www.ziyouz.com kutubxonasi
177
— Mavlono, — deb Bobur Xondamirga yuzlandi. — Hirot obidalarini qurgan me’morlar
orasida Movarounnahrdan kelganlari ham bormidi?
— Amirzoda, Siz Hirotda Samarqand sayqali ham borligini sezib turganga o‘xshaysiz.
— Ha, savolimning boisi ham shu.
— Hirotning ko‘p ulug‘ zotlari Samarqandda tahsil ko‘rmishlar. Ular Samarqand sayqalini
qalblarida olib kelmishlar, yana Movarounnahrdagi fatoratlardan bezib qochgan talay
iste’dodlar Hirotga kelib, hazrat Alisherdan panoh topmishlar. U oliy zotning fazilatlari
behisob edi. Lekin faqirga eng ulug‘ tuyulgan fazilatlari— hazrat Mirning
iste’dodshunosliklari-yu, zakovatparvarliklari edi. Ulug‘ ishlarini ulug‘ iste’dodlarsiz qilib
bo‘lmasligini hazrat Alisher yaxshi bilur edilar. Shuning uchun hamisha el-ulus orasidan
nodir iste’dodlar izlab o‘tdilar. Yonlarida yurgan nadimlariga, musohiblariga, biz kabi
shogirdlariga aytar edilarki, baxillik doim nursiz, layoqatsiz, iste’dodsiz odamlardan
chiqur. Xususan, oliy jamiyatda layoqatsiz baxillar doim iste’dodlarning yo‘lini to‘surlar,
xudodod zakovatlarini yuzaga chiqarmay, xayf qilurlar, bundan butun xalq zarar ko‘rur.
Dunyodagi eng mash’um baxillik, iste’dodlarning yo‘lini to‘sguvchi baxillikdir. Dunyodagi
eng oliy saxovat esa nodir iste’dodlarni yuzaga chiqaruvchi saxovatdir.
— Ayni haqiqat! — zavqlanib xitob qildi Bobur.
Xondamir bu xitobdan ruhlanib, ovozini xiyol ko‘tarib davom etdi:
— Biz biron safardan qaytsak yoki hazrat Alisherga bir-ikki kun ko‘rinmay yurib, keyin
huzurlariga kelsak: «Qani, xo‘sh, yana qanday ajoyib iste’dod uchratdingiz?»— deb
so‘rar edilar. Biz uchratgan nodir iste’dodlarning ba’zilari o‘n besh-o‘n olti yoshlik
o‘spirinlar bo‘lar edi. Hazrat Alisher: «Bo‘ladigan bola o‘n besh yoshida bosh bo‘lur,
bo‘lmaydigan odam qirq yoshida ham yosh bo‘lur», der edilaru topilgan iste’dod o‘spirin
bo‘lsa ham huzurlariga chorlar edilar. «Sohib Doro iste’dodli shoir Zayniddin Vosifiyni o‘n
besh yoshida hazrat Mirning huzuriga keltirgan edi. Hazratning saxovatlaridan
bahramand bo‘lgan bu yosh shoir juda tez ulg‘ayib, butun Hirotga mashhur bo‘ldi. Ulug‘
musavvir Kamoliddin Behzod ham yoshlikdan hazrat Mirning tarbiyalari bilan ulg‘aydilar.
Shoir Hiloliy, xattot Sulton Ali Mashhadiy ham hazrat Alisher kashf etib, tarbiyat qilgan
iste’dodlardandir. Ko‘z o‘ngimizda turgan Hirot so‘nggi o‘ttiz-qirq yil mobaynida
avvalgidan o‘n barobar go‘zalroq, ulug‘vorroq bo‘lib ketganini barcha fozil kishilar ay-
turlar.
— So‘zingiz chin, mavlono. Men ko‘rgan Rub’i maskunda* Hirotdek shahar yo‘qdir!
— Amirzodam, bugungi Hirotni shunchalik go‘zal, shunchalik ulug‘ qilganlar — el-ulus
orasidan chiqqan iste’dodlar emasmi?
— Rost! Ko‘z o‘ngimizda turgan barcha nodir obidalar — ulug‘ iste’dodlar xazinasidan
chiqqan gavharlardir.
— Lutf qildingiz, amirzodam. Hazrat Alisher — gavharday bebaho iste’dodlar xazinasini
ochgan eng ulug‘ kashfiyotchi edilar. Buni sulton Sohibqiron Husayn Boyqaro ham tan
olgan edilar. Eshitgandirsiz amirzodam, hazrat Alisher bilan Husayn Boyqaroning
oralariga nifoq solgan baxillar ko‘p edi. Ma’lumingizkim, sulton Husayn mastlikda ko‘p
yomon ishlar ham qilgan edilar... Ammo ichmay yurgan ta’blari tiniq kunlarda hazrat
Alisherga shundoq ehtiromlar ko‘rsatar edilarki, hammamiz hayron qolar edik.
Bobur Xondamirning zavqli bir voqeani eslagandek mamnun kulimsiraganini ko‘rdi-yu,
uning hikoyasini kutib, yuziga tikildi.
Xondamir hali yigit yoshida bo‘lsa ham ko‘p o‘ltirib ishlash oqibatida bir oz semirib
qolgan to‘la gavdali o‘rta bo‘y kishi edi. U go‘shtdor barmoqlari bilan qoshining ustini
silab qo‘ydi-yu:
— Hazrat Alisher «Xamsa»larini bitirib Sulton Husayn Boyqaroga o‘qishga berdilar, —
deya hikoya qila boshladi. — Sulton Husayn ta’bi nazmi o‘tkir zot edilar. «Xamsa»ni