Qirg‘iz Respublikasi. 1991-yil 31-avgustda Qirg‘iziston o‘z mustaqilligini
e’lon qildi. Shundan so‘ng demokratik jarayonlar yanada chuqurlashib bordi, umumxalq prezidentlik saylovlari o‘tkazilib, unda Asqar Akayev g‘olib chiqdi. U mamlakatda demokratik islohot larni o‘tkazish, xalqaro tashkilotlar ko‘z o‘ngida Qirg‘iz Respublika sini demokratik mamlakatga aylantirish borasida ko‘p ishlarni
amalga oshirdi. Ammo A. Akayev hokimiyatda turgan 15 yil ichida xalqning ahvoli yetarli darajada yaxshilanmadi. Jamiyatda norozilik va ijtimoiy tanglik ortib bordi.
A. Akayevni hokimiyatdan ag‘darib tashlagan 2005-yilgi «Lolalar inqilobi» juda tez va katta yo‘qotishlarsiz amalga oshirildi. Hokimiyatga kelgan Kurmanbek Bakiyev kuch ishlatar tizimlarga tayanib, jamiyatda shaxsiy hukmronligini mustahkamlashga, muxolifatni butunlay tugatishga harakat qildi. Ammo bu harakat uzoqqa bormadi.
2010-yili «Aprel inqilobi» deb atalgan ommaviy harakat natijasida K. Bakiyev hokimiyati ag‘darib tashlandi. U oila a’zolari bilan mamlakatdan qochib ketdi. Mamlakatda tartibni saqlash uchun Roza Otunbayeva boshchiligida muvaqqat hukumat tashkil qilindi. Biroq, hokimiyatning kuchsizligidan foydalangan millatchi va ekstremistik kuchlar 2010-yil iyunda Janubiy Qirg‘izistonning O‘sh va Jalolobod shaharlarida bu yerdagi o‘zbek jamoalariga qarshi fitna uyushtirdi.
2011-yil oktabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarda Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi yetakchisi Almazbek Atambayev prezident etib saylandi.
Mustaqillik yillarida Qirg‘iz Respublikasi og‘ir iqtisodiy inqirozni boshdan kechirdi. 1996-yili iqtisodiy barqarorlashuv jarayoni boshlandi. Bu davrda bozor iqtisodiga o‘tish uchun islohotlar o‘tkazilib, ular 2000-yillardan iqtisodiy o‘sishga olib keldi. Asosiy sanoat korxonalari xususiylashtirildi, yerga xususiy mulkchilik joriy qilindi. Oltin va simob qazib olish keskin oshirildi. Qirg‘iziston oltin qazib chiqarishda MDHda Rossiya va O‘zbe kistondan keyin uchinchi o‘ringa chiqdi. 2017-yil sentabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga, A. Atambayevning shu yil oktabrda O‘zbekistonga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning keskin yaxshilanishiga olib keldi.
Qirg‘izistonda iqtisodiyotning o‘sishi jamiyatning ham barqarorlashuviga olib keldi. 2017-yil oktabrda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlari natijasiga ko‘ra, hukmron sotsial-demokratik partiya vakili Sooronbay Jeenbekov g‘alaba qozondi. U 2017-yil dekabrda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelib, bir qator shartnomalarni imzoladi.