Tadbirkorlikning asosiy belgilari va tamoyillari
Tadbirkorlikning asosiy belgilaridan biri tashabbuskorlikdir. Tashabbuskorlik bu qanday ish, operatsiya, faoliyatni, uning katta-kichikligidan, muhimlik darajasidan qat'i nazar amalga oshirishga o'ziga xos tarzda ijodiy yondashish, doimiy izlanishda bo'lib, yangi-yangi imkoniyatlarni izlab, ularni ro'yobga chiqarishga harakat qilishdir. Tashabbuskor kishi biror ish faoliyatning boshqalar e'tibor bermaydigan yoki muhim deb hisoblamaydigan qirralari, elementlarini, xususan, ko'zga tashlanmaydigan nozik tomonlarini topib, ularni ham muhim omillar darajasiga ko'tara oladi. U har bir ish, operatsiya, faoliyatni hamda uni tashkil etish va amalga oshirish usullarini takomillashtirib, samaradorlikni oshirishga erishadi. Shunday qilib, tadbirkorlik turli sohalarda olinishi mumkin bo'lgan natijalardan eng yangi va yaxshisiga qaratilgan tashabbuskorligi bilan ajralib turadi.
Novatoriik (innovatorlik) ham tadbirkorlikning asosiy belgisi hisoblanadi. Lining bu xususiyati va belgisi XX asr o'rtalarida iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarning yangi taraqqiyot davri-innovatsiya (axborot-industrial) davrida shakllandi. Hozirgi kunda esa u yanada kuchaydi. Tadbirkorlar doimo izlanishda bo’lib, paydo bo'layotgan yangiliklarni kuzatib boradilar. Shuning uchun ular yangi texnika, texnologiya, xomashyo, materiallar, bozorlar, boshqarish usullarini birinchi bo'lib qo'llaydilar. Bunday tadbirkorlar mehnat unumdorligi va faoliyat samaradorligini oshirishga va raqobatda ustunlikka erishadilar. Boshqalar ham o'z raqobatbardoshliklarini ko'tarishga harakat qilib, ularga ergashadilar. Shunday qilib, jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot jadallashadi.
Tadbirkorlik - bu yaratuvchanlikdir. Uning bu missiyasi va belgisi paydo bo'layotgan ehtiyojga muvofiq yangi taklif yoki taklifning yangi uyg'unligi (kombinatsiyasi)ni yaratish va u orqali yangi bozor shakllantirishda namoyon bo'ladi. Demak, tadbirkorlik yangi taklif, ya'ni qiymat yaratib, jamiyat boyligiga boylik qo'shadi.
Tadbirkorlikning yana bir qirrasi va belgisi islohotchilikdir. Tadbirkorlik ishlab chiqarish omillari (mehnat, mehnat qurollari, mehnat predmeti)ning yangicha mukammalroq uyg'unligi (kombinatsiyasi)ni, ishlab chiqarishni qayta tashkil etishni, tuzilmaviy qayta qurishni amalga oshirib, ij'timoiy-iqtisodiy tizimni isloh qilishga olib keladi. Natijada ularning ishlab chiqaruvchi kuchlari rivojlanadi, ishlab chiqaruvchi kuchlar bilan ishlab chiqarish munosabatlarining o'zaro muvofiqligi yaxshilanib ishlab chiqarish samaradorligi oshadi.
Tadbirkorlik tavakkalsiz bo'lmaydi. Bozor iqtisodiyotiga noaniqlik xosdir. Ana shunday noaniqlik va yangi taklif uchun yangi talab bo'lishiga kafolat yo'qligi hamda bozor vaziyatining o'zgarib turadigan sharoitida tavakkal qilib ish olib borishga to'g'ri keladi. Lekin tavakkal ham baholangan, asoslangan, oqilona bo'lishi lozim.
Shunday qilib, tadbirkorlik uning yuqorida ko'rib chiqilgan qirralari va belgilari bilangina tadbirkorlik hisoblanadi.
Tadbirkorlik faoliyati bir qator tamoyillar asosida tashkil etiladi va amalga oshiriladi. Tadbirkorlik tamoyillari bu aniq talablar, tartib-qoidalar majmuyi bo’lib, ularga to’liq rioya etib tashkil qilinadigan va amalga oshiriladigan xo'jalik faoliyati haqiqiy tadbirkorlik faoliyati hisoblanadi. Ularga turli xil cheklovlar qo'yilishi, ularning buzilishi, noto'g'ri talqin qilinishi tadbirkorlikning amalga oshirilishi va rivojlanishiga xalaqit beradigan omillardir. Tadbirkorlik tamoyillari umumiy tusga ega bo’lib, har bir mamlakatda ularning ro'yobga chiqarilishi turli darajada bo'lishi mumkin. Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va demokratiya asoslari qancha yuqori bo'lsa, tadbirkorlik tamoyillari ham shunchalik to'liq ro'yobga chiqariladi.
Dostları ilə paylaş: |