1-rasm. Xalqaro amaliyotda dividend tо‘lash jarayoni sxemasi Bunda dividendlarni e’lon qilish vaqti aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi qarori asosida direktorlar kengashi tomonidan dividend summasi va tо‘lash muddatlari belgilanish vaqtini о‘zida aks ettiradi. Eks-dividend yoki reyestr yopilish sanasi qaysi sanadagi reyestr bо‘yicha dividend tо‘lanishinishi anglatadi va bu sanada odatda, aksiyalar kursi e’lon qilingan dividend miqdoriga kamayadi. Registratsiyadan о‘tish sanasiga qadar aksiyadorlar rо‘yxatdan о‘tishi lozim bо‘ladi va dividendlarni tо‘lash sanasida esa registratsiyadan о‘tgan aksiyadorlarga dividend cheklari yuboriladi.
Milliy amaliyotda esa dividend tо‘lash jarayoni quyidagi ketma-ketlik asosida tashkil etiladi (2-rasm).
2-rasm. “Xorazm shakar” qо‘shma korxonasi AJi misolida dividend tо‘lash jarayoni bosqichlari Bunda reyestr aksiyadorlar umumiy yig‘ilishidan uch ish kuni oldin tuziladi va aynan shu reyestrga kiritilgan aksiyadorlarga dividend tо‘lanishi milliy qonunchilikda belgilab qо‘yilgan. Dividend tо‘lash tо‘g‘risidagi umumiy yig‘ilish qarori qabul qilinishi dividend e’lon qilinganligini anglatadi va qarorda dividend tо‘lashning boshlanish va tugallanish sanalarini belgilash shart. Fikrimizcha, dividend tо‘lash jarayonini ketma-ketligini xalqaro tajaribaga uyg‘unlashtirish lozim.
Avtomatik reinvestitsiyalash aksiyadorlarga naqd pul shaklida dividend olish yoki uni qо‘shimcha aksiyalarga reinvestitsiya qilishdan birini tanlash huquqini taqdim etadi. Oxir-oqibatda korxona qо‘shimcha aksiyalar emissiyasini amalga oshiradi yoki ikkilamchi bozordan talab qilingan miqdorda о‘z aksiyalarini sotib oladi.
Korxona uchun bunday tо‘lov shaklining afzallik tomoni aksiyador tomonidan reinvestitsiyalash tо‘g‘risida qaror qabul qilingan holatlarda aksiyadorlik jamiyatining xususiy kapital doimiy manbasiga egalik qilishida namoyon bо‘ladi. Mulkdor uchun afzallik tomoni esa tezkor reinvestitsiya qilish imkoniyatida yoki aksiyadorlik jamiyati tomonidan aksiyalarni qayta sotib olish e’lon qilingan holatlarda aksiya bahosining о‘sishida kuzatiladi.
Dividendlarni aksiya kо‘rinishida tо‘lash dividend tо‘lovlari umumiy summasiga teng qо‘shimcha aksiyalarni mulkdorlar о‘rtasida taqsimlashni nazarda tutadi.
Misol kо‘rib chiqamiz.
Aksiyadorlik jamiyatining muomaladagi aksiyalar soni 1 000 000 dona. Xо‘jalik faoliyati yakunlari bо‘yicha 6 000 000 birlik miqdorida sof foyda olingan. P/E kо‘rsatkichi (aksiya bahosining bitta aksiyaga tо‘g‘ri keladigan foyda miqdoriga nisbati) 10 ga teng. 25 foizlik dividend aksiya kо‘rinishida e’lon qilingan. Investor 120 ta aksiyaga egalik qiladi. Uning aksiyalar soni va ularning jami qiymati qanday о‘zgaradi?
1. Dividend tо‘lashdan oldin:
EPS = 6 000 000 / 1 000 000 = 6 birlik. P/E=P/6,0 = 10, bundan P=60 birlik har bir aksiyaga.
Aksiya paketi bо‘yicha jamlangan qiymat 60 x 120 = 7200 birlik.
Dividend tо‘langandan sо‘ng (25 foiz aksiya):
NS = 1 000 000 x 1,25 = 1 250 000 dona. EPS = 6 000 000 / 1 250 000 = 4,80 birlik.
P/E=P/4,80=10, bundan P=48 birlik har bir aksiyaga.
Investor 120x1,25= 150 ta aksiyaga egalik qiladi.
Aksiyalar paketi jamlangan qiymati 48x150=7200 birlik.
Bunday holatda dividendlarni aksiya kо‘rinishida tо‘lash nazariy jihatdan aksiyadorlik jamiyati qiymati oshishiga va ikkinchi tomonidan mulkdorlar mulki darajasi о‘sishiga olib kelmaydi.
Lekin amaliyotda dividendlarni aksiyalar kо‘rinishida tо‘lash korxonaning likvidliligi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganda ijobiy ahamiyat kasb etadi. Mazkur amaliyotning umumiy afzalliklari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:
- dividend uchun mо‘ljallangan pul mablag‘larini kompaniya ixtiyorida qoldirish:
- ijobiy bozor signallari berilishi va pul mablag‘larining yetishmasligi sharoitida dividend siyosatini amalga oshirish;
- muomaladagi aksiyalar sonini oshirish;
- aksiyadorlar uchun qо‘shimcha xarajatlarsiz о‘z ulushini oshirishning samarali usuli.