Yoshsportchilarchidamliliginibelgilabberuvchiomillar. Chidamlilikning namoyon bo‘lishini oldindan belgilab beruvchi omillar quyidagilar: mushaklarning tuzilishi; ichki mushak va mushaklararo koordinatsiya; yurak-qon tomir, nafas olish va asab tizimlari ishining unumdorligi; organizmdagi energiya manbalarining zahirasi; boshqa jismoniy sifatlarning rivojlanish darajasi; harakat faoliyatining texnik va taktik tejamkorligi.
Chidamlilikning namoyon bo‘lishida shunday o‘xshash bog‘liqlik boshqa harakat sifatlarining rivojlanish darajasida ham kuzatiladi. Bu shundan dalolatki, faqat boshqa jismoniy sifatlar optimal darajada rivojlangan bo‘lsagina, chidamlilikning yuqori darajada namoyon bo‘lishiga erishish mumkin.
Musobaqa faoliyatida chidamlilikning namoyon bo‘lish darajasi sport kurashining optimal taktikasiga ham bog‘liq bo‘ladi.
Aerob xususiyatdagi ishda o‘zgaruvchan tezlik bilan ishlash keng qo‘llaniladi. Bunda nisbatan yuqori va nisbatan past tezlik bilan yugurib o‘tiladigan bo‘laklarni o‘zgartirib turish, bo‘laklar shiddatini tomir urishi daqiqada 160-170 zarbagacha bo‘lganda oshirishni hamda oxirida kam shiddatli bo‘lakda YuQT daqiqada 140-145 zarba bo‘lganda kamaytirishni nazarda tutadi.
Chidamlilikni rivojlantirish vositalari. Umumiy chidamlilikni rivojlantirish uchun turli jismoniy mashqlar va ularning komplekslari qo‘llanilishi mumkin. Ular quyidagi talablarga javob berishi lozim:
nisbatan oddiy bajarilish texnikasi;
aksariyat skelet mushaklarining faol ishlashi;
chidamlilikning namoyon bo‘lishini chegaralovchi funksional tizimlarning yuqori darajada faolligi;
mashg‘ulot yuklamasini me’yorlash va boshqarish imkoniyati;
uzoq vaqt (bir necha daqiqadan bir necha soatlargacha) bajarish imkoniyati.
Sanab o‘tilgan talablarga siklik mashqlar: yurish, yugurish va x.k. ko‘p jihatdan mos keladi. Ko‘pchilik siklik mashqlarni bajarish texnikasi deyarli hamma kishilar uchun oson va yengil. Ularni bajarishda deyarli hamma skelet mushaklari baravar ishtirok etadi va organizmning yetakchi funksional tizimlari faollashadi. Lekin siklik mashqlarning eng asosiysi - bu yuklama shiddati va davomiyligini muayyan kishining salomatlik holati va jismoniy tayyorgarligi darajasiga qat’iy muvofiq holda me’yorlash imkoniyatidir.
Siklik mashqlar yordamida erishilgan umumiy chidamlilikning rivojlanishidagi ijobiy o‘zgarishlar tuzilishiga ko‘ra har xil bo‘lgan harakatlardan ish qobiliyatiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. Boshqacha aytganda, kichik va katta fiziologik shiddat zonalarida bajariladigan mashqlarda chidamlilikning yuqori darajada ko‘chishi kuzatiladi.
Sport va harakatli o‘yinlar umumiy chidamlilikni rivojlantirishning ancha samarali vositasi hisoblanadi. O‘yin faoliyatining yuqori emotsionalligi uzoq vaqt davomida yuksak harakat faolligini saqlab turishga imkon beradi.
Sport va harakatli o‘yinlar, ayniqsa, bolalik hamda o‘smirlik yoshida chidamlilikni (umumiy, tezlik- kuch) kompleks rivojlantirish uchun ancha qo‘l keladi. Shu bilan birga, shuni ta’kidlash joizki, mashg‘ulot yuklamalarini qat’iy me’yorlash, boshqarish va hisobga olish imkoniyatining yo‘qligi ularning muhim kamchiligi hisoblanadi.
