9-modda. Auditorlik faoliyati standartlari Xalqaro buxgalterlar federatsiyasining Audit va ishonchni ta’minlaydigan topshiriqlarning
xalqaro standartlari bo‘yicha kengashi tomonidan e’lon qilinadigan auditning xalqaro standartlari
hamda sifat nazoratining xalqaro standartlari, tahliliy tekshiruvlarning xalqaro standartlari, ishonchni
ta’minlaydigan topshiriqlarning xalqaro standartlari, turdosh xizmatlarning xalqaro standartlari
auditorlik faoliyati standartlaridir.
Auditorlik faoliyati O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid bo‘lmagan, Xalqaro
buxgalterlar federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasida e’lon qilish to‘g‘risidagi ruxsatnomasi
asosida auditorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida joylashtirilgan
auditorlik faoliyati standartlari asosida amalga oshiriladi.
Auditning xalqaro standartlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llash uchun ularni
tan olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
2-bob. Auditorlik faoliyati sohasini tartibga solish 10-modda. Auditorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari Auditorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan
iborat:
auditorlik faoliyatini va auditorlik xizmatlari bozoridagi halol raqobatni ilg‘or xalqaro
amaliyot asosida rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
auditorlik tekshiruvlarining o‘rnini, ahamiyatini
va ko‘rsatilayotgan auditorlik
xizmatlarining sifati uchun auditorlik tashkilotlarining javobgarligini oshirish;
auditorlarni kasbga tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;
auditorlik tashkilotlarining ishi sifatini tashqi nazorat qilish tizimini shakllantirish;
yoshlarni auditorlik kasbiga jalb etish va kasbga oid auditorlarning respublika jamoat
birlashmalarining tegishli oliy ta’lim tashkilotlari bilan faol hamkorlik qilishini ta’minlash.