www.ziyouz.com kutubxonasi
174
bosinqirab chiqamen!.. U yoqda rosa abgor bo‘lib, ikki yuz qirqtagina odam bilan
Xurosonga qarab jo‘nadik. Hisor tog‘larining orasida rosa qiynaldik. Ot-ulovlar o‘lib-
so‘yilib tamom bo‘lgan. Bobur mirzo ham otini onasiga berib, o‘zi piyoda yuradi.
Oyoqlarimizda choriq. Qo‘llarimizda tayoq. Turadigan joyning tayini yo‘q. Birov beri kel,
demaydi. Arzimagan amaldorlar Bobur mirzoday odamga behurmatlik qilib
«yo‘llaringdan qolmanglar, Hisordan tezroq o‘tinglar», deydi. Bizning g‘azabimiz kelib,
qo‘pol gapirgan amaldorlarni chopib tashlasak, deymiz. Lekin Bobur mirzo: «Bardosh
qilinglar, tezroq Amudaryodan o‘tib olaylik», deb shoshiradi.
— Lekin shoshirganicha bor ekan-da, jiyan. Sizlardan sal keyin Shayboniyxon Hisorni
ham bosibdi-ku.
— Ha, keyin bilsak, Bobur mirzo uzoqni o‘ylab shunday qilgan ekanlar. Hisor podshosi
Xisravshoh umrida bir mushuk bilan ham urushib ko‘rmagan qo‘rqoq odam ekan.
Beklarning ko‘pchiligi undan norozi ekan. Bobur mirzoga maxfiy odamlar yuborib:
«Keling, Hisorni sizga beraylik!» der ekanlar. Lekin Bobur mirzo fitnaga aralashmadi.
«Keling», degan haligi beklarga: «Xoqon bo‘lsalaring o‘zlaring kelinglar», deb yaxshi
gaplar aytib odam yubordilar. Biz Amudaryodan bu yoqqa o‘tganda, Shayboniyxon
Hisorga bostirib kiribdi. Qo‘rqoq Xisravshoh xon bilan jang qilishga yuragi betlamay,
poytaxtni tashlab qochibdi. Uning o‘ttiz ming qo‘shini tarqab ketibdi. O‘zingiz bilasiz,
mulla tog‘a, bunday paytda beklar nomi ulug‘roq bir podshoh izlab qolishadi. Bobur
mirzo Shayboniyxon bilan dadil jang qilgani, birda yengilgan bo‘lsa, birda uni yenggani
eslariga tushadi. Ilgarigi eshik og‘a Qosimbek o‘sha paytda Hisor qo‘shinining orasida
edi. Uning Bobur mirzoga ixlosmandligini bilasiz. Xullas, ini buzilgan ariga o‘xshab
tarqalgan Hisor qo‘shini Amudaryo bo‘yida bizga kelib qo‘shilaverdi. Eng avval Boqibek
Chag‘oniyoniy degani to‘rt yuz askari bilan keldi. Bobur mirzo unga kutganidan ziyoda
hurmat ko‘rsatdi. Boqibekni eng baland martabali eshik og‘a qilib qo‘ydi. Keyin
Xisravshohning boshqa beklari-yu, navkarlari ketma-ket kelib bizga qo‘shilaberdi-da.
O‘zimiz daryodan ikki yuz qirqtagina odam o‘tgan edik. Bir oy ichida to‘rt mingga
yetdik...
Mavlono Fazliddin jiyanining so‘nggi yillarda bir qadar o‘zgarib qolganini endi aniqroq
sezdi. Tohir ilgari bunchalik so‘zlay olmas edi. U gapdon asilzodalar orasida ko‘p yurib,
mulozimlarga xos murakkab iboralar ishlatishga o‘rgangan edi.
— Biz Kobulga kelsak, arg‘in degan urug‘dan Muqimbek hokim bo‘lib o‘tirgan ekan. Taxt
da’vo qilishga haqqi ham yo‘q, biz bilan olishadigan kuchi ham yo‘q. Kobulni bizga
jangsiz berdi. Keyin Husayn Boyqarodan Bobur mirzoga xat berdi. «Cherik bilan keling,
Shayboniyxonga qarshi ittifoq bo‘lib chiqaylik», debdi. Otda qirq kun yurib shuncha
joydan kelsak, Husayn Boyqaro olamdan o‘tibdi.
— Bir jihatdan Kobulni poytaxt qilib, bu yerga obro‘ bilan kelganlaring yaxshi bo‘libdir,
jiyanim. Aks holda, Husayn Boyqaroning kalondimog‘ o‘g‘illari Bobur mirzoni pisand
qilmagan bo‘lur edi.
— Lekin hozir hurmatimiz juda joyida. Shahar hokimini bizga qo‘shib qo‘yganlar. Hirotni
aylantirib rosa tomosha qildirdi. Katta dargohlarda har kun ziyofat. Bugun kech Bobur
mirzo yana saroyga borishlari kerak edi...
Tohir osmonga ko‘z tashlab, oftobning ancha pasayib qolganini ko‘rdi-yu, bezovtalanib
o‘rnidan qo‘zg‘aldi:
— Mulla tog‘a, men kech qolsam bo‘lmas. Sizning uyingizga ertaga borsam maylimi?
Qanday topib boramen? Shuni ayting.
Ular Tohirning otini jilovidan tutib turgan navkarning oldiga borgunlaricha mavlono
Fazliddin uyining qayerdaligini Tohirga batafsil tushuntirdi. Tohir otining jilovini
navkarining qo‘lidan olar ekan: