Laboratoriya ishini tashkil etish va ish jurnalini yuritish tartibi. Laboratoriya mashg`ulotlariga talabalar mashg`ulot boshlanguncha asosiy darsliklar, ma`ro`za matnlari va laboratoriya ishlari uchun belgilangan uslubiy qo`llanmalar asosida tