
Fisherning funktsional bog‘liqligidagi tengligida kamchilik shundan iborat
ediki, u tovarlar miqdori va muomaladagi pul miqdorini ma’lum bir davrdagi
holatini shartli V va Q ning o‘zgaruvchan darajasida e’tiborga olib, unga bog‘liq
bo‘lgan o‘zgaruvchan darajalar ikkita, ya’ni tovarlar hajmi va bahosini e’tibordan
chetda qoldiradi. Haqiqatda esa tovarlar hajmi iqtisodiyotning davriyligidan kelib
chiqib o‘zgarib turadi va pul birligining aylanish tezligiga ta’sir ko‘rsatadi hamda
pul muomalasi va bahoning shakllanishiga bevosita ta’sir qiladi. Shu bilan birga,
ta’kidlash joizki, tovarlarning bahosi qator omillar asosida o‘zgarib turadi.
Masalan, ishlab chiqaruvchilarning monopol mavqiega egaligi, davlatning ichki va
tashqi siyosati va boshqalar tovarlar bahosiga bevosita va bilvostia ta’sir
ko‘rsatadi.
Miqdoriy pul nazariyasining “tranzaktsion varianti” ta’limoti asoschilari,
monetaristlar M.Fridman, K.Brunner, A.Melttserlar hisoblanadi. A.Marshall,
L.Valrasning iqtisodiyotda muvozanatlik modeliga asoslangan holda, ular tovarlar
bahosi va muomaladagi pul miqdori o‘rtasidagi tenglik “nisbiy” baholarning
o‘zgarishi natijasida avtomatik tarzda muvozanatlashadi. Monetaristlar ushbu
tenglikning o‘zgarib turishini iqtisodiyotdagi pul massasi bilan bog‘laydilar,
shuningdek M.Fridman tovarlar miqdori va muomaladagi pul miqdori o‘rtasidagi
tenglikni ta’minlashda nafaqat naqd pullar (banknotlar va tangalar)ni, balki tijorat
banklarning tranzaktsion hisobvaraqlaridagi (talab qilib olinguncha saqlanadigan
depozit hisobvaraqlar, depozit sertifikatlar va muddatli depozitlar) qoldiq
mablag‘larni ham inobatga olish zarurligini ta’kidlaydi.
Monetaristlar zamonaviy miqdoriy pul nazariyasiga qator yangicha holatlarni
kiritishdi. Xususan:
– birinchidan, ular pul massasi va bahoning o‘zaro bir – biriga to‘g‘ri
proportsionalligidan voz kechdilar, faqat bozorga taklif etilayotgan tovarlar
hajmining baholarga ta’siri haqidagi ta’limotni yoqladilar;
– ikkinchidan, ular pul birligi aylanish tezligini e’tirof etadilar, biroq bunga
jiddiy e’tibor qaratishmaydi;
– uchinchidan, ular I.Fisherning tovarlar hajmining o‘zgarmas sharoitida
muomaladagi pul miqdori jami tovarlar bahosini ko‘paytirilganiga tengligini inkor
etadilar;
– to‘rtinchidan, takror ishlab chiqarish sharoitida turli darajadagi
tebranishlarni aniqlashda pul massasi dinamikasi birinchi darajali ahamiyatga ega
ekanligiga ishonadilar, pul – kredit siyosatiga esa iqtisodiyotni rivojlantirishning
moliyaviy mexanizmi sifatida qaraydi.
Kembrij maktabi vakillarining qarashlari I. Fisher ta’limotidan farqli o‘laroq,
odamlarning qo‘llarida pul ushlab turishlariga asos bo‘luvchi pulning ikki
xususiyatini ajratib ko‘rsatishadi.
Birinchidan, pulning almashuv vositasi ekanligi. Sub’ektlar bitimlarni amalga
oshirayotgan vaqtlarida pul almashuv vositasi sifatida amal qiladi. Kembrij
maktabining vakillari Fisherning pulga bo‘lgan talab bitimlar hajmiga bog‘liq va
pulning bitimlarni amalga oshirishi uchun talabi nominal YaIMga proportsional
ekanligi to‘g‘risidagi fikriga qo‘shiladilar.
