Falsafada materiya tushunchasining vujudga kelishi. «
Materiya» atamasi lotincha «materia» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, «modda» degan ma’noni anglatadi . SHunga qaramay, falsafa tarixida «materiya» tushunchasining mazmuni, tabiatshunoslik
va falsafaning rivojlanishiga muvofiq
necha marta o‘zgargan.Qadimgi yunon falsafasida
materiyaning etimologik talqinidan keng foydalanilgan. «Materiya» tushunchasini asosiy falsafiy
kategoriya sifatida ilk bor
Platon ishlatgan. U hyle atamasini muomalaga kiritgan va u bilan kattaligi
va
shakl-shamoyili har xil jismlar paydo bo‘lishiga asos bo‘lib xizmat qiladigan
sifatlardan mahrum
substrat (material)ni ifodalagan. Platon talqinida materiya shaklsiz va nomuayyan bo‘lib, har qanday
geometrik shakl ko‘rinishini kasb
etishi mumkin bo‘lgan makon bilan tenglashtiriladi.
Falsafa tarixida harakat haqidagi tasavvurlar . Harakatni dialektik tushunish kurtaklariga Geraklit
asarlaridayoq duch kelamiz. U olovni barcha o‘zgarishlar substansiyasi sifatida tavsiflab, birinchi
moddiy asos doimo o‘zi bilan birga, ayni vaqtda, doimiy o‘zgarish holatida bo‘lishi haqidagi fikrni
sodda obrazli shaklda ifodalagan. Geraklit harakatni miqdor jihatidan joydan-joyga ko‘chish sifatida
emas, balki uzlukli va uzluksiz, barqaror va o‘zgaruvchan narsa va jarayonlarning o‘zaro nisbati
nuqtai nazaridan tushuntirishga harakat qilgan. Antik davrdayoq Geraklit, undan keyin Epikur har
qanday harakat manbaini ichki jarayonlarning qarama-qarshiligidan topgan. Ayni shu antik davrda
tushunchalar mantig‘ida harakat jarayonini mantiqiy dalillar yordamida tushunib etish bilan bog‘liq
qiyinchiliklar qadimgi faylasuf Zenonni mashhur aporiyalarni ta’riflashiga turtki berdi.
Aporiya – muhokamalardagi ziddiyat tufayli hal etib bo‘lmaydigan yoki hal etilishi mushkul bo‘lgan holat, mantiqiy qiyinchilik, muammo. Zenonning «Axilles va toshbaqa», «Uchayotgan kamon o‘qi» kabi
aporiyalari, hissiy tasavvurlarga zid o‘laroq, harakat materiyaning atributi ekanligiga shubhalanishga
majbur qilgan. «Axilles va toshbaqa» aporiyasi mazmuniga ko‘ra, chopqir Axilles hayvonot
olamining eng uquvsiz yuguruvchisi toshbaqani quvib boradi, deb faraz qilinadi. Bundan Zenon
Axilles hech qachon toshbaqaga eta olmaydi, degan mantiqiy xulosa chiqaradi. Zenon bu aporiyasida
quyidagicha fikr yuritadi: «Biror odam A nuqtadan V nuqtaga borishi lozim bo‘lsin. U V nuqtaga eta
oladimi?» Zenon bu savolga yo‘q, deb javob qiladi. Chunki A nuqtadan V nuqtaga qarab yo‘l olgan
odam, avvalo, shu masofaning teng yarmidan o‘tishi zarur. Bu masofaning teng yarmiga etishiuchun
esa, shu yarim masofaning yana yarmini o‘tishi zarur. Yarim masofaning yarmiga etishi uchun esa,
qolgan masofaning yarmidan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Xullas, oraliq masofa cheksiz miqdordagi yarim
bo‘laklarga bo‘linib ketadi. Cheksiz yarim bo‘laklarni bosib o‘tish uchun esa cheksiz vaqt lozim.