20.2. Soliqlarni rejalashtirish bosqichlari Soliqlarni rejalashtirishni tashkil etishda yuqorida tanishib
chiqqan soliqlarni rejalashtirish elementlarining har birini e’tiborga
olgan holda bir-biri bilan oʻzaro bogʻlangan soliq majburiyatlarining
pasayishini kafolatlaydigan bir nechta bosqichni e’tiborga olish lozim.
Agarda korxonalar yangi tashkil etilish arafasida boʻlsa soliqlarni
rejalashtirish strategik, joriy va operativ rejalashtirish asosida tashkil
etilishi maqsadga muvofiq. Bunda korxonalarda soliqlarni
rejalashtirishning alohida bosqichlari sifatida quyidagilarga e’tibor
qaratiladi:
Birinchi bosqich– biznesni tashkil etish haqidagi fikrning paydo
boʻlishi, maqsad va vazifalarning qoʻyilishi, shuningdek, qonunchilik
tomonidan taqdim etilgan soliq imtiyozlaridan foydalanish imkoniyati
haqidagi savollarga javob topish (mavjud imkoniyatlardan kelib
chiqib qaror qabul qilish).
Ikkinchi bosqich– korxonaning ishlab chiqarish va boshqaruv
binolarini, shuningdek, uning filiallarini, shoʻba korxonalarini va
boshqaruv organlarini joylashtirishning soliq toʻlash nuqtai nazaridan
foydali variantlarini tanlash.
Uchinchi bosqich – yuridik shaxsning tashkiliy-huquqiy shaklini
tanlash va uning soliqqa tortish rejimi boʻyicha paydo boʻladigan
munosabatlarini aniqlash.
Toʻrtinchi bosqich– korxona soliq toʻlovchi sifatida barcha
imtiyozlarni tahlil qilish orqali soliqqa tortish tizimidagi barcha
rejimlar tarkibini oʻrganib chiqish. Natijada oʻtkazilgan tahlil asosida
tanlangan soliqqa tortish rejimidan foydalanish rejasini ishlab chiqish.
Beshinchi bosqich– tanlangan soliqqa tortish rejimini hisobga
olgan holda korxonaning shartnomaviy munosabatlari tizimini ishlab
chiqish. Bunda soliq oqibatlarini hisobga olish uchun mumkin boʻlgan
shartnoma shakllari (ijara, pudrat, savdo-xarid, tekin xizmat koʻrsatish
va boshqalar)ni rejalashtirish amalga oshiriladi. Bularning barchasi
xoʻjalik subektining shartnomalar tizimini tashkil qiladi.