II. TADQIQOT O’TKAZISH SHAROITLARI VA USLUBLARI 2.1. Tuproq sharoiti Bizning tajriba o’tkazgan xo’jalik Zarafshon vohasining o’rta qismida joylashgan bo’lib, u shimoldan Turkiston va Nurota tog’ tizmalari, janubdan esa Zarafshon tog’ tizmasi bilan chegaralangan. Eni 56-60 km keladigan tekislikdan tashkil topgan Zarafshon daryosi Cho’ponota adirlaridan – ikki daryoga – Oqdaryo va Qoradaryo irmoqlariga bo’linadi. Xatirchi tumaniga borib ular qo’shilib Zarafshon daryosiga birlashadi. Oqdaryo, Qoradaryo oralig’ida 1200 m2 oralig’ida Miyonqol oroli joylashgan bo’lib, bu hududda Oqdaryo, Ishtixon, Kattaqorg’on tumanlari joylashgan. Samarqand viloyatida avtomorf va gidromorf tuproqlar keng tarqalgan bo’lib, ba’zi olimlarning fikricha yuqorida qayd etilgan tuproqlar Zarafshon daryosi allyuval vodiysi terassasida paydo bo’lgan. Bu tuproqning ustki qismi sug’oriladigan bo’z tuproqdan tashkil topgan bo’lib, sho’rlanmagan va ular vodiy tuproqlarning 85,15 % tashkil etadi.
Zarafshon vodiysining 1-2-terassasi tuproqlari kalsiy va magniy karbonati bilan to’yingandir. Magniy karbonati asosan tuproqning yuqori qatlami MgCO3 shaklida CaCO3 esa quyi gorizantlarda simentlangan (sho’x) hosil qilib joylashadi (Kuguchkov, 1958; Boboxo’jayev, Uzoqov; 1995). Tuproqda Mg va Ca karbonatining oshishi tuproq zichligining oshishiga va o’simlik yosh nihollarining o’sish va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Zarafshon vohasining 1 va 2- terassalarida daryo o’zanlari bo’ylab, o’tloq tuproqlar tarqalgan. Bu yerlarda yer osti suvlari 1,5-3 m chuqurlikda joylashgan. Bu o’tloq tuproqlar kapilyar namlanish yuqori bo’lgan sharoitda shakllangan. Eskidan sug’oriladigan o’tloq tuproqlarning rangi qoramtir tuproq profilida quyi qatlamlar och bo’lishi va zichligining oshishi bilan xarakterlanadi. Bu tuproqlarning ustki qismi sug’oriladigan bo’z tuproqlardan tashkil topgan. Bu bo’z tuproqlar esa o’z navbatida agroirrigasion soz va qumoq mexanik tarkibli yotqiziqlardan iborat. 3- terassa bo’z tuproqlarda esa asosan lalmikor dehqonchilik rivojlangan. Miyonqol orolining daryo qirg’oqlar bo’ylab hamda 1-2- terassada gidromorf tuproqlar uchraydi. 1- terassa tuproqlarining yuza qismi mayda zarrachali soz va qumoq yotqiziqlari hamda shag’al toshlardan tashkil topgan. Vohaning bu mintaqasi asosan o’tloq, o’tloq-botqoq, botqoq tuproqlardan tarkib topgan (Kuguchkov, 1958; Boboxujayev, Uzoqov, 1995).
2- terassa 1- chiga nisbatan 5-7 m baland bo’lgan yotqiziqlardan iborat bo’lib, bu yotqiziqlar irrigasion, allyuvial yotqiziqdir. Zarafshon vohasi tuproqlarining harakterli belgilaridan biri shundaki, bu yerda daryo tarafga nishab bo’lib joylashganligi va katta maydonni egallagan uncha chuqur bo’lmagan 0,5-2 m, kuchli qumli va shag’alli bo’lgan yotqiziqlardan iboratdir (Boboxo’jayev, Uzoqov, 1995). Mazkur tuproqning bu xususiyati suv o’tkazuvchanlik xossasini ta’minlaydi. Shu sababli bo’lsa kerak, Zarafshon vohasi o’rta qismi tuproqlarida chirindi qatlamining chuqurligi 55-70 sm gacha boradi. Bu tuproqning haydalma qatlamida 0-25 chirindi tarqalishi bir xil.
Biz tajriba o’tkazgan maydon tuproqlarning agrokimyoviy ta’rifi quyidagi 2.1-jadvalda batafsil bayon etilgan. Jadvaldagi ma’lumotlardan ma’lum bo’lishicha, tajriba maydon tuproqlarda 0-25 qatlamida chirindining miqdori 1,20 %, yalpi azot 0,12 %, harakatchan nitrat azoti 18,5 mg/kg, fosfor 0,21 %, harakatchan P2O5 – 24,0 mg/kg, yalpi kaliy 1,64 %, almashinuvchan kaliy – 245 mg/kg ni tashkil etadi. Tuproqning chuqurroq 25-50 sm qatlamlarda esa harakatchan nitrat azoti, fosfor kamayib borsa, almashinuvchan kaliy ko’payib boradi. Huddi shunday tuproqning hajm og’irligi ham oshib boradi.