Fungitsidlar – fungitsid va bakteritsid xususiyatga ega bo‘lgan organik va anorganik moddalar.
Ta’sir qilish xususiyatiga ko‘ra fungitsidlar himoya qiluvchi (profilaktik), yo‘q qiluvchi va sistemali (o‘simliklarning ichiga kiritiluvchi) preparatlarga bo‘linadi.
Qishloq xo‘jaligi uchun fungitsidlar eng katta ahamiyatga egadir. Ular kasallik qo‘zg‘atuvchi organizmlarni o‘ldirish, kasallik hosil qilish xususiyatlarini pasaytirish, zamburug‘larning spora hosil qilishiga yo‘l qo‘ymasliklari bilan bir qatorda, o‘simlik-xo‘jayinga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerak.
Qo‘llanilgan fungitsidlar o‘simlik yuzasini bir tekisda qoplashi, o‘simlikning bir qismidan ikkinchisiga oson o‘ta olishi (masalan, yomg‘ir yog‘ayotganda), suv bilan yuvilib ketmasligi va yuqori haroratda parchalanmasligi lozim. Bundan tashqari, kimyoviy moddalar barcha patogen organizmlarga ta’sir qilishi kerak, ya’ni faqat zamburug‘larni o‘ldirib qolmasdan, bakteriya va zararkunandalarni ham o‘ldirish qobiliyatiga ega bo‘lishi muhim ahamiyatga egadir.
Omborxonalarda saqlashda fungitsid o‘zining fizik va kimyoviy xususiyatlarini uzoq muddat saqlashi shart. Shuningdek u atrof-muhit uchun xavfsiz, tashishga qulay, zaharlilik xususiyati kam va nihoyat arzon bo‘lishi kerak.
Kimyoviy moddalarni qo‘llashning samaradorligi preparatni to‘g‘ri tanlashga, ob-havo sharoitiga, infeksiya manbaiga va patogenlarning tur tarkibiga bevosita bog‘liqdir. Fungitsidlarning kam miqdori kasallik qo‘zg‘atuvchilarning hayot faoliyatini buzadi va uni o‘ldirish qobiliyati zaharlilik deyiladi. Zaharlilikning o‘lchov birligi doza (miqdor) deyiladi.
Fungitsidlarning miqdori ishlov beriladigan yuza, vazn yoki hajm birligiga nisbatan hisoblanadi. Ular letal (o‘ldiruvchi), subletal va stimullovchi guruhlarga bo‘linadi.
Letal doza – patogenni o‘ldiruvchi eng kam miqdordagi zaharli modda, subletal – organizmning faoliyat doirasini jiddiy ishdan chiqaradi, ammo o‘limga olib bormaydi, stimullovchi – organizmning hayotiy jarayonini kuchaytiradi.
Fungitsidlarning zaharliligi uning ta’sir qiluvchi moddasi, molekula tuzilishi, organizmlarning zaharlovchi modda bilan birga bo‘lish muddati, qattiq bo‘lakchalarining shakli va hajmi, erish va uchish xususiyatlari, namlikni o‘ziga tortish qobiliyati hamda tashqi muhit sharoitiga bog‘liq. Bundan tashqari, fungitsidlarning zaharliligi kasallik qo‘zg‘atuvchi organizmlarning biologik xususiyatlariga ham bevosita bog‘liq. Masalan, tarkibida mis bo‘lgan fungitsidlar ko‘pchilik zang zamburug‘lariga zaharli ta’sir ko‘rsatadi, ammo un-shudring kasalliklariga esa ta’sir etmaydi.
Kishloq xo‘jaligida ishlatiladigan moddalarning tarkibi ko‘pincha sof holda bo‘lmaydi, ularga har xil yordamchi (to‘ldiruvchi, namlatuvchi va yopishtiruvchi) moddalar qo‘shiladi. Bunda ishchi eritma tarkibidagi zaharli moddalar zararli organizmlarni oson o‘ldirishi, o‘simliklarga esa zarar yetkazmasligi kerak.
Konsentratsiya. Ishchi eritmadagi preparatni ta’sir qiluvchi moddasining zararli organizmni o‘ldiradigan miqdori konsentratsiya deyiladi. Eritmadagi modda yoki preparatning miqdori foiz bilan ifodalanadi. Birinchisi ta’sir qiluvchi moddaning, ikkinchisi – preparatning konsentratsiyasi deyiladi.