FALSAFANING PREDMETI. Falsafa predmeti uning rivojlanish davri mobaynida uzluksiz o’zgarib turgan, asosiy masala esa o’zgarishsiz qolgan, degan fikr real asoslardan xoli emas. Falsafa muammolari uning predmeti bilan belgilanadi. Ma‘lumki, falsafa predmeti tarixiy rivojlanish jarayoni mobaynida sezilarli darajada o’zgargan. Falsafiy fanlarning har biri: ontologiya, gnoseologiya, etika, estetika, mantiq, siyosatshunoslik, falsafa tarixi ham o’z alohida predmetiga ega. Shu tufayli ham falsafa predmetini faqat o’ta abstrakt tushunchalar yordamida belgilash mumkin.
Endi «Falsafa nimani o’rganadi?»,degan savolni berishimiz mumkin. Insonda bilishga qiziqish uyg’otadigan, mifologiya, din yoki fan javoblaridan qoniqmagan insonning o’ziga ma‘lum bilimlar va tajribaga, muayyan e‘tiqod, ishonch va intuitsiyaga tayangan holda oqilona asoslangan javoblar berishga harakat qiladigan, savollar tug’diradigan har qanday ob‘ektiv va sub‘ektiv borliq falsafaningpredmeti hisoblanadi. Boshqacha aytganda, inson o’z qiziqishi ob‘ekti haqida muayyan tasavvur hosil qilish maqsadida savol berishga asos bo’lishi mumkin bo’lgan hamma narsa falsafaning predmetidir. Shu munosabat bilan u yoki bu odamning falsafiy qarashlari haqida va hatto uning falsafasi to’g’risida so’z yuritish mutlaqo o’rinli bo’ladi va bunga biz kundalik hayotda tez-tez duch kelamiz.
Hozirgi zamon falsafasi doirasida ko’pincha quyidagi mustaqil sohalarni ajratishadi:
Ontologiya – (Yunoncha ontos-mohiyat, logos-tadqiqot, borliq uning mohiyati, shakllari, asosiy tamoyillari va eng umumiy kategoriyalari haqidagi ta‘limot.
Gnoseologiya – (epistemologiya) (gnozis-bilish, logos – ta‘limot) bilish haqidagi, inson tafakkuri faoliyati qonunlarini o’rganadi.
Praksiologiya - (praksis-faoliyat, logos-ta‘limot) inson amaliy faoliyati haqidagi ta‘limot.
Aksiologiya – (aksios-qadriyat, logos-ta‘limot) qadriyatlar inson faoliyati, uning yo’nalishi, umumiy ahamiyati.