14.2. Personalni boshqarishda axborot texnologiyalari
Personalni boshqarish tizimi xodimlari oqilona qaror qabul qilishlari, o‘zlarining boshqa xizmat vazifalarini muvaffaqiyatli bajarish uchun batafsil va ishonarli ma’lumotlarga ega bo‘libgina qolmasdan, shuningdek bu ma’lumotlar bilan tezkor ishlash, tahlil qilish, umumlashtirish, shu asosda tegishli hujjatlarni tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘lishlari talab qilinadi. Olib borilgan tadqiqotlar boshqaruv xizmati mutaxassislari ish vaqtining 30 foizdan 80 foizgachasi ana shu ma’lumotlar bilan ishlashga sarflanishini ko‘rsatmoqda. Bu tabiiydir, chunki axborot bilan ishlash samarali boshqaruvning hal qiluvchi omili hisoblanadi.
Personalni boshqarish axborot ta’minotining asosiy maqsadi oqilona qarorlar qabul qilish uchun manba vazifasini o‘taydigan mavjud ma’lumotlar bilan ishlash, ularni tahlil qilish va umumlashtirishdan iboratdir. Axborot oqimlari hajmining kattaligi, turli ma’lumotlarni to‘plash, saqlash, ular bilan ishlash va ulardan foydalanish bo‘yicha ko‘p hollarda bir-birini takrorlovchi, operatsiyalarni bajarish personalni boshqarish xizmatida eng zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llashning ahamiyatini yaqqol ko‘rsatadi.
Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi personalni boshqarish xizmatida ham axborot texnologiyalarini joriy etishning huquqiy asosi O‘zbekiston Respublikasining „Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonuni hisoblanadi. Axborot texnologiyalari davlat hokimiyati organlari, mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlari, jamoatchilik birlashmalarining axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun eng maqbul shart-sharoitlarini yaratishga qaratilgandir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 22 noyabrdagi 256-son „Axborotlashtirish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida davlat axborot resurslarini shakllantirish, davlat organlarining axborot tizimlarini tashkil etish, axborotlarni hujjatlashtirish tartibi belgilab qo‘yilgan.
Ushbu qarorga binoan hujjatlashtirilgan axborot, mulk huquqi ob’ekti hisoblanadi va tegishli rekvizitlar bilan birgalikda axborot manbaida qayd etilgan alohida hujjat yoki jami hujjatlar shaklida, shu jumladan elektron hujjat shaklida bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |