Tayanch iboralar: barg, assimilyasiya, epidermis, kutikula, og‘izchalar, xloroplast, ksilema, xlorofill “a”, xlorofill “b”, floema, granalar, tilakoid, lamella, globula,stroma, karotinoidlar, karotin, ksantofill, fikobilin, spektr, fikoeritrin.
Barg fotosintetik organ.
Yashil o‘simliklarning bargi eng muhim organlardan biri bo‘lib, unda fotosintez jarayoni sodir bo‘ladi. Shuning uchun ham barg asosiy fotosintetik organ deb ataladi. Uning xujayraviy tuzilishi transpiratsiya, nafas olish va asosan fotosintezga moslanib tuzilgan. Barg plastinkasining ustki va ostki tomoni po‘st bilan qoplangan. Qoplovchi to‘qima epidermis bir qator zich joylashgan xujayralardan iborat. Bu xujayralar yupqa po‘stli, rangsiz va tiniq bo‘lib, yorug‘likni yaxshi o‘tkazadi. Po‘st xujayralari orasida joylashgan maxsus juft xujayralar og‘izchalar vazifasini bajaradi. Ularniig turgor holati o‘zgarib turishi mumkin (shunga qarab ular o‘rtasidagi teshikcha ochiladi yoki yopiladi). Og‘izchalar ko‘pchilik o‘simliklarda bargning pastki tomonida, ayrimlarida esa ustki tomonida ham bo‘lishi mumkin. Fotosintez jarayonida ana shu og‘izchalar orqali karbonat angidrid yutilib, molekulyar kislorod ajralib chiqadi. Ustki va pastki po‘stlar orasida barg etini (mezofill) hosil qiluvchi xujayralar joylashgan. Aksariyat er ustida suvchi o‘simlik barglarida u ikki qavatdan iborat. Ustki po‘st ostida joylashgan qavat tayoqchalarga o‘xshash, cho‘zinchoq bir-biriga zich joylashgan xujayralardan tashkil topgan. Bu xujayralarda xloroplastlar soni ko‘p. Ular organik moddalarni sintez qiluvchi asosiy qavat hisoblanadi. Uning ostidagi xujayralar ko‘pincha dumaloq shaklda bo‘lib, bir-biri bilan bo‘shliqlar hosil qilib joylashadi. Bo‘shliqlar og‘izchalar bilan tutashgan. Bu esa gazlarning almashinuvi uchun qulay sharoit yaratadi. Undan tashqari bu hujayralarda ham xloroplastlar bor, ya’ni ular fotosintez jarayonida qatnashadilar.Barglarda fotosintez tuxtovsiz davom etishi uchun ular suv bilan ta’minlangan bo‘lishlari kerak. Bunda og‘izchalar ochiqligi katta ahamiyatga ega.
Dostları ilə paylaş: |