II. Mehnat nizolari komissiyasining ishini tashkil qilish
2.1. Mehnat nizolari komissiyasining faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash bilan Ish beruvchi shug’ullanadi. Ish beruvchi Komissiyaning faoliyati uchun zarur xona ajratishi, uni barcha zarur materiallar bilan ta’minlashi, zarur axborotni taqdim etishi, foydalanish uchun tashkiliy texnika berishi hamda Komissiyani muhr bilan ta’minlashi kerak.
III. Mehnat nizolari komissiyasining vakolatlari
3.1. Mehnat nizolari komissiyasi tashkilotda yuzaga keladigan yakka mehnat nizolarini xodimning xohishiga ko’ra ko’rib chiquvchi organ hisoblanadi hamda yuzaga kelgan har bir nizolarning oldini olish choralarini ko’rishni o’z zimmasiga oladi. Bahslashuvlar o’zaro ishonch va hurmat bilan O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari asosida hal etiladi.
3.2. Komissiya xodimlardan mehnatga oid muayyan huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi masalalar bo’yicha ularning mehnat huquqlari buzilgani to’g’risidagi arizalarni qabul qiladi:
- mehnat shartnomasiga kiritilgan, xodimning ahvolini qonun hujjatlarida va mehnat to’g’risidagi shartnomalarda (kelishuvlar, jamoa shartnomalari va h. k.) ko’zda tutilganiga nisbatan yomonlashtiradigan shartlarini haqiqiy emas deb topish to’g’risida;
- mehnatga haq to’lash, mukofotlar to’lash, bir necha kasblarda (lavozimlarda) ishlaganlik uchun qo’shimcha haq to’lash, bajarilayotgan ishlar hajmining ortganligi uchun ustama haq to’lash to’g’risida;
- Ish beruvchi mehnatning muhim shartlarini o’zgartirishi, xodim boshqa ishga o’tkazilgani qonuniyligi to’g’risida;
- intizomiy jazolarni qo’llanish qonuniyligi, mehnat shartnomasi intizomiy jazo chorasi sifatida bekor qilinishi hollaridan tashqari;
- asosiy va qo’shimcha ta’tillar olish huquqi hamda ular uchun haq to’lash, to’liqsiz ish vaqtini belgilash va ish vaqti hamda dam olish vaqti to’g’risidagi boshqa nizolar;
- ish haqi to’lashni vaqtincha to’xtatib, ishdan (lavozimdan) g’ayriqonuniy ravishda chetlashtirilgan shaxslarni ishga qo’yish to’g’risida.
3.3. Komissiyaga yakka mehnat nizosi taqdim etilganda, agar ayni o’sha taraflar o’rtasidagi, ayni o’sha masala yuzasidan va o’sha asoslardagi yakka mehnat nizosi bo’yicha Komissiya yoki sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bor bo’lsa, Komissiya bu nizoni ko’rib chiqish uchun qabul qilmaydi.
3.4. Kasaba uyushmasi qo’mitasi o’z tashabbusi bilan yoki kasaba uyushmasi a’zolarining iltimosiga ko’ra, ularning manfaatlari himoya qilinishini so’rab, Komissiyaga murojaat qilishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: |