Qand miqdorini pasaytiruvchi peroral preparatlar Ushbu guruh preparatlari faqatgina 2-tip qandli diabet bilan kasallangan bemorlarni qo’llab-quvvatlash uchun ishlatiladi. Birinchi tipda ular samarasiz hisoblanadi.
Preparatning ta’sir mexanizmi — endogen yoki ekzogen insulin mavjudligida anaerob glikolizni stimulyatsiya qilish hisobiga mushak to’qimasi tomonidan glyukozaning faol ravishda utilizatsiya qilinishi. Shuningdek ularning ba’zilari ishtahani kamaytiradi va tana vaznini pasaytirishga yordam beradi.
Anaerob glikoliz natijasida sintezlanadigan sut kislotasi to’planishi sababli pH`ning nordon tarafga siljishi ro’y beradi va to’qimalar gipoksiyasi kuchayadi.
Davolashni minimal dozalardan boshlash tavsiya etiladi. Uglevod almashinuvi kompensatsiyasi va glikozuriya bo’lmaganda doza oshiriladi. Gipoksiya rivojlanishi mumkinligi inobatga olinib, ushbu guruh preparatlari miokard yoki boshqa organlarida ishemik o’zgarishlar mavjud bo’lgan bemorlarga ehtiyotkorlik bilan buyurilishi kerak.
Ba’zi bemorlarda qandni pasaytiuvchi preparatlarning samaradorligi pasayishi kuzatilishi mumkin. Bu me’da osti bezining sekretor faolligi pasayishi bilan bog’liq va oxir-oqibat bunday preparatlarning besamarligiga va insulinoterapiyaga o’tish kerakligiga olib keladi.
Insulinoterapiya Insulin bilan davolash uglevod almashinuvini maksimal darajada kompensatsiyalash, gipo- va giperglikemiyani oldini olish va shu tarzda diabet asoratlarini profilaktikasini ta’minlashga qaratilgan. Insulinoterapiya 1-tip diabetli bemorlar uchun hayotiy zarur hisoblanadi. 2-tipda esa ba’zi hollarda qo’llanilishi mumkin.
Qo’llash uchun ko’rsatmalar:
2-tip diabetni boshqa usullar bilan davolashning besamarligi;
Kasallik vaqtida tana vaznining sezilarli darajada pasayib ketishi;
Diabetik nefropatiya.
Bugungi kunda insulin preparatlarining ko’plab turlari mavjud. Ular ta’sir davomiyligi (ultraqisqa, qisqa, o’rtacha va davomli), tozalanish darajasi (monopikli, monokomponentli), maxsusligi (inson, cho’chqa, buqa, gen muhandisligidan olingan va boshqalar) bo’yicha farqlanadi.
Insulin teri ostiga maxsus shprits yoki pompa-dozator yordamida kiritiladi. Unga bo’lgan talabni bilish zaruriy shart hisoblanadi. 1 non birligiga kerak bo’ladigan insulin miqdorini bilib, ovqat qabuliga qarab bemor qisqa ta’sirli insulinlar dozasini samarali va xavfsiz tarzda o’ziga moslashtirib olishi mumkin bo’ladi.
Organizmning fiziologik xususiyatlaridan kelib chiqib, bir non birligiga teng uglevodlarni o’zlashtirish uchun sutka vaqtiga qarab 0,5 — 4 birlik insulin talab etilishi mumkin.
Mazkur ko’rsatkichlarni aniqlash uchun asosiy ovqatlanishdan keyin glyukoza miqdorini o’lchash, bu vaqtda qancha non birligi iste’mol qilingani va kiritilgan insulin miqdorini bilish kerak. Shunga qarab non birligi va insulin miqdori taqqoslanadi. Agar ovqatdan keyin qand miqdori me’yordan yuqori bo’lsa, keyingi kunda insulin dozasi 1-2 birlikka oshiriladi va glikemiya darajasi 1 birlik insulin uchun qancha o’zgargani hisoblanadi.