3.Hashorotlarga qarshi ishlatiladigan kimyoviy moddalar bilan zaharlanishning oldini olish: 1. Zaharli kimyoviy moddalar, dorilar bolalardan uzoqda bo`lsin.
2.Yuqorida ko`rsatilgan kimyoviy zaharli moddalar o`zining qutisida germetik yopilgan holda, etiketkasi yopishtirilgan holda maxsus joyda (bolalarni qo`li yetmaydigan joyda) saqlanishi kerak.
3.Zaharli moddalarni o`zini idishidan boshqa idishga, shishaga solib qo`yish man etiladi.
4.Bu moddalarni boshqa idishlarda eritib, suv qo`shib ishlatish mumkin emas.
5.Kimyoviy moddalar bilan xonani dezinfeksiya qilishdan avval hamma buyumlarni, idishlarni, ovqat mahsulotlarini, sabzavotlarni tashqariga chiqarish kerak.
6.Zaharli moddani ishlatuvchi odam og`iz-burniga 4 qavatli dokadan niqob tutishi, ko`ziga ko`zoynak taqishi kerak.
7.Xonaga dori sepib bo`lingach deraza-eshiklarni ochib, xonaning havosi yangilanishi kerak.
8.Dezinfeksiya tugatilgach ortib qolgan kimyoviy modda o`zini qutisida germetik yopilib bolalarning bo`yi yetmaydigan joyga joylashtirilishi kerak.
9.Bu moddani ishlatgan odam ish tugagach kiyimlarini almashtirishi, yuz-qo`lini sovunlab yuvishi, iloji bo`lsa dush qabul qilishi lozim.
Quyidagilarni esda saqlash lozim: 1.Kechqurun uyqu oldidan yuqoridagi kimyoviy moddalarni ishlatish mumkin emas.
2.Oilada epilepsiya (tirishish), bronxial astma, yurak-tomir, nafas a`zolari kasalliklari, nerv-psixik kasalliklar bilan xastalanganlar bo`lsa, xlorofos va boshqalari qo`llanishi man etiladi.
Oilada ishlatiladigan sirka bilan zaharlanish. Sirka oilada ishlatib turiladi. Ammo, ehtiyotsizlik bilan ichib qo`yilsa lablar, og`iz shilliq qavati, til, tomoq, qizilo`ngach, hatto me`da va ichakda kimyoviy kuyish holati ro`y beradi.
Kuyish ko`p joyni egallasa shok holati yuzaga keladi.
Belgilari. Bemor qo`zg`aladi, notinchlanadi, arterial qon bosimi ko`tariladi, biroz vaqt o`tgach bemor tinchlanib, tormozlanish holati yuzaga keladi, arterial bosim normadan pasayadi, sovuq ter bosadi, qon qusadi.Ayrim hollarda bemor qusgan paytda qusuq moddasiga aralashgan sirka tomoqdan nafas yo`liga o`tib ketishi mumkin.Bunda bemorni ovozi bitadi, yo`taladi, nafasi qisadi, lablari, yuzlari, bo`yni, barmoqlari, qo`llari ko`karadi, chunki nafas yo`li qisilib qolgani uchun bemor nafas ololmaydi.
Sirka bilan zaharlanishning og`ir turida sirka qonga so`rilib, eritrotsitlarni parchalaydi (gemoliz). Buyraklar zararlanib, siydikda qon paydo bo`ladi, siydik qizaradi.Bemorning ahvoli juda og`ir bo`ladi. Bunday bemorlar tirik qolgan taqdirda ham nogironga aylanadi.