4-bob. Hosilaviy qimmatli qog‘ozlar Hosilaviy qimmatli qog‘ozlarning umumiy tushunchasi
Qimmatli qog‘ozlarning hosilalari - o‘z egalarining boshqa qimmatli qog‘ozlarga nisbatan huquqlarini yoki majburiyatlarini tasdiqlovchi va yuridik shaxslar tomonidan emitentning opsionlari, qimmatli qog‘ozlarga doir fyucherslar va boshqa moliyaviy vositalar tarzida chiqariladigan qimmatli qog‘ozlar.
Hosila qimmatli qog‘ozlar (HQQ) – bu shartnomalar bo‘lib, ular bo‘yicha bir tomon qimmatli qog‘ozlarning ma’lum bir miqdorini ma’lum muddatda kelishilgan narxda sotib olish yoki sotish huquqi yoxud majburiyatini oladi. Ko‘pincha bazis aktivi (ya’ni shartnoma asosida yotuvchi qimmatli qogoz) sifatida aksiyalar va obligatsiyalar ishtirok etadi.
O‘zbekistonda hosila qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va ular muomalada bo‘lishining o‘ziga xos xususiyatlari mavjud. Hosila qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va ularning muomalada bo‘lishi haqidagi Nizomga muvofiq respublika hududida faqat ularning negizida aksiyadorlik jamiyatlarining qimmatli qog‘ozlari yotadigan hosila qimmatli qog‘ozlar chiqarilishi mumkin. Mazkur hosila qimmatli qog‘ozlarning emissiya risolasi davlat ro‘yxatidan o‘tishi va belgilangan tartibda ro‘yxatga olish raqamiga ega bo‘lishi lozim.
Hosila qimmatli qog‘ozlarning emitenti – bu HQQni chiqaruvchi va ushbu qimmatli qog‘ozlar egalarining oldida ular bo‘yicha o‘z nomidan majburiyatga ega bo‘lgan yuridik shaxsdir. Hosila qimmatli qog‘ozlarni chiqarish to‘g‘risidagi qaror uni chiqarish vakolatiga ega bo‘lgan emitentning boshqaruv idorasi tomonidan qabul qilinadi.
Hosila qimmatli qog‘ozlar naqd hamda naqdsiz shakllarda chiqarilishi mumkin. Naqdsiz shaklda chiqarilgan hollarda ular global sertifikat HQQning naqdsiz shaklidagi butun nashrini (yoki bir qismini) tasdiqlovchi va depozitariyda saqlanadigan, shuningdek, bir martalik sertifikat uchun talab etiladigan barcha rekvizitlar, HQQ nashri emissiyasi va muomalasining umumiy shartlari ro‘yxatini o‘z ichiga olgan hujjat bilan rasmiylashtiriladi.
Hosila qimmatli qog‘ozlar sinflarga va seriyalarga bo‘linishi mumkin.
Sinf – bu uning negizida bitta bazis aktivi yotadigan bir turidagi hosila qimmatli qogozidir.
Seriya – bu ijro baxosi va amal qilish muddati bir xil bo‘lgan bir sinfning hosila qimmatli qog‘ozlaridir.
Hosila qimmatli qog‘oz bazis aktivining sertifikatsiyasi qimmatli qog‘ozning turi, xili, toifasi, uning nominal qiymati, bir donasining
narxi, miqdori, emitenti, umumiy qiymati haqidagi axborotni va boshqa ayrim ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi kerak.
Hosila qimmatli qog‘ozlar oldi-sotdisi muddatini kechiktirishga; bitim rasmiylashtirilayotgan yilda sotuvchining mulki bo‘lmagan hosila qimmatli qog‘ozlarning sotilishiga, shuningdek, HQQning amal qilish muddati tugayotgan kunda ularning sotilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.