6. Po‘lat buyumlar 6.1 Po‘lat buyumlar tayyorlash texnologiyasi Prokatlash. Prokatlash usulida profillangan po‘lat buyumlar
tayyorlanadi. Bu usulda po‘lat quyma prokat stanining aylanadigan jo‘valari
orasidan o‘tkazilishi natijasida muayyan profil shaklga kiradi. Po‘lat sovuq va
issiq holatlarda prokatlanadi. Prokatlash jarayonida po‘lat zagatovka
cho‘ziladi, siqiladi va ingichkalashadi. Issiq holatda po‘latni prokatlab
yumaloq,
kvadrat,
burchaklik,
quvur,
shveller,
qo‘shtavr, profilli
takrorlanadigan armaturalar va boshqalar tayyorlanadi. Prokatlashning sovuq
holda cho‘zish usulida po‘lat zagatovka kichik teshiklardan (filerlar) o‘tkazib
ingichkalanadi. Cho‘zish usulida sim, kichik diametrli quvurlar va sh.k.
tayyorlanadi.
Bolg‘alash. Bu usulda cho‘g‘langan po‘lat zagatovkaga bolg‘a zarblari
bilan ishlov berilib kerakli shaklga keltiriladi. Bolg‘alash usulida bolt,anker,
skoba va sh.k. po‘lat buyumlar tayyorlanadi. Bu usulning kamchiligi o‘ta aniq
o‘lchamdagi buyumlarni olish qiyinligidir.
Shtamplash. Shtamplash juda aniq o‘lchamdagi po‘lat buyumlar
tayyorlash usuli bo‘lib, bolg‘alash usulining bir turi hisoblanadi. Bu usulda
po‘lat zagatovka bolg‘a zarblari ostida cho‘zilib, shtamp shakliga kiradi.
Shtamplash usulida ko‘proq po‘lat listlarga ishlov berilib, turli shakldagi
buyumlar va qismlar tayyorlanadi.
Presslash. Presslash usulida po‘lat matritsadagi maxsus teshik orqali siqib
chiqarilib shakl beriladi. Bu usulda quyma va prokatlangan zagatovkalar
dastlabki material vazifasini o‘taydi. Presslash usulida turli kesimli profillar,
fason profillar tayyorlanadi.
Sovuq holda profillash. Bu usulda list yoki yumaloq holdagi po‘latni
prokat stanlarida shakli o‘zgartiriladi. Po‘lat listlardan ko‘ndalangiga turli
shakldagi egilgan profillar yasaladi. Maxsus yassilovchi stanoklar yordamida
yumaloq sterjenlar sovuq holda profillab mustahkam po‘lat armaturalar
tayyorlanadi.