O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 54-moddasida «Mulk- dor mulkiga o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi», deyilgan. Bu huquqdan foydalanib, har bir shaxs o‘zi hayotligida o‘ziga tegishli bo‘lgan xususiy mulkning taqdirini hal qiladi, vafotidan keyin uni kimga o‘tishini belgilab qo‘yadi.
Shu bilan birga, fuqaro vafot etgandan so‘ng uning mulki kimlarga o‘tishi qonun bilan ham belgilab qo‘yilgan bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1112-moddasiga asosan, vorislik ikki asosda vujudga keladi. Bular:
birinchidan, vasiyat bo‘yicha; ikkinchidan, qonun bo‘yicha.
Mulkdor o‘ziga tegishli bo‘lgan xususiy mulkning taqdirini o‘zi vafot etgandan so‘ng, uning ma’lum bir shaxs tomonidan tasarruf qilinishini belgilamagan hollarda qonun bo‘yicha vorislik amalga oshiriladi.
Shuningdek, qonun bo‘yicha vorislik quyidagi asoslarda ham vujud- ga keladi:
birinchidan, vasiyatnoma qisman yoki butunlay haqiqiy emas deb topilgan hollarda;
ikkinchidan, meros mulkining hammasi vasiyat qilinmasdan qolgan taqdirda, vasiyat qilinmagan qismiga;
uchinchidan, vasiyat bo‘yicha merosxo‘r meros ochilgandan keyin merosni qabul qilib olmasdan vafot etgan bo‘lsa;
to‘rtinchidan, vasiyat bo‘yicha merosxo‘r merosni olishdan bosh tortgan yoki undan voz kechgan hollarda vujudga keladi.
Qonun bo‘yicha merosxo‘r meros qoldiruvchi bilan qon-qarindoshlik rishtalari bilan bog‘langan uning ajdodlari va avlodlari, oila a’zolari, mehnatga layoqatsiz, uning qaramog‘ida bo‘lgan, oila a’zosi bo‘lmagan shaxslar ham bo‘lishi mumkin.
Vasiyat bo‘yicha vorislik meros qoldiruvchining erki bilan vujudga keladi. Meros qoldiruvchining huquq va majburiyatlarini merosxo‘rlar
o‘rtasida taqsimlash, meros qoldiruvchining erki bilan amalga oshiriladi. Merosdan chetlashtirish yoki meros olishdan mahrum qilish faqat qonun bilan belgilangan tartibda sud tomonidan hal etiladi.
Vorislik asoslari qonun bo‘yicha vorislikda ham, vasiyat bo‘yicha vorislikda ham kelishuv mavzusi bo‘lishi mumkin emas. Ammo hayotda bunday kelishuvlar uchrab turadi. Masalan, notarial tartibda tasdiqlangan vasiyatnomaga asosan, fuqaro Olimov o‘ziga tegishli bo‘lgan uy-joyni va jamg‘arma bankida saqlanayotgan omonat mablag‘ni nabirasi Anvar- jonga vasiyat qilib qoldirgan. Olimov vafotidan so‘ng, uning voyaga yetgan bolalari sudga murojaat qilib, meros qoldiruvchi og‘ir kasalligi sababli, vasiyatnomaga imzo qo‘yish imkoni bo‘lmagan, vasiyatnoma qalbakilashtirilgan, degan asosda uni haqiqiy emas deb topishni so‘ra- ganlar, arizani ko‘rgan tuman sudi ish yuritishni bekor qilib, taraflarning meros mulkini taqsimlash haqidagi o‘zaro kelishuvini tasdiqlash to‘g‘ri- sida ajrim chiqargan. Viloyat sudining rayosati viloyat prokurorining nazorat tartibida bergan protestini rad qilib, tuman sudi ajrimini kuchda qoldirgan. Respublika Bosh prokurori o‘rinbosarining protesti bilan Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sud hay’ati tuman sudining ajrimi va viloyat sudining qarorini bekor qilib, ishni qaytadan ko‘rishga yuborgan. Oliy sud hay’ati qarorida, ish bo‘yicha vasiyatnomaning haqiqiy yoki haqiqiy emasligini aniqlamasdan turib, masalani hal qilish mumkin emas- ligi va bu masalada, vasiyat bo‘yicha hamda qonun bo‘yicha vorislikda vorislik asoslari kelishuv mavzusi bo‘lishi mumkin emasligi ko‘rsatilgan.