b) To’lov talabnomalari bo’yicha hisob-kitoblar, ularning hisobi va
rasmiylashtirish.
To’lov talabnomasi - bu mahsulot etkazib beruvchi va mablag’ oluvchilarning
belgilangan summani to’lovchi bank orqali to’lashi to’g’risidagi talabnomani o’z
ichiga olgan hisob-kitob hujjatidir. To’lov talabnomasi bo’yicha hisob-kitoblar
«aktsept» shaklidagi hisob-kitoblar ham deb yuritiladi.
«Aktsept» so’zi lotin tilidan olingan bo’lib, rozilik ma’nosini anglatadi, ya’ni
bu to’lovchining to’lovni amalga oshirish uchun bankka bergan roziligidir. Aktsept
shakli asosiy inkassaviy hisob-kitob shakli bo’lib hisoblanadi. «Inkasso» italyancha
so’zdan olingan bo’lib, bank o’z mijozi taqdim etgan hujjatga asosan etkazib berilgan
mahsulot uchun unda ko’rsatilgan summani to’lovchidan uning banki orqali olib
berish bo’yicha majburiyat bo’lib hisoblanadi. Rozilik bildirish usuliga ko’ra aktsept
ijobiy va salbiy bo’lishi mumkin. To’lovchi korxonaning roziligi ham, noroziligi xam
yozma ravishda bildirilsa, ijobiy aktsept hisoblanadi. Bunday holda to’lov
to’lovchidan yozma ravishdagi rozilik xati kelgandagina amalga oshiriladi. Agar 15
kun ichida to’lovchidan rozilik xati kelmasa to’lov talabnomasi to’lovni oluvchiga
to’lanmasdan qaytariladi. Salbiy aktsept esa suqut saqlash orqali bildiriladi, to’lovga
norozilik yozma ravishda bildiriladi. Agar to’lovga qarshi norozilik xati yozma
ravishda kelib tushmasa bank tomonidan to’lov amalga oshiriladi.
Salbiy aktseptning o’zi to’lovni amalga oshirish muddatiga ko’ra oldindan
aktsept va so’nggi aktseptga bo’linadi. Talabnomani oldindan aktseptlash usulida
hisob-kitoblar o’tkazilganda talabnomaning puli aktseptlash muddati tugagandan
so’ng, ya’ni ertasi kuni to’lanadi. To’lovchi korxona o’ziga xizmat ko’rsatuvchi bank
muassasasiga talabnoma kelib tushgandan keyin 3 kun ichida to’lovdan bosh
tortganini ma’lum qilish huquqiga ega. Tovar etkazib beruvchi tovar-moddiy
boyliklar etkazib berish, xizmatlar ko’rsatish to’g’risidagi shartnoma, shuningdek,
tegishli qonun hujjatlari shartlarini buzgan xollarda to’lovchi to’lashdan bosh tortishi
mumkin. Bunday hollarda to’lovchi tomonidan bankka yozma ravishda raddiya
arizasi topshirilib, unda to’lovdan bosh tortish sabablari ko’rsatiladi.
Aktseptlashning so’nggi aktsept turida to’lov talabnomasi bankka kelib
tushgan kunda to’lanadi, lekin to’lov o’tkazilgandan keyingi 3 kun ichida to’lovdan
bosh tortish xuquqi saqlanib koladi. Belgilangan muddat o’tgandan so’ng to’lovchi
tomonidan raddiya arizasi kelib tushmasa, to’lov to’langanligicha qoladi.
Lekin iqtisodiyotning rivojlanishining turli davrlarida aktseptning har xil turlari
qo’llaniladi. Masalan, hisob-kitoblarning davrini bir muncha qisqartirish maqsadida
1991 yilgacha asosan so’nggi aktsept ishlatilar edi, faqat qonun-qoidalarda
ko’rsatilgan hollardagina oldindan aktseptga yo’l qo’yilar edi. Debet avizolariga yo’l
qo’yilmayotgani sababli hozirgi kunda faqatgina oldindan aktsept turi ishlatilmoqda.
