7.2. O‘zbekiston hududidagi foydali qazilmalardan oqilona foydalanish. Respublikamizda 33 ta nodir metallar va 32 ta rangli metallar konlarining xom-ashyolari
hisobiga 16 ta tog‘ metallurgiya korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Mamlakatimiz miqyosida
27 ta oltin va kumush konlari mavjud bo‘lib, shundan 16 ta oltin va 3 ta kumush konlari
aniqlangan. Hozirgi paytda Muruntov, Marjonbuloq va Kamokqir kabi 7 ta oltin konlari
ishlatilib kelinmoqda. Sobiq Sho‘rolar davrida yer qa’ridan olinadigan jami oltin miqdorining
25,2% O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelardi. Faqat Muruntov oltin konidan yiliga 50-55 tonna
sof oltin olinadi. Nodir metallarning aniqlangan zaxiralari ishlab turgan korxonalarning 20-30
yil ishlashini ta’minlanishi mumkin. Hozirgi paytda Qizilqum va Toshkent atrofidagi iqtisodiy
mintaqalarda qidiruv ishlari olib borilmoqda.
Olmaliq tog‘ metallurgiya kombinatining asosiy xom-ashyo bazasini Kalmaqir,
Saricheku, Uchquloch, Qo‘rg‘onshikan va boshqa mis-molibden va qo‘rg‘oshin-rux konlari
tashkil etadi. Ushbu konlarning ma’danlari tarkibida misdan tashqari oltin, kumush, molibden,
selen va boshqa nodir elementlar mavjudligi aniqlangan.
Hozirgi paytda 5 ta aniqlangan volfram konlaridan 2 tasi (Koytosh va Ingichka konlari)
ishlatilmoqda. 2 ta volfram konlari (Saritau va Sautboy konlari) va 2 ta qalay koni (Karnab va
Zirabuloq-Ziyoutdin konlari) ochildi.
Olimlarimizning bashoratlariga qaraganda, fosforitlarning zaxirasi (asosan fosfor
angidrid) 100 mln. tonna deb baholanmoqda. Fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi zavodlar
Qozog‘istonning Koratau ma’dan konlaridan keltirayotgan xom-ashyolar hisobiga ishlamoqda.
Respublikamizdagi tog‘ jinslarining kompleksi va yaratilgan mineral xom-ashyolari
qurilish materiallari (marmar, granit, sement va b.q.)ni ishlab chiqarish imkonini beradi.
Respublikada mineral issiq suv va sanoat suvlarining zaxiralari mavjud. Hozirgi paytda
32 ta mineral suv zaxiralari aniqlangan bo‘lib, ularning 12 tasida dam olish maskanlari tashkil
etilgan. Xalq xo‘jaligi ehtiyojlarini qondirish maqsadida 9 ta suv qadoqlash zavodlari ishga
tushirildi. Mineral suv zaxiralari 8208 ming m
3
/sutkani tashkil etmoqda. Yuqori haroratli issiq
suv maskanlari Farg‘ona vodiysida, Buxoro, Samarqand va boshqa viloyatlarda topilgan.
Respublika miqyosida sanoat suvlarining yirik zaxiralari (Ustyurt, Janubiy Orol, Buxoro-
Qarshi, Surxondaryo, Farg‘ona artezian havzalari) ochilgan, ularning tarkibida yod, brom, bor,
seziy, rubidiy, stronsiy kabi elementlar mavjudligi aniqlangan. Buxoro-Qarshi artezian
havzasining sanoat suvlari eng istiqbolli hisoblanadi.
Mustaxkamlash uchun savollar:
1. Foydali qazilmalar guruhiga nimalar kiradi?
2. Mamlakatimizda nechta neft va gaz konlari va ularni qayta ishlash zavodlari mavjud?
3. Respublikamizda nechta mineral xom-ashyo turlari va ularning konlari mavjud?
4. Respublikamizning uglevodorod xom-ashyolari va ularning umumiy zaxiralari haqida
ma’lumot bering?
5. Respublikamizdagi toshko‘mir konlari va ularning zaxiralari haqida ma’lumot
bering?
6. Respublikamizdagi nodir metallar konlari haqida ma’lumot bering?