Ikkinchidan, pul boylikni saqlash vositasi: Modomiki, pul boylikni saqlash
vositasi ekan, pulga bo‘lgan talab ushbu boyliklar miqdoriga ham bog‘liq degan
fikrni ilgari suradi. Boyliklarning oshishi bilan sub’ektlarda ularni har xil
aktivlarga joylashtirish zaruriyati tug‘iladi.
Natijada, Kembrij maktabining olimlari pulga bo‘lgan talab nominal YaIMga
proportsional degan xulosaga kelishdi va pulga bo‘lgan talab funktsiyasini
quyidagi tenglama tarzida ifoda etishdi.
M
d
=K*RY
Ularning modeliga ko‘ra iste’molchilar qo‘llarida qancha pul bo‘lishi
kerakligini o‘zlari hal qiladi. Bu esa K – (proportsionallik koeffitsienti)ning qisqa
muddatlar ichida tebranishlarda bo‘lishini ko‘zda tutadi. Vaholanki, pullardan
boyliklarni saqlash usuli sifatida foydalanish to‘g‘risidagi qaror qabul qilish,
boshqa aktivlardan kutiladigan daromadlarga bog‘liq bo‘ladi.
Shunday qilib, boshqa aktivlardagi xususiyatlarning o‘zgarishi K ning ham
o‘zgarishiga olib kelishi mumkin. Yuqorida ko‘rsatilgan farq I. Fisherning Kembrij
maktabi vakillari fikrlaridan farqni anglatadi.
Jon Meynard Keyns Kembrij maktabining eng so‘nggi vakillaridan bo‘lib,
ularning fikrlarini rivojlantirdi. Keynschilik nazariyasi asosan XX asrning 30 –
yillarida yaxlit g‘oyaviy oqim sifatida to‘liq shakllandi. Uning asoschisi XX
asrning eng mashhur iqtisodchilaridan biri Buyuk Britaniyalik olim J. M. Keyns
edi.
M.Fridman tomonidan ishlab chiqilgan kontseptsiya formulasi I.Fishernikidan
ko‘rinishi nuqtai nazardan farq qilib, mohiyatan pul massasi va baho o‘rtasidagi
bog‘liqlikni asoslab berishga qaratilgan:
M=KRU
bu yerda
M – pul miqdori;
K–pul zaxirasining daromadga nisbati;
R–baho indeksi;
U–o‘zgarmas baholardagi milliy daromad.
Monetaristlarning miqdoriy pul nazariyasini aks ettiruvchi zamonaviy
tengligidan shunday xulosa qilish mumkinki, pul massasining o‘zgarishi
tenglikning o‘ng tomonida uchta holatning biriga ta’sir qiladi, ya’ni baholarning
oshishiga (R), real milliy daromadning ortishiga (U), pul zaxirasini daromadga
nisbatan koeffitsientini o‘zgarishiga olib keladi.
Miqdoriy pul nazariyasi Angliyaning Kembrij maktabi vakillari tomonidan
o‘rganilgan bo‘lib, uning vakillari sifatida A.Marshal, D.Robertson va
D.Patinkinlarni keltirish mumkin.
I.Fisherning miqdoriy pul nazariyasi haqida shakllantirgan “tranzaktsion
varianti”da pul asosan muomala vositasi va to‘lov vositasi funktsiyalarini
bajarishini e’tirof etgan bo‘lsa, A.Pigu miqdoriy pul nazariyasida pulni jamg‘arma
vositasi funktsiyasi vazifasini ham bajarishini ta’kidlab, unga alohida ahamiyat
qaratadi.
Angliya Kembrij maktabi vakillari miqdoriy pul nazariyasi borasidagi
ta’limotlarida I.Fisherning pul nazariyasi xususidagi ta’limotidan farqli yana bir
kontseptsiyani ilgari suradilar. Agar, I.Fisher iqtisodiyotga zarur bo‘lgan pul
miqdorini uning taklifini tahlil qilish asosida aniqlagan bo‘lsa, Kembrij maktabi
vakillari iqtisodiyotga zarur bo‘lgan pul miqdorini tovarlar va xizmatlar hajmidan
kelib chiqib unga bo‘lgan ehtiyoj asosida aniqlash zarurligi haqidagi ta’limotni
ilgari suradi.
