2-§. Pech yordamida isitishga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari 123. Odamlar ommaviy bo‘ladigan obyektlarda, shuningdek, sutka davomida bolalar bo‘ladigan muassasalarning yotoqxonalarida isitish pechlarini o‘rnatish taqiqlanadi.
124. Suyuq va qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan dudburon va pechlarni, isitish mavsumi boshlanishidan oldin hamda isitish mavsumi davomida qurumdan tozalash lozim, ushbu ishlar kamida:
a) isitish pechlari uch oyda bir marta;
b) doimiy (uzluksiz) ishlatiladigan pech va o‘choqlar ikki oyda bir marta;
v) oshxona plitalari va boshqa uzluksiz (uzoq muddat) yoqiladigan pechlar oyiga bir marta o‘tkaziladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining talablariga muvofiq iste’molchilarning ichki gaz tarmoqlarini, gazdan foydalaniladigan asbob-uskunalarni texnik tekshirish va ularga profilaktik xizmat ko‘rsatish ishlari amalga oshiriladi.
125. Isitish pechlaridan foydalanishda quyidagilar taqiqlanadi:
a) yoqilgan pechlarni nazoratsiz qoldirish hamda ularni nazorat qilishni yosh bolalarga topshirish;
b) pechlar atrofida va ularning eshiklari (tuynuklari) oldidagi tunuka qoplamasida yoqilg‘i va boshqa yonuvchi moddalar va materiallarni joylashtirish;
v) pech va tandirlarni yoqish uchun yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklardan (benzin, kerosin, dizel yonilg‘isi va boshqalar) foydalanish;
g) ushbu turdagi yoqilg‘ilarga mo‘ljallanmagan pechlarni ko‘mir, koks va gaz yoqilg‘ilari bilan yoqish;
d) xonalarda majlis yoki boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi davrida pechlarni yoqish;
e) ventilatsiya (shamollatish) va gaz kanallaridan dudburon sifatida foydalanish;
j) pechlarni haddan ziyod qizdirib yuborish;
z) pechlar va boshqa isitish moslamalarini yonuvchan konstruksiyalardan yong‘inga qarshi bo‘linmasiz (ajratmasiz), yonmaydigan materialdan tayyorlangan o‘lchami 0,5×0,7 m dan kam bo‘lmagan o‘choqning oldiga qo‘yiladigan panellarsiz (yog‘ochdan tayyorlangan va boshqa yonuvchan materiallardan tayyorlagan pollarda), shuningdek, bo‘linma (ajratma) va o‘choq oldi panellarida kuyishlar va shikastlanishlar (yoriqlar) bo‘lganda ishlatish;
i) pechlarni yoqish uchun uzunligi o‘choq kattaligidan kattaroq o‘tindan foydalanish;
k) pechlarni eshigi ochilgan holda yoqish.
126. Binolarda va inshootlarda (yashash uylaridan tashqari) pechlarni yoqish, ish vaqti tugashidan ikki soat oldin, shifoxona va boshqa odamlar kunu tun bo‘ladigan obyektlarda esa uyquga ketishdan ikki soat oldin to‘xtatilishi lozim.
Bolalar kunduz kuni bo‘ladigan xonalardagi pechlarni yoqish ishlari kamida bolalar kelishidan bir soat oldin tugatilishi lozim. Yoqilg‘i sifatida gazdan foydalaniladigan obyektlarda pechlarni yoqish har to‘rt soatda bir marotaba bir soatdan kam bo‘lmagan tanaffus bilan amalga oshirilishi lozim.
127. O‘txonadan sidirib olinadigan kul va kulga aylanmagan qoldiqlar (shlaklar) ustiga suv quyib, ularni maxsus ajratilgan xavfsiz joylarga olib chiqib tashlash kerak.
128. Standartlar va texnik shartlarning yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydigan metall pechlarni o‘rnatish mumkin emas.
Turar joy binolari va tashkilotlarda, maxsus korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan metalldan yasalgan vaqtinchalik va boshqa pechlarni o‘rnatishda ushbu mahsulotning ishlab chiqaruvchi korxonasining ko‘rsatmalari (yo‘riqnomasi) hamda isitish tizimlariga qo‘yiladigan loyihalash talablari bajarilishi lozim.
129. Pechlardan moddiy boyliklargacha, savdo rastalari, peshtaxta, shkaflar va boshqa anjomlargacha bo‘lgan masofa 0,7 m dan, o‘txona og‘zidan esa 1,25 m dan kam bo‘lmasligi lozim.
130. Chordoqlardagi barcha dudburonlar va tutun kanallari o‘tgan barcha devorlarning yuzalari yoriqlarsiz, soz holatda va oqlangan bo‘lishi lozim.
131. Qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan qozonxonalarning dudburonlari uchqun so‘ndirgich bilan jihozlanishi kerak.
132. 3 soatdan ko‘p yoqiladigan, shu jumladan, gaz bilan isitiladigan pechlar (oshxona, kir yuvish xonalari va boshqalar) 51 sm kenglikdagi va 3 soatdan kam yoqiladiganlar esa 38 sm kenglikdagi yong‘inga qarshi devorlar bilan ajratilishi kerak.