Davolash.
Birlamchi o‘tkir pielonefritning davosi ko‘p hollarda konservativ
bo‘lib, bemor kasalxonaga yotqizilishi kerak.
Bemorga to‘shakda yotish, suyuqlik(sharbatlar, morslar) ni sutkasiga 2.2,5
l.gacha ichish, uglevodlarga boy bo‘lgan ovqatlar (puding, engil xamir ovqat, ho‘l
va pishgan mevalar va b.) hamda sut–qatiq mahsulotlari (tvorog, kefir va b.) tavsiya
qilinadi. O‘tkir pielonefritda oqsillar ko‘p parchalanishi sababli shifokor
ko‘rsatmasiga binoan bemorlarga parenteral yo‘l bilan oqsilli preparatlar yuborish
tayinlanadi.
Bemorning ahvoli engillashganda tez hazm bo‘ladigan oqsillar hisobiga
parxez kengaytiriladi. Agar bemorda buyrakning ikki tomonlama og‘ir zararlanishi
va qon bosimining yuqori ko‘tarilishi bo‘lmasa, osh tuzi chegaralanmaydi.
Davolashda asosan kasallikning qo‘zg‘atuvchisiga antibiotikogramma
ma’lumotlariga muvofiq antibiotiklar va kimyoviy antibakterial preparatlar bilan
ta’sir qilib, intoksikatsiyaga qarshi va immunodefitsit holat bo‘lganda
immunostimullovchi terapiya o‘tkaziladi.
O‘tkir pielonefritda davolashni buyrakdagi yallig‘lanish jarayonini tezroq
bartaraf qilish mumkin bo‘lgan, uning yiringli–destruktiv shakliga o‘tishiga yo‘l
qo‘ymasdan, siydik mikroflorasi sezuvchan bo‘lgan eng samarali antibiotiklardan
va kimyoviy antibakterial preparatlardan boshlash kerak. Standart disklar
yordamida siydik florasining antibakterial preparatlarga nisbatan sezgirligini
aniqlash uchun 2 sutka zarur, uchfeniltetrazol xlorid testi asosida tezlashtirilgan
usulni qo‘llaganda esa natijalarni 6–9 soat oralig‘ida olish mumkin. Bu usulni har
qanday poliklinikada qo‘llash mumkin, chunki buning uchun bakteriologik
laboratoriya talab qilinmaydi.
Usulning moxiyati shundan iboratki, bir nechta sterillangan probirkaga 2 ml
dan bemorning siydigi va 0,5 ml uchfeniltetrazol xlorid eritmasi quyiladi. Keyin
hamma probirkalarga (nazoratdagidan tashqari) ma’lum bir dozada biror–bir
antibakterial preparat qo‘shiladi va xarorati 37
o
S bo‘lgan termostatga 6–9 soat
qo‘yiladi va keyin tekshirish natijalari baholanadi. Mikroorganizmlarning o‘sishi
va ko‘payishi jarayonida degidrogenazalar hosil bo‘ladi, ular rangsiz
uchfeniltetrazol xlorid eritmasini qizil rangli uchfenilformazinga o‘tkazadi.
Uchfeniltetrazol xlorid bilan reaksiya to‘liq bosilsa siydik florasi ushbu preparatga
sezgir deb, uning intensivligi nazorat probirkadagi reaksiyaga nisbatan pasayganda
– kuchsiz sezgir, uning intensivligi nazorat probirkadagi reaksiya intensivligiga
to‘la o‘xshash bo‘lsa, sezgir emas deb hisoblanadi.
Agar zamonaviy antibiotiklarga qo‘zg‘atuvchining sezgirligini tezlik bilan
aniqlash mumkin bo‘lmasa, bunday hollarda bo‘lishi mumkin bo‘lgan
qo‘zg‘atuvchilarga nisbatan faol preparatlar buyuriladi.
Agar bemor o‘tkir pielonefrit bilan biror–bir antibakterial dori qabul qilgan
bo‘lib, siydigidan kasallikning qo‘zg‘atuvchisini ajratib olish mumkin bo‘lmasa,
unda to‘g‘rirog‘i kasalxonaga yotqizilgunga qadar o‘tkazilgan antibakterial
davolash samarali bo‘lib, uni davom ettirish kerak.
Kombinatsiyalangan dorilar biseptol va poteseptilning ochilishi va klinik
amaliyotga joriy qilinishi sababli pielonefrit bo‘lgan bemorlarni davolashda
sulfanilamid preparatlarning ahamiyati ko‘rinarli darajada oshdi. Ular 7–10 kun
davomida kuniga 2 marta 1g dan beriladi. Bu preparat ko‘k yiring tayoqchasidan
tashqari, buyraklar va siydik yo‘llaridagi nospetsifik yallig‘lanish kasalliklarining
ko‘pchilik qo‘zg‘atuvchilarga keng doirada ta’sir qiladi. Kamroq samara beradigan
sulfanilamid preparatlar (sulfadimetoksin, etazol, urosulfan va b.) kuniga 4–6 marta
0,5g dan buyuriladi. Sulfanilamid preparatlar ko‘p suyuqlik (kuniga kamida 2 l.)
ichish bilan birga qabul qilinadi
Urologiyada so‘nggi 10 yil mobaynida nitrofuran qatoridagi preparatlar
(furagin, furadonin kuniga 4 marta 0,05–0,1g dan va b.) muvaffaqiyatli
qo‘llanilmoqda. Ular grammmanfiy floraga sulfanilamid preparatlarga o‘xshab
enterokokk va stafilokokkka samarali ta’sir ko‘rsatadi. Nitrofuran preparatlarning
yaxshi tomoni shundan iboratki, ularga infeksiyaning rezistentligi asta–sekin
rivojlanadi.
Nevigramon (sinonimlari: negram, nalidaksin kislotasi) ko‘pchilik
grammanfiy mikroorganizmlarga jumladan vulgar proteyalarga ta’sir qiladi.
Preparat kuniga 4 marta 0,5–1,0g dan buyuriladi. Ko‘k yiring tayoqchasi
nevigramonga chidamli bo‘ladi. Nalidaksin kislota ham kislotali, ham ishqorli
muhitda bakteritsid ta’sir ko‘rsatadi. Bu preparat nisbatan zaharli bo‘lganligi
sababli 2 haftadan ko‘p buyurish mumkin emas. Agar nalidaksin kislotani 2
haftadan ko‘p ishlatish zaruriyati tug‘ilsa, preparat dozasini 2 marta kamaytirish
kerak.
Gramurin (oksalin kislota) – hozirgi vaqtda samarali kimyoviy antibakterial
preparatlardan biri hisoblanadi. Uni 12–15 kun davomida kuniga 4 marta 0,25g dan
buyuriladi. Bu preparatning afzalligi shundan iboratki, unga ko‘pincha kasalxona
(gospital) shtammli mikroorganizmlar sezgir bo‘ladi.
Nitroksolin (5–NOK) buyraklar va siydik yo‘llari nospetsifik yallig‘lanish
kasalliklarining asosiy qo‘zg‘atuvchilariga keng doirada ta’sir qilish xususiyatiga
ega. Uni kuniga 4 marta 0,1g dan buyuriladi. Nitroksolin ko‘p miqdorda siydik bilan
ajraladi va uni buyrakning surunkali etishmovchiligi bo‘lgan bemorlarda boshqa
preparatlar (nevigraman, sulfanilamidlar) siydikda terapevtik ta’sir qilish uchun
zarur bo‘lgan etarli konsentratsiyada yig‘ilmaganda pielonefritni davolash uchun
qo‘llash mumkin.
Pielonefrit qo‘zg‘atuvchilari pimidel kislotasiga yuqori sezuvchanligi
sababli, oxirgi yillarda uroantiseptik palin (pimidel) samarali qo‘llanilmoqda, u
kuniga 2 marta 0,4g dan buyuriladi.
Pielonefritning qo‘zg‘atuvchilariga nisbatan eng samarali antibiotiklar
parenteral va peroral qabul qilinadigan ftorxinolonlar (norfloksatsin, ofloksatsin,
pefloksatsin, siprofloksatsin) kuniga 2 marta 0,4g dan; sefalosporinlarning II–III
avlodi (sefuroksim, aksetil, sefaklor, sefiksim, seftibuten kuniga 2–4 marta 0,5–1,0g
dan mushak orasiga); aminoglikozid qatoriga kiruvchi antibiotiklar (gentamitsin
sulfat kuniga 2–3 marta 80 mg dan mushak orasiga, amikatsin kuniga 2 marta 0,5g
dan mushak orasiga) buyuriladi.
Hozirgi vaqtda zaxira dorilarga sefalosporinlarning IV avlodi (sefepim)
kuniga 2 marta 1g dan mushak orasiga va karbapenemlarni (tienam, meropenam)
har 6–8 soatda 0,5– 1,0 g dan vena ichiga yuboriladi.
Pielonefritni davolashda qo‘llaniladigan antibiotiklar va kimyoviy
antibakterial preparatlarga nisbatan infeksiyaning chidamliligi rivojlanishini oldini
olish uchun, ularni 5–7 kunda galma–gal almashtirib turish kerak.
Pielonefritning qaytalanishi va uning surunkali shaklga o‘tib ketishi
ehtimolligini kamaytirish uchun antibakterial davolashni uzluksiz kamida 6 hafta
davom ettirish kerak. CHunki o‘tkir pielonefrit qulay kechganda buyrakka
infeksiyaning kirish paytidan boshlab yallig‘lanish jarayonining to‘liq tamom
bo‘lishigacha o‘rtacha 5 hafta o‘tadi.
Keyingi yillarda antibakterial preparatlar immunostimullovchi samara
beradigan dori vositalari bilan birga muvaffaqiyatli ishlatilmoqda. Ulardan eng
samarali natija berayotgan dekaris (levamizol), haftada bir marta 150 mg dan 6–8
hafta davomida ichishga buyuriladi va prodigiozan haftada bir marta 50 g dan
mushak orasiga 6–8 hafta davomida yuboriladi. Vitaminlar, aloe ekstrakti va
boshqa preparatlar ham immunostimullovchi ta’sir ko‘rsatadi.
T–limfotsitlarning mutloq soni kamayganda 1ml dan T–aktivin mushak
orasiga 5–10 kun davomida har kuni yuboriladi. Har xil yoshdagi bolalarga
antibiotiklar dozasi ularning gavda og‘irligini hisobga olib buyuriladi.
Ko‘pchilik bemorlarda davolashni barvaqt boshlaganda o‘tkir pielonefritning
kechishi yaxshi bo‘ladi. 3–5 sutka o‘tgandan keyin gavda harorati me’yordagi
raqamgacha pasayadi, umumiy ahvol yaxshilanadi, bel sohasidagi og‘riq kamayadi,
keyin yo‘qoladi, qondagi o‘zgarishlar me’yorga keladi, o‘rta malekulalar, V
2
–
mikroglobulin va parametsiyn testining darajasiga qarab aniqlanadigan qonning
zaharliligi kamayadi. Bakteriuriya 7 kun davomida, leykotsituriya – keyinroq,
bakteriuriyadan 7–10 kun keyin yo‘qoladi. ECHT yaqin 3–4 haftada me’yordagi
raqamgacha pasayadi. Umumiy holsizlik uzoqroq vaqt saqlanadi, lekin kasallik
boshlanishidan taxminan 3–4 hafta keyin ko‘pchilik bemorlarda klinik tuzalish
boshlanadi.
Ba’zi bir bemorlarda noqulay sharoitda (ayrim virulent infeksiya,
organizmning immunobiologik kuchi anchagina pasayganda) birlamchi o‘tkir
pielonefrit shiddatli kechishi mumkin: 2–3 sutkadan keyin apostematoz pielonefrit
rivojlanadi yoki buyrakda ko‘plab karbunkullar paydo bo‘ladi, shu sababli operativ
davolashga – buyrak dekapsulyasiyasi, yiringlarni ochish, yalpi zararlanganda esa
nefrektomiyaga qilishga to‘g‘ri keladi.
O‘tkir birlamchi pielonefrit yaxshi kechganda bemorlar kasalxonada
o‘rtacha 10–12 kun davolanadi, keyin urologning doimiy kuzatuvi ostida va siydik
tahlillarini nazorat qilib turgan holatda ambulator sharoitda 6 haftagacha uzluksiz
antibakterial preparatlar qabul qilishni davom ettiradi.
Klinik sog‘aygandan keyin antibakterial davolashdan 2–3 haftaga tanaffus
qilish kerak. Keyin bemorning qoni va siydigini batafsil nazorat tekshiruvidan
o‘tkazish lozim. Siydik tekshiruviga quyidagilar kiradi; umumiy taxlil, leykotsitlar,
eritrotsitlar va silindrlar sonini biror bir usul bilan hisoblash, bakteriuriya darajasi,
siydik mikroflorasining xususiyatlari va uning antibakterial hamda kimyoviy
preparatlarga sezuvchanligini aniqlash.
Agar bemorda kasallikning remissiya davri bo‘lsa, retsidivga qarshi
antibakterial davolash 6 oy davomida har oyda 7–10 kun o‘tkaziladi. Davolash
uchun shunday preparatlarni qo‘llash maqsadga muvofiqki, ularga oldin pielonefrit
qo‘zg‘atuvchilarining sezgirligi aniqlangan bo‘lsin. Keyinchalik kasallikning
zo‘rayish belgilari bo‘lmasa, bemorni ikki yil davomida har 3 oyda bir marta
nazorat tekshiruvidan o‘tkaziladi.
Birlamchi o‘tkir pielonefritni boshidan kechirgan bemorlar uchun
qaytalanishga qarshi davolash va uzoq muddat nazorat dispanser kuzatuvida bo‘lish
zaruriyatining sababi shundan iboratki, bunday bemorlarni uzoq muddatda
(pielonefritning xurujidan 2–2,5 yildan keyin) tekshirganda, ularning 20–25% da
kasallikning surunkali turi aniqlanadi.
Dostları ilə paylaş: |