8.4. Xizmat ko‘rsatish shakllari Xizmat ko‘rsatish shakllari deyilganda, aniq servis operatsiyalari yig‘masi va
iste’molchi uchun ne’matlardan iborat bo‘lgan xizmatlarni taqdim etish usuli
tushuniladi. Birgina xizmat turi doirasida turli xizmat ko‘rsatish shakllari jalb
qilinishi mumkin, ular mijozlar qulayligi uchun xizmat ko‘rsatish jarayonini
iste’molchi talablari bilan yaqinlashtirish uchun ishlab chiqiladi.
Servis faoliyatini turli segment va yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatishni o‘z
an’anaviy yo‘nalishlari shakllanmoqda. Shu bilan birgalikda servisni jadal
rivojlanishi xizmat ko‘rsatishni yangi shakl va tiplarini joriy etishga
ko‘maklashmoqda. Masalan, mehmonxona qoshidagi umumiy ovqatlanish
punktlarida an’anaviy tarzda mijozlar uchun turli-tuman ovqatlar tayyorlash, ularni
uy oshxonasida tayyorlangan taomlarga yaqinlashtirishga intilishadi. Dunyo
mehmonxonalarini bufet va restoranlarida mijozlarga xonalarda xizmat ko‘rsatish,
shuningdek, bufetlarda esa mehmonlar stolni erkin aylanib o‘tib birdaniga ko‘p
taomlarni tatib ko‘rishi mumkinligini nazarda tutuvchi “shved stoli” tamoyili
bo‘yicha xizmat ko‘rsatish keng tarqalgan.
Restoranlarda bayramlarni, oilaviy bazmlarni o‘tkazish va boshqalar boshqacha
xizmat ko‘rsatish tartibini taqozo etadi. Bu holda, avvalo tashrif buyurganlarni barcha
hohishlarini bajara turib bayramona muhitni saqlashga intilishadi. Rasmiy banket
kabi tadbirlarda yoki se’zd, kongress, majlis ishtirokchilariga xizmat ko‘rsatish
jarayonlarida boshqacha texnologik usullar qo‘llaniladiki, bunda tez xizmat ko‘rsatish
ommaviy shakllariga katta e’tibor qaratiladi.
Eskirgan va zamonaviy (yoki progressiv) xizmat ko‘rsatish shakllari farqlanadi.
Quyida turli mamlakatlarda va bizni mamlakatimizdagi asosan iste’mol servisida
foydalaniladigan qator zamonaviy shakllarini ko‘rib chiqamiz.
Abonementli xizmat ko‘rsatish ishlab chiqaruvchi va iste’molchi o‘rtasida
shartnoma tuzilishi bilan bog‘liq bo‘lib, bunga ko‘ra doimiy ravishda unchalik katta
bo‘lmagan to‘lovlar o‘tkazib turilganda, iste’molchiga tezkor xizmat olish, rejali
profilaktik protseduralarni o‘tkazish huquqi beriladi. Bunday xizmat ko‘rsatish shakli
maishiy texnikani ta’mirlashda, hammom – yuvish korxonalari, sartaroshxona va
boshqa xizmatlarida keng foydalaniladi.