Shuningdek, agar I.Fisher pulning hajmini muomalada bo‘lgan miqdoriga
qarab va ular doimiy ravishda muomalada ishtirok etishini e’tirof etgan bo‘lsa,
Kembrij maktabi vakillari muomalaga chiqarilgan pullarning barchasi doimiy
ravishda muomalada ishtirok etmasligi, ular “kassa qoldig‘i” sifatida aholining
qo‘lida, bank va korxona hisobvaraqlarida ma’lum muddatga saqlanib qolishi
mumkinligi xususidagi ta’limotni asoslab berishadi.
I.Fisher jami ijtimoiy kapitalni va bahoning darajasini umumiy yaxlitlikda
tahlil qilish asosida tegishli xulosalarni shakllantirgan bo‘lsa, A.Pigu asosiy
e’tiborni kapitalning individual harakati va ularning sohiblariga qaratadi.
A.Pigu miqdoriy pul nazariyasining “kassa qoldig‘i” haqidagi ta’limotni
ilgari
surganda
uning
tarkibiga
muomaladagi
naqd
pulsiz va
joriy
hisobvaraqlardagi qoldiq summalarni, ya’ni pul miqdorini aniqlashda aholining
qo‘lidagi naqd pul qoldiqlari va korxona –tashkilotlarning banklardagi
hisobvaraqlarini qoldiqlarini ham inobatga oladi.
E’tirof etish lozimki, A.Piguning pul nazariyasi haqidagi yondoshuvlari
I.Fishernikidan farq qilsada, mohiyatan miqdoriy pul nazariyasi doirasidan chiqib
ketolmagan edi, pul va baho o‘rtasidagi to‘g‘ridan – to‘g‘ri aloqa saqlanib qolgan
edi. Buni A.Pigu tomonidan yaratilgan M =RPQ yoki P=M/Q tengligida ham
kuzatish mumkin, chunki bu I.Fisherning “ayirboshlashni tenglashtirish”
kontseptsiyasiga yaqin bo‘lib, unda:
M – pul massasi;
P – baho darajasi;
Q – tovar massasi (yoki tovar aylanmasining moddiy hajmi);
V – jismoniy va yuridik shaxslarning pul ko‘rinishida saqlashi mumkin
bo‘lgan daromadlar.
I.Fisher va A.Piguning tengliklari o‘rtasidagi farq, Fisherda pul birligining
aylanish tezligi V foydalaniladi, ikkinchi koeffitsient K, Vga teskari ko‘rsatkich
bo‘lib, agar Piguning tengligidagi K almashtirilsa Fisherning formulasi kelib
chiqadi.
XX asrning 50 yillarini o‘rtalaridan boshlab, miqdoriy pul nazariyasining
Kembrij ta’limotiga asoslangan neoklassik yo‘nalishi vujudga keldi. Ushbu
yo‘nalishning asosiy nomoyandasi D.Patinkin hisoblanib, u o‘zining asarlarida pul
massasi va baho o‘rtasida to‘g‘ridan – to‘g‘ri proportsionalllik mavjudligidan kelib
chiqdi. D.Patinkin “kassa zaxirasi”ni yuqori likvidli manba sifatida qaraydi, uning
hisobidan qimmatli qog‘ozlarga investitsiya qilish va keyinchalik ushbu
mablag‘larni real kapitalga yo‘naltirish zarurligini ta’kidlaydi.
D.Patinkin miqdoriy pul nazariyasida daromadni uchta yo‘nalishga, ya’ni
iste’mol, investitsiya va “kassa zaxirasi” sifatida joylashtirish zarurligini uqtiradi.
Xulosa qilib aytganda, pul nazariyasi va uning iqtisodiy kategoriya sifatidagi
holatini o‘rganish va tahlil qilish asosida bu xususda iqtisodchi olimlar,
mutaxassislar va tadqiqotchilarning fikrlari turlicha bo‘lsada, barchasining asosida
uning ayirboshlash vositasi ekanligi va pulning mavjudligi asosida mehnat
taqsimoti yotishi e’tirof etiladi.
|