Hisob-kitoblarning aktsept, ya’ni to’lov talabnomalari orqali o’tkaziladigan
shaklida ishlatiladigan asosiy hujjat bu - to’lov talabnomasidir. To’lov talabnomalari
34
mahsulot etkazib beruvchi tomonidan belgilangan №0505411001 shakldagi
blankalarda bankka taqdim etiladi. To’lov talabnomalari quyidagi hollarda ishlatilishi
mumkin:
a) yuklab jo’natilgan tovarlar uchun;
b) bajarilgan ishlar uchun;
v) ko’rsatilgan xizmatlar uchun;
g) amaldagi qonunchilikda, me’yoriy hujjatlar yoki shartnomada ko’zda
tutilgan boshqa to’lovlar uchun.
To’lov talabnomasida mahsulot etkazib beruvchi tomonidan talabnoma nomeri,
u to’ldirilgan sana, shu korxona nomi, uning hisob varaq nomeri, xizmat ko’rsatuvchi
bank nomi, bankining kodi, to’lovchi korxonaning nomi, uning bankdagi hisobvaraq
nomeri, to’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi bank nomi va kodi, to’lov summasi va to’lov
maqsadi ko’rsatiladi. Hujjatlarda ko’rsatilishi lozim bo’lgan umumiy rekvizitlardan
tashqari to’lov talabnomasida quyidagilar ko’rsatilishi lozim:
a) shartnoma sanasi va nomeri;
b) mahsulotlarni yuklab jo’natish sanasi va tovar-transport yoki qabul qilish,
topshirish hujjatlari va transport turi, tovarlar pochta va telekommunikatsiya agentligi
orqali jo’natilganda esa - pochta kvitantsiyalarining nomeri;
Agar mahsulot uni sotib oluvchining transport vositasi bilan olib ketilsa,
talabnomaning alohida ajratilgan joyida yuk uni sotib oluvchining o’z transporti bilan
olib chiqib ketilgani hamda ishonchnomaning nomeri ko’rsatiladi. Shunday hollar
ham bo’ladiki, mahsulot kontraktsiya shartnomalari asosida realizatsiya qilinadi.
Kontraktsiya shartnomalari bo’yicha mahsulot etkazib berishda to’lov
talabnomasining yuqori qismida ya’ni talabnoma deb yozilgan so’z yoniga
«Kontraktsiya shartnomasi» deb ko’rsatilishi lozim. To’lov talabnomasining pastki,
alohida ajratilgan qismida maxsulot jo’natuvchi korxona rahbari va bosh
buxgalterning imzolari va korxonaning muhr izi qo’yiladi.
To’lov talabnomasi maxsulot yuklab jo’natilgandan keyin shartnomada
belgilangan muddatdan kechiktirilmasdan bankka inkassoga topshiriladi. Maxsulot
etqazib beruvchi bitta operatsiya bo’yicha talabnomalarni inkasso uchun qayta taqdim
qilish huquqiga ega emas.
Umuman, to’lov talabnomalari bo’yicha hisob-kitoblarni rasmiylashtirish va
hisobga olish ishlarini 3 bosqichga bo’lib ko’rib chiqamiz:
1-bosqich. Mahsulot etqazib beruvchi bankida to’lov talabnomasini inkassoga
qabul qilinishi.
2-bosqich. Mahsulot oluvchi bankida to’lov talabnomalarini to’lash bo’yicha
operatsiyalari.
3-bosqich. Mahsulot etkazib beruvchi bankida to’lovni qabul qilish bo’yicha
operatsiyalar.
To’lov talabnomalari bo’yicha hisob-kitoblarning xar bir bosqichini alohida
ko’rib chiqamiz.
1. Mahsulot etkazib beruvchi bankida to’lov talabnomasini inkassoga qabul
qilinishi.
