- 26 -
II BOB: Publitsistik nashrlarda siyosiy atamalar.
2.1. Ommabop uslub haqida.
Ommaviy axborot vositalari uslubi publitsistik uslub sanaladi. Bu uslubning
muhim xususiyati axborot berish va ta’sir qilish bo’lib, soddalilik, tushunarlilik,
ta’sirchanlik, adabiy til me’yorlariga qat’iy amal qilishdir.
Publitsistik uslubning ham og’zaki ham yozma shakllari mavjud. Radio-
televideniye uslubi publitsistik uslubning og’zaki shakliga, gazeta, jurnal uslubi
esa yozma shakliga xosdir. Ayni paytda respublikamizda 696 ta gazeta, 260 ta
jurnal, 4 ta axborot agentligi, 65 ta telestudiya, 36 ta radiostansiya faoliyat
ko’rsatmoqda.
Publitsistik uslub jamiyat faol a’zosining ijtimoiy-siyosiy hayotga bo’lgan
munosabatini ifodalaydi.
Har qanday jamiyatning u yoki bu faol a’zosi o’zi yashab turgan
jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-ma’daniy hayotiga
befarq qaramaydi, ularga o’z munosabatini bildiradi. Bu munosabat til vositalari,
ularning imkoniyatlari asosida o’z ifodasini topadi. Ana shunday munosabatini
ifodalashni ta’minlash uchun xizmat qiladigan nutq ko’rinishlari publitsistik nutq
hisoblanadi.
Publitsistika so’zi lotincha bo’lib
−
ijtimoiy yoki xalq, ijtimoiy xalqchil
degan ma’nolarni bildirgan. Publitsistik uslub ko’rinishlari ijtimoiy taraqqiyotning
eng qadimgi davrlaridayoq paydo bo’la boshlaganligini, bu ko’rinishlar qadimgi
notiqlar nutqlarida namoyon bo’lganligini olimlar ta’kidlaganlar.
Matbuot nutqi odatda, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-axloqiy, adabiy-
tanqidiy mavzulardagi ommaviy nashrlarda, ijtimoiy-siyosiy jurnallarda, barcha
gazetalarda, notiqlarning nutqlarida, radio va televideniye chiqishlarida namoyon
bo’ladi. Boshqacha aytganda, ana shularning nutqi matbuot nutqi sifatida tan
olinadi. Gazeta nutqi matbuot nutqining hozirgi kundagi eng asosiy ko’rinishidir.
Chunki gazeta nutqida ommaga
murojaat qilish, undash, qiziqtirish,
rag’batlantirish, uyushtirish – umuman olganda, ta’sir etish yetakchi o’rinda turadi.
- 27 -
Ommaning faolligini oshirishda u nihoyatda tezkordir. Bunga sabab uning
ommaviyligi, tez yetib borishi, tushunarliligi, aniq- lo’ndaligi, hayot bilan
hamnafasligidir.
Publitsistik asarlarning (masalan, xabar, reportaj, korrespondesiya, maqola,
ocherk, feleton, pamflet, bosh maqola va boshqalarning) uslubiy chegaralanishi
ularning, eng avvalo, alohida lisoniy belgilarga ega ekanligida ko’rinadi. Ana shu
lisoniy belgilar o’zbek tilining publitsistik asarlarda amal qilishida ma’lum
ma’noda yopiq sistema mavjud ekanligiga dalildir. Bu yopiq sistema, ya’ni
chegaralanish publitsistik asarlar tilining uslubiy o’ziga xosligi bo’lib, o’zbek tili
vazifaviy uslublari doirasida publitsistik uslub nomi bilan yuritilishiga imkon
beradi.
Xo’sh, til birliklarini qo’llashda o’ziga xos sistemani tashkil etuvchi
publitsistik uslub qanday alohida lisoniy belgilarga ega va uning boshqa vazifaviy
uslublarga aloqadorligi nimada?