Umumiy chidamlilikni rivojlantirishda keltirilgan talablarga javob beradigan atsiklik mashqlar yordamida ham katta samaraga erishish mumkin. Odatda ularning samaradorligi nafaqat qandaydir alohida mashqning bajarilishi bilan, balki turli mashqlarni ko‘p marta takrorlash orqali ta’minlanadi. Shuning evaziga yetakchi funksional tizimlarga zarur darajada ta’sir ko‘rsatishga erishiladi.
Chidamlilikni kompleks rivojlantirish uchun yordamchi vosita sifatida nafas olish mashqlarini qo‘llash maqsadga muvofiq: nafas olish tezligi, chuqurligi va maromini boshqargan holda o‘zgartirish; o‘pka giperventilyatsiyasi va me’yorlangan nafasni ushlab turish; nafas olishni harakat fazalari bilan sinxronlashtirish; har xil tipdagi: og‘izdan va burundan, ko‘krakdan va qorindan nafas olishni tanlab qo‘llash. Chidamlilikni rivojlantirish uchun tashqi muhit omillari - havo harorati,nisbiy namlik, ultrabinafsha nurlar, atmosfera bosimi va boshqalardan maqsadli foydalanish mashqlarning samaradorligini oshirishga imkon beradi. Iqlim sharoitlarining har qanday o‘zgarishi organizmda fiziologik o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Bunda organizmning aynan har qanday iqlim sharoitiga moslashishi muhim emas. Ob-havo - iqlim sharoitlari o‘zgarishiga moslashish natijasida vegetativ asab tizimining reaktivligi oshadi, nafas olish va qon aylanish tezlashadi, oksidlanish- tiklanish jarayonlari kuchayadi va natijada chidamlilik ortadi .
Atrof-muhit omillari orasida tog‘ iqlimi chidamlilikning rivojlanishiga ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi. Bu uning bir qator o‘ziga xos xususiyatlariga bog‘liq: past atmosfera bosimi, kislorodning past parsial bosimi; ultrabinafsha nurlanishning yuqori faolligi va h.k. Chidamlilikni rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlarni dengiz sathidan 1500 dan 2500 m gacha balandlikda o‘tkazish maqsadga muvofiqdir.
Umumiy chidamlilikni rivojlantirish usuliyati. Umumiy chidamlilikni rivojlantirish jarayonida uning namoyon bo‘lishini cheklovchi omillarga nisbatan mashg‘ulot ta’sirini ta’minlash zarur. Bu quyidagi vazifalarni ketma-ket hal qilishni taqozo etadi:
aerob energiya ta’minoti funksional tizimlari shiddatini rivojlantirish. Kislorodning maksimal iste’mol qilinishi (KMIQ) umumlashtirilgan ko‘rsatkich hisoblanadi;
energiya ta’minotining aerob manbai sig‘imini rivojlantirish. Insonning ma’lum bir ishni ushbu ish uchun maksimal kislorod iste’mol qilish darajasida imkon qadar uzoqroq bajarish qobiliyati bilan tavsiflanadi;
aerob energiya ta’minotining funksional tizimlari harakatchanligini takomillashtirish;
funksional va texnik tejamkorlikni yaxshilash. Standart ish birligi uchun energiya sarflanishining kamayishi bilan tavsiflanadi;
organizmning bufer tizimlari quvvati va sig‘imini hamda uni ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini oshirish. Insonning organizm ichki muhitidagi o‘zgarishlarni ko‘tarish qobiliyati bilan tavsiflanadi (tananing yoshga xos harorati, sut kislotasining to‘planishi, tananing alohida bo‘g‘inlaridagi og‘irliklar va h.k.).
Ko‘rsatib o‘tilgan vazifalar qat’iy tartiblashtirilgan va musobaqa mashqlari uslublari yordamida samarali hal etilishi mumkin.
Umumiy chidamlilikni rivojlantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar davomiyligini aniqlashda mushak ishi energiya ta’minotining hosil bo‘lish vaqti va yo‘llarini hisobga olish zarur (1.1-jadval).