ABULQOSIM HAKIM SAMARQANDIY, to‘liq nomi Ishoq ibn Muhammad ibn Ismoil ibn
Ibrohim ibn Zayd (856-946) -hanafiylik mazhabining ko‘zga ko‘ringan nazariyotchisi,
hakim. Samarqandda tug‘ilgan. Yoshligida ilm olish uchun Balxga borgan, u yerda Abu
Bakr Varroq Termiziydan tariqat ta’limini olgan. U kalom, fiqh va tafsir ilmlarini chuqur
o‘rganib, o‘sha davrning mashhur shayxlaridan hadis va rivoyatlar eshitgan. Manbalarga
ko‘ra, keyinchalik u Samarqandga keladi, qozi lavozimida ishlaydi va shu yerda vafot
etadi. Ulamolar somoniylar amiri Ismoil Somoniyga murojaat qilib, Movarounnahrda avj
olgan turli mazhab va firqalarni kelishtirish uchun aqidalar majmui bo‘lgan bir kitob
yaratishni tavsiya etadilar. Amir kitob yozishni A.H.S.ga topshirgan. Shu tariqa "as-
Savod ul a’zam" ("Ko‘pchilik tomon") kitobi vujudga kelgan. A.H.S. o‘ziga xos kalom
maktabini yaratgan. U o‘z asarida imonni yaratilmagan, ya’ni azaliy deb hisoblab, bu
fikrga qo‘shilmaganlarni bid’at ahli deb atagan. A.H.S. hanafiy mazhabining asosiy
aqidalarini himoya qilib, mazhabni tug‘ilib kelayotgan aqliy dalillar vositasida qayta
ko‘rib chiqishga qarshi turgan, aqidaviy ixtilofga barham berish yo‘li bilan Movarounnahr
musulmonlari o‘rtasidagi fikriy yakdillikni saqlab qolmoqchi bo‘lgan. U ahli sunna va
jamoa ta’limotining shakllanishiga muhim hissa qo‘shgan.
AVESTO, Ovasto (parfiyoncha: arastak -matn; ko‘pincha "Zend-Avesto", ya’ni "tafsir
qilingan matn" deb ataladi) -zardushtiylikning muqaddas kitoblari to‘plami. A.Markaziy
Osiyo, Eron, Ozarbayjon xalqlarining qad. davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayot, diniy
qarashlari, olam to‘g‘risidagi tasavvurlari, urf-odatlari, ma’naviy madaniyatlarini, forsiy
va turkiy tilda so‘zlashuvchi qabilalarning yozuvlarini o‘rganishda muhim va yagona
manba. A. o‘rta fors (paxlaviy) yozuviga yaqin bo‘lgan maxsus Avesta yozuvida bitilgan.
Mil. av. 6-a.da, Axomaniylar sulolasi zamonvda oromiy alifbosida ilk bor kitob qilib
ko‘chirilgan. A.ning tafsiri "Zend A." nomi bilan yuritiladi. Zardushtiylik ruhoniylari