35
To’lov talabnomasi mahsulot jo’natilgandan so’ng shartnomada belgilangan
muddatlarda mahsulot jo’natuvchi korxona tomonidan ro’yxat, ya’ni reestr asosida
bankka inkassoga topshiriladi.
Ro’yxat to’lov talabnomalarining barcha rekvezitlarini o’z ichiga olgan holda
ikki nusxada to’ldiriladi. Ro’yhatning birinchi nusxasi korxonaning rahbari va bosh
buxgalteri tomonidan imzolanib muxrning izi bilan rasmiylashtirilishi lozim.
Ro’yxatning birinchi nusxasi qabul qilingan sana, mas’ul ijrochi imzosi ko’yilgandan
so’ng, bankning turtburchak muxr izi tushirilib bankda qoldiriladi. Ro’yxatning
ikkinchi nusxasi esa qabul qilingan sana, mas’ul ijrochi imzosi qo’yilib, bankning
to’rtburchak muxr izi tushirilib mahsulot etkazib beruvchiga qaytariladi.
To’lov talabnomalari 3 nusxada to’ldiriladi. Agar maxsulot etkazib beruvchi va
to’lovchi tomonlarga bitta bank bo’limi xizmat ko’rsatsa talabnoma 3 nusxada taqdim
etiladi. Bu holda to’lov talabnomalarning har bir nusxalari quyidagicha ishlatiladi:
-birinchi nusxa to’lovlar amalga oshirilgandan keyin bank mas’ul ijrochisi
tomonidan imzo, to’lovi amalga oshirilgan sana, bankning to’rtburchak muhr izi
tushirilgan va qabul qilish sanasi ko’rsatilgan holda kunlik hujjatlar yig’masiga
tikiladi;
-ikkinchi nusxasi to’lovni oluvchining hisob varag’iga ilova sifatida mas’ul
ijrochi tomonidan imzo, to’lov amalga oshirilgan sana, bankning to’rtburchak muxr
izi ko’yilgan va qabul qilingan sana ko’rsatilgan holda beriladi;
-uchinchi nusxa qabul qilish sanasi, to’lovni amalga oshirish sanasi, mas’ul
ijrochining imzosi va bank to’rtburchak muhr izi qo’yilgan holda to’lovchiga uning
hisob varag’idan ko’chirma bilan birgalikda beriladi.
Agar to’lovchi va mahsulot etkazib beruvchi bir hudud ichidagi yoki turli
hududlarda joylashgan turli bank bo’limlari xizmatidan foydalansalar, bu holda ham
to’lov talabnomalari 3 nusxada bankka taqdim etiladi. Ularning barcha nusxalari
pochta aloqasi yoki kurerlar orqali to’lovchi bankiga jo’natiladi.
2. Mahsulot oluvchi bankida to’lov talabnomasini to’lash bo’yicha
operatsiyalar.
To’lovchi korxona bankiga mahsulot etkazib beruvchi korxona bankidan
uchchala nusxa to’lov talabnomasi pochta aloqasi yoki kurerlar orqali kelib tushadi.
To’lov talabnomalari tomonlar o’rtasida tuzilgan shartnomaga asosan aktseptlash
tartibida yoki aktseptlamasdan to’lanishi mumkin. Bank tomonidan talabnomalarni
aktseptlash uchun 3 kun yoki 5 kun muxlat beriladi. Lekin korxonaning iltimosiga
ko’ra bank bu muddatni 10 kungacha cho’zishi mumkin. Talabnoma bankka kelganda
talabnomalarni ro’yxatga olish jurnalida qayd etib mijozning imzosi qo’yiladi.
