Allohning huzurida esa (bundan) chiroyli joy (jannat) bordir. 15. Ayting (ey, Muhammad): "Sizlarga bulardan ham yaxshiroq narsa haqida xabar beraymi? Taqvodor kishilar uchun Parvardigorlari huzurida ostidan anhorlar oqib turadigan, abadiy yashaladigan bog'lar, pok xotinlar va Allohning rizosi bor. Alloh bandalarni ko'rib (kuzatib) turuvchidir". 16. (Ular): "Ey, Rabbimiz, bizlar Senga imon keltirganmiz. Bas, bizning gunohlarimizni kechir va bizni do'zax azobidan asra!" - deydilar. 17. (Ular) sabrli, sadoqatli, itoatli, saxovatli va sahar chog'larida Allohdan mag'firat so'raydiganlardir. 18. Adolatda (barqaror) turib, Alloh guvohlik beradi: "Allohdan o'zga iloh yo'qdir". Farishtalar va ilm egalari ham (buni ta'kidladilar). (Albatta,) qudratli va hikmatli Allohdan o'zga iloh yo'qdir. 19. Albatta, Alloh nazdida (maqbul) din Islom (dini)dir. Ahli kitoblar (yahudiy va nasroniylar)ga ma'lumot (tavhid va Muhammad to'g'risidagi vahiy) kelgandan keyin hasad yuzasidan o'zaro ixtilof (inkor) qilishga o'tdilar. Kim Allohning oyatlarini inkor etsa, (bilib qo'ysinki,) Alloh tez hisob-kitob qiluvchi zotdir. 20. Agar Siz bilan (din haqida) bahslashsalar, "(Men) va menga ergashganlar o'zimizni Allohga bo'yin sundirdik", - deb ayting! So'ng, ahli kitoblar va (kitob berilmagan) savodsiz (mushrik arablar)dan: "Islomga kirdingizmi?" - deb so'rang. Agar Islomga kirsalar, demak, to'g'ri yo'lni topibdilar. Agar bosh tortsalar, bas, Sizning burchingiz, faqat (ularga haqiqatni) yetkazib qo'yishdir. Alloh bandalarni ko'rib (kuzatib) turuvchidir. 21. Allohning oyatlarini inkor etadigan, payg'ambarlarni nohaq qatl qiladigan va adolatga chaqiruvchi kishilarni o'ldiradigan kimsalarga alamli azob haqida "bashorat" bering!