Eng avvalo, bu uslubning boshqa vazifaviy uslublarga aloqadorligini ko’rib
o’taylik. U til birliklarining obrazlilikni, emotsional-ekspressivlikni yuzaga
keltirishga xizmat qilishiga ko’ra badiiy nutq uslubiga; ifodaning lo’nda va aniqligi
hamda atamalarning faol qo’llanilishi bilan esa ilmiy uslubga yaqin turadi.
Ijtimoiy-siyosiy masalalarni ko’tarib chiqishi, tahlil usuli, mantiqiy davomliligi,
kitobxonni ishontirish kuchi, ijtimoiy masalalarni hal etishga undashning
kuchliligi, o’ziga xos atamalarning qo’llanishi singari xususiyatlar publitsistik va
ilmiy uslubning o’xshash tomonlaridir.
So’z va atama siyosiy ma’nosining badiiy uslub unsurlari bilan qorishgan,
uyg’unlashgan holda ifodalanishi publitsistik nutqni yanada kuchaytiradi va uning
ta’sirchanligini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, publitsistik uslub boshqa
uslublardan jiddiy farqlarga ham egaki, bu farqlar uning o’ziga xos lisoniy
belgilaridir. Adabiy tilimizning boyishida publitsistik uslubning roli katta. Chunki
ijtimoiy-siyosiy hayotimizda ro’y beradigan voqea-hodisalar, odatda, birinchi
navbatda publitsistik asarlarda o’z aksini topadi.
- 28 -
O’zLiDeP Siyosiy Kengashi ijroiya qo’mitasi va Oliy Majlis Qonunchilik
palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, bank-moliya, soliq va bojxona
tashkilotlari vakillari, tadbirkor hamda fermerlar ishtirok etgan tadbirlarda asosiy
e’tibor kichik biznes va xususiy mulkchilik subektlari faoliyatini tartibga soluvchi
qonunlarni tahlil qilish, ularni yanada takomillashtirish bo’yicha zarur
tavsiyalarni ishlab chiqish, shuningdek, Konsepsiyada o’rtaga qo’yilgan dasturiy
masalalar yuzasidan aniq vazifalarni belgilab olishga qaratildi. (Kichik biznes va
xususiy tadbirkorlik
−
taraqqiyot kafolati «XXI asr» gazetasi, 2011-yil, 28-aprel,
389-soni).
Publitsistik uslub ijtimoiy-siyosiy bilimlarni targ’ib qilish va keng xalq
ommasiga yetkazuvchi vosita sifatida bu uslub tilining rang-barangligi orqali
kishilar ongiga ko’proq ta’sir etadi.
Bu uslubning yana bir xususiyati shundaki, unda qisqalik (lakonizm)
markaziy o’rinlardan birini egallaydi, ya’ni qisqa, lo’nda, tushunarli, yorqin,
ixcham tilda yozish asosiy talablardan hisoblanadi.
Publitsistik uslubda gazeta tili alohida o’rin egallaydi. Chunki gazeta va
publitsistika bir-biri bilan chambarchas bog’liq. Shu bilan birga, gazeta uslubi
publitsistik uslubning bir tarmog’i hisoblanadi.
Gazeta ijtimoiy hayotning turli-tuman sohalarini to’la qamrab oladi.
Ikkinchidan esa, uning sahifalarida xabardan tortib (maqola, reportaj, ocherk, bosh
maqola, e’lon…) badiiy asarlardan parchalargacha beriladiki, bu ommaning barcha
tabaqalariga ta’sir etishning, barchasiga tegishlilikni, tushunarlilikni ta’minlaydi.
Publitsistik uslub ijtimoiy-siyosiy atamalarni o’zida mujassam etishi (xabar,
ma’ruzalar, turli chiqishlar, raportlar, tabriknomalar, qarorlar, hukumat notalari)
bilan rasmiy ish-qog’ozlari uslubiga yaqinlashgandek bo’ladi. Rasmiy-ish
qog’ozlari uslubiga xos so’z va atamalar publitsistik uslubda ham uchrab turadi,
ba’zilari esa faol qo’llanishi ham mumkin.
Dostları ilə paylaş: |