Shundan so’ng aktseptlash tartibida to’lanadigan talabnomalarning birinchi va
ikkinchi nusxasi to’lov uchun aktseptlashni kutayotgan hisob-kitob hujjatlari
kartotekasiga joylashtiriladi. Bu kartoteka bankda 1-kartoteka deb yuritiladi. Agar
mijoz 10 kun ichida bankka kelmasa talabnoma kartotekaga joylashtirilmaydi, ijrosiz
mol sotuvchi bankiga qaytariladi. Talabnomaning uchinchi nusxasi tovar-transport
hujjatlari bilan birga keyingi ish kunidan kechiktirilmasdan hujjatni aktseptlash uchun
qabul qilingan sana ko’rsatilgan holda va to’lov to’g’risida ma’lumot sifatida
to’lovchiga beriladi. Agar bankda 1-kartotekaning hisobini yuritish dasturiy yo’l
36
bilan olib borilmasa, bunday talabnomalar qabul qilingan kuni «To’lov uchun
aktseptlanishi kutayotgan hisob-kitob hujjatlari»ni hisobga olib borish daftarida ikki
nusxada quyidagi rekvizitlarni ko’rsatgan holda bank tomonidan qayd etiladi:
-to’lov talabnomasining bankka kelib tushish sanasi va to’lov muddati;
-to’lovchining hisob varaq nomeri;
-to’lovchining nomi;
-bank kodi;
-talabnomaning nomeri;
-to’lov maqsadi va summasi;
To’lov talabnomasini 1 kartotekaga joylashtirishda quyidagi balansdan tashqari
provodka bajariladi. Dt 90962 «To’lov muddatini kutayotgan hisob-kitob hujjatlari»,
Kt 96319 «Kontr. hisobvaraq».
Daftarda har bir to’lov muddati bo’yicha talabnoma summalari va bu
summalarning yig’indilari ko’rsatilgan bo’lishi lozim. 1-kartotekaning hisobi dasturiy
yo’l bilan amalga oshirilsa, talabnoma bo’yicha ko’rsatilgan rekvezitlar kompyuterga
kiritiladi.
Yuqorida eslatib o’tganimizdek, to’lovchi to’lov talabnomasining uchinchi
nusxasini olgandan keyin, uning to’g’ri rasmiylashtirilganligini, shartnoma
shartlariga to’g’ri kelish-kelmasligini tekshirib chiqadi. To’lovchi belgilangan
muddatda tovar moddiy qiymatliklarni jo’natishda, xizmatlar ko’rsatishda amaldagi
qonuniy hujjat talablariga hamda shartnoma shartlariga amal qilinmagan xollarda
talabnomani qisman yoki to’liq to’lashdan bosh tortishi mumkin. Buning uchun
bankka yozma ravishda raddiya arizasi topshirilishi lozim. Agar belgilangan
muddatda bankka raddiya arizasi topshirilmasa, ya’ni yozma ravishda aktseptlashni
rad etmasa talabnoma aktseptlangan bo’lib hisoblanadi. Aktseptlashni rad etish
xuquqiga ega bo’lgan mansabdor shaxslar doirasini bank bo’limi boshqaruvchisi
belgilaydi. Banklar aktseptlashni rad qilish mohiyati bo’yicha kelib chiqqan baxs va
nizolarga aralashmaydilar.
To’lov talabnomasini to’lashdan bosh tortib yozilgan raddiya arizasi to’lovchi
tomonidan bankka topshirilganda talabnomalar shu kunning o’zidayoq 1
kartotekadan olinadi hamda tovar-transport hujjatlari va boshqa ilovalar bilan birga
mahsulot etkazib beruvchi korxona bankiga ijrosiz qaytarib yuboriladi. To’lovchi
talabnomani aktseptlashdan qisman bosh tortganda, to’lovchi tomonidan
aktseptlangan summa bo’yicha to’lovlar o’tkaziladi. To’lovchi hisobvarag’ida
talabnomaning aktseptlangan qismini to’lashga etarli pul mablag’lari bo’lmaganda
talabnoma «Muddatda to’lanmagan hisob-kitob hujjatlari» kartotekasiga
joylashtiriladi. Bu kartoteka 2-kartoteka deb yuritiladi. Bunda talabnomaning
dastlabki summasi o’chiriladi va yonida to’lovchi aktseptlagan summa yozib
ko’yiladi. Kartotekaga kirim qilingan summa to’lovchi korxona hisobvarag’iga pul
mablag’lari kelib tushgandan so’ng to’lanadi.
Agar 1-kartotekaga joylashtirilgan to’lov talabnomasi bo’yicha to’lovchi
tomonidan raddiya arizasi kelib tushmasa, to’lov talabnomasi aktseptlash uchun
berilagn 3 kun muhlat o’tgandan so’ng to’lanadi. To’lov talabnomasini to’lashdan
avval to’lovchi korxonaning depozit hisob varag’ini yurituvchi mas’ul ijrochi
talabnomani to’lash uchun etarli pul mablag’larining to’lovchi hisob varag’ida
37
mavjudligini tekshiradi. Agar depozit hisob varag’ida etarli pul mablag’lari bo’lsa,
talabanoma to’lanadi. To’lov talabnomasini to’lash quyidagi buxgalteriya yozuvi
orqali amalga oshiriladi:
Debet 20210 «Davlat tasarrufidagi korxonaning talab qilinguncha saqlanadigan
depozit hisob varag’i»
Kredit 10301 yoki 16103 «Tijorat bankining vakillik hisobvarag’i»
Balans ichidagi hisob varaqlar bo’yicha bajarilgan ushbu buxgalteriya
yozuvlari bilan bir qatorda balansdan tashqari ko’zda tutilmagan holatlar
hisobvaraqlar bo’yicha ham buxgalteriya yozuvlari bajariladi, 1 kartotekadagi to’lov
talabnomasining o’zi kartotekadan olinadi va hisobdan chiqariladi:
Debet 96319 «To’lov muddatini kutayotgan hisob-kitob hujjatlari bo’yicha
kontr. hisob varaq»
Kredit 90962 «To’lov muddatini kutayotgan hisob-kitob hujjatlari»
Bu buxgalteriya yozuviga karama-qarshi bo’lgan yozuv to’lov talabnomasini
1-kartotekaga qabul qilingan paytda bajariladi, ya’ni to’lov talabnomasining 1-
kartotekaga kirim qilinganligini bildiradi. Yuqoridagi buxgalteriya yozuvi esa
talabnomaning kartotekadan olinganligini bildiradi.
To’langan talabnoma elektron to’lovlar tizimi yordamida Markaziy bank
qoshidagi Hisob Markazi orqali mahsulot sotuvchi bankiga o’tkaziladi.
Talabnomaning ushbu nusxasi bankning kundalik hujjatlar yig’majildiga tikiladi va
belgilangan tartibda saqlanadi.
Lekin har doim ham to’lovchi korxonaning hisob varag’ida to’lov
talabnomasini to’lashga etarli pul mablag’lari bo’lmasligi mumkin. To’lovchining
depozit hisob varag’ida mablag’ bo’lmaganda talabnomalar 2-kartotekada to’lovni
kutayotgan hujjatlar qatoriga joylashtiriladi, bu haqda mahsulot etkazib beruvchi
bankiga xabar beriladi. Talabnoma 2 kartotekaga joylashtirilganda balansdan tashqari
ko’zda tutilmagan holatlar hisob varaqlari bo’yicha quyidagi buxgalteriya yozuvlari
amalga oshiriladi:
Debet 90963 «Muddatda to’lanmagan hisob-kitob hujjatlar»
Kredit 96321 “Muddatda to’lanmagan hisob-kitob”
To’lov talabnomasi 2-kartotekada to’lovchi korxonaning talab qilinguncha
saqlanadigan depozit hisobvarag’iga talabnomani to’lashga etarli pul mablag’lari
kelib tushguncha saqlanadi. Pul kelib tushgandan so’ng, kelib tushgan mablag’lar
doirasida me’yoriy hujjatlarda o’rnatilgan tartibda to’lov amalga oshiriladi. To’lov
o’tkazish bo’yicha quyidagi buxgalteriya yozuvi bajariladi:
Debet Mahsulot sotib oluvchining depozit hisob varag’i
Kredit Tijorat bankining vakillik hisob varag’i
Bu erda mahsulot sotuvchi turli mulkchlik shakldagi xo’jalik yurituvchi
sub’ekt bo’lishi mumkin. Yuqorida to’lov talabnomasi to’langanda davlat
tasarrufidagi korxonaning depozit hisob varag’i orqali operatsiya o’tkazilgan holni
ko’rgan edik. Balans ichidagi buxgalteriya yozuvini bajarishdan avval hujjat 2-
kartoteka hisobidan chiqariladi, bu operatsiya quyidagi buxgalteriya yozuvi asosida
amalga oshiriladi:
Debet 96321 Muddatida to’lanmagan hisob-kitob hujjatlari bo’yicha kontr.
hisob varaq
38
Kredit 90963 «Muddatda to’lanmagan hisob-kitob hujjatlari»
Bank 2-kartotekadagi muddati o’tkazib yuborilagn hisob-kitob hujjatlari
bo’yicha to’lovlarni amalga oshirishda to’lovchilardan penya undirish va oluvchilar
foydasiga o’tkazish xuquqiga ega, agar bu bank va mijoz o’rtasida tuzilgan
shartnomada kelishilgan bo’lsa. Bank to’lovchilardan mablag’larni oluvchilar
foydasiga muddati o’tkazib yuborilagn to’lovlar bo’yicha muddati o’tkazib
yuborilgan har bir kun uchun konunda belgilangan miqdorda penya undiradi.
Muddati o’tkazib yuborilgan kunlarni belgilashda kalendar kunlar hisobga olinadi.
Undirilgan penya muddati o’tkazib yuborilgan to’lovning asosiy summasi bilan
to’lovchining hisobvarag’idan hisobdan chiqaziladi va mahsulot etkazib beruvchining
bankiga elektron to’lovlar tizimi orqali o’tkaziladi.
Ba’zi vaqtlarda to’lov talabnomasini to’lash uchun to’lovchi korxonaning
roziligi, ya’ni aktseptlashi talab etilmaydi. To’lovchilarning hisobvaraqlaridan
mablag’larni aktseptlamasdan hisobdan chiqarish tomonlar o’rtasida tuzilgan
shartnomaga asosan kommunal xizmat, telefon, kanalizatsiya, pochta-telegraf
xarajatlari hamda tashilgan musor uchun amalga oshiriladi. Kommunal xizmatlar
uchun to’lovlar va o’lchov asboblari gaz, suv, issiqlik va elektr-energiyasi uchun
hisoblanadi. Bunday aktseptsiz to’lovlarni amalga oshirish uchun bankka taqdim
qilingan to’lov talabnomaning yuqori qismiga «aktseptsiz» hamda “hisoblash
asboblari asosida” degan so’zlari ko’rsatib o’tilgan bo’lishi lozim. Ushbu yozuvlar
bo’lmagan taqdirda talabnomalar umumiy asosda aktseptlanadi va to’lanadi.
Talabnomada ma’lum to’lovlarni aktseptlamasdan hisobdan chiqarish xuquqiga ega
bo’lgan konuniy hujjat yoki shartnomaning sanasi, nomeri va to’lovning maqsadi
ko’rsatilishi shart. Bunda bank ilova qilingan hujjatlarning talabnomada ko’rsatilgan
ularning rekvezitlariga mosligini tekshirib ko’radi.
Bank operatsion kuni kelib tushgan aktseptsiz to’lanadigan talabnomalar shu
kunning o’zida to’lanadi. To’lovchi korxonaning depozit hisob varag’ida talabnomani
to’lash uchun mablag’lar yo’qligi yoki kamligi aniqlansa hamda ularni to’lashi uchun
bank kreditini berish imkoniyati bo’lmaganda, to’lanmagan summa «O’z muddatida
to’lanmagan hisob-kitob hujjatlari» kartotekasi bo’yicha alohida hisob varaqqa
o’tkaziladi, talabnomaning o’zi esa 2-kartotekaga joylashtiriladi.
Operatsion kun tugagandan so’ng bankka kelib tushgan to’lov talabnomalari
keyingi ish kuni to’lanadi. Bunday talabnomalarga «Kechki» degan belgi qo’yib
qo’yiladi. Umuman aktseptsiz to’langan yoki 2-kartotekaga joylashtirilgan
talabnomalar bo’yicha buxgalteriya yozuvlari aktseptlash tartibda to’lanadigan
talabnomalar singari amalga oshiriladi.
3. Mahsulot etkazib beruvchi bankida to’lovni qabul qilish bo’yicha
operatsiyalar.
To’lovchi korxona bankida to’langan to’lov talabnomasi «Elektron pochta»
elektron tizimi orqali Markaziy bank qoshidagi Hisob Markaziga uzatiladi. Hisob
Markazida to’lovchi korxona bankining vakillik hisobvarag’idan to’lov
talabnomasida ko’rsatilgan pul summasi maxsulot etkazib beruvchi bankining
korrespondentsiya hisobvarag’iga o’tkaziladi. Elektron to’lov tizimi orqali olingan
elektron talabnomalar mablag’lari oluvchi bankda ikki nusxada qog’ozga chiqariladi.
39
Ularning birinchi nusxasi bank mas’ul ijrochisining imzosi va bank muhri qo’yilib
kundalik hujjatlar yig’majildiga tikiladi va belgilangan tartibda saqlanadi.
Talabnomaning ikkinchi nusxasi bank mas’ul ijrochisining imzosi va bank muxri
qo’yilgan holda mahsulot etkazib bergan korxonaning depozit hisob varag’iga ilova
sifatida qo’shib beriladi. Shu bilan birga bu korxonaga hisob varaqdan qo’chirma
ham beriladi. Mahsulot etkazib beruvchi bankida to’lovchi bankidan kelib tushgan
to’lov summasi quyidagi buxgalteriya yozuvi orqali mablag’ oluvchining
hisobvarag’iga o’tkazib ko’yiladi:
Debet Tijorat bankining vakillik hisob varag’i
Kredit Mahsulot etkazib beruvchining depozit hisob varag’i
Bu erda mahsulot etkazib beruvchi davlat tasarrufidagi, davlat tasarrufidan
tashqaridagi turli mulkchilik shakllariga qarashli korxonalar bo’lishi mumkin. Shunga
ko’ra ularning hisob varaq nomerlari belgilanadi. Ushbu buxgalteriya yozuvi
mahsulot etkazib beruvchi korxonaning hisobvarag’iga sotilgan mahsuloti uchun pul
mablag’larining kelib tushganligini bildiradi.
To’lov talabnomalari bo’yicha hisob-kitoblar umumlashgan holda kanday
amalga oshirilishini to’lov talabnomalari bo’yicha hisob-kitoblarning hujjatlar
aylanishi sxemasi orqali yaqqol ko’rish mumkin.
1. Mahsulot jo’natuvchi korxona bilan mahsulot oluvchi korxona o’rtasida
xo’jalik shartnomasi tuziladi.
2. Mahsulot jo’natuvchi korxona mahsulot oluvchi korxonaga tovar jo’natadi.
3. Mahsulot jo’natuvchi korxona o’ziga xizmat ko’rsatuvchi bank bo’limiga
to’lov talabnomasi va tovar-trasport hujjatlarini taqdim qiladi.
4. Mahsulot jo’natuvchi korxona banki mahsulot oluvchi korxona bankiga
pochta yoki kurerlar orqali hujjatlarni jo’natadi.
5. Mahsulot oluvchi korxona banki kelib tushgan to’lov talabnomasini
aktseptlash uchun mahsulot oluvchi korxonaga beradi.
6. Korxona o’z bankiga aktseptlangan talabnomani taqdim etadi.
7. Mahsulot oluvchi korxona banki talabnomada ko’rsatilgan summani
to’lovchi korxona hisob varag’idan chegirib, talabnoma bo’yicha to’lovni amalga
oshiradi.
8. Mahsulot oluvchi korxona banki Hisob Markaziga to’langan elektron to’lov
talabnomasini modem orqali jo’natadi.
9. Hisob Markazi elektron to’lov tizimi orqali to’langan talabnomani mahsulot
sotuvchi korxona bankiga o’tkazadi. (Hisob Markazida bo’ladigan operatsiyalar
boshqa mavzuda batafsil ko’rilishi sababli Hisob Markazida bajariladigan ishlar
batafsil yoritilmadi.)
10. Mahsulot sotuvchi korxona banki talabnoma summasini mahsulot sotuvchi
korxonaning hisobvarag’iga o’tkazadi.
11. To’lovning kelib tushganligini habar qilish uchun kompyuterda chiqarilgan
elektron to’lov talabnomasining ikkinchi nusxasini hisobvaraqdan ko’chirma bilan
birgalikda mahsulot sotuvchi korxonaga topshiradi.
40
Naqd pulsiz hisob-kitoblarning boshqa shakllari kabi to’lov talabnomasi
bo’yicha hisob-kitoblar xam ma’lum bir afzallik va kamchiliklarga ega. To’lov
talabnomalari bilan hisob-kitoblarnig afzalliklari kuyidagilardan iborat:
1) Mahsulot sotuvchi bilan mahsulot oluvchi tomonlar bir-birini o’zaro nazorat
qilishga kulay.
2) Mahsulot oluvchiga tovarni jo’natish kechiktirilmaydi.
3) Mol jo’natuvchi bilan hisob-kitob qilish uchun mahsulot oluvchining
mablag’ini aloxida hisobvaraqda deponent qilib ko’yish talab etilmaydi, ya’ni
to’lovchining mablag’lari biror muddatga oborotdan tashqariga chiqib ketmaydi.
4) To’lovchiga taqdim etilgan hujjatlar asosida mol etkazib beruvchining
shartnoma shartlari qay darajada bajarilishini tekshirish huquqi beriladi, shu bilan
birga shartnoma shartlaridan biri buzilgan holda to’lov to’lashdan bosh tortish
huquqiga ega bo’ladi.
5) Mol oluvchi hisob varag’idan aktseptsiz talabnomalar bo’yicha
mablag’larning majburiy olinishi mahsulot etkazib beruvchi yoki xizmat ko’rsatgan
tomon manfaatlariga mos keladi.
To’lov talabnomasi bo’yicha hisob-kitoblarning kamchiliklari kuyidagilar:
1. Mahsulot sotuvchi korxonaga to’lovning o’z vaqtida o’tkazilishi
kafolatlanmaydi.
2. To’lov o’tkazilishi bilan tovar jo’natilishi vaqtining bir-biriga mos
kelmasligi.
3. To’lov talabnomasi bo’yicha hisob-kitoblarda hujjatlar aylanishi to’lov
topshirig’iga nisbatan uzoqroq davom etadi.
Umuman, to’lov talabnomasi bo’yicha hisob-kitoblarning ishlatilishi ko’p
hollarda - 2-kartotekadan o’z vaqtida to’lanmagan to’lov talabnomalarning
ko’payishiga sharoit yaratadi, chunki talabnoma bankka to’lov uchun kelib tushgan
vaqda to’lovchining hisobvarag’idan har doim ham to’lovni amalga oshirish uchun
etarli pul mablag’lari bo’lmaydi. Kartotekaga qo’yilgan har bir to’lov talabnomasi
respublika halq xo’jaligi debetorlik va kreditorlik qarzlarining oshganligidan dalolat
beradi. Shu sababli, respublika banklari o’z mijozlarining kartotekadagi hujjatlari va
ularni to’lash bo’yicha qanday ishlar olib borilayotganini nazorat qilib turadilar.
Dostları ilə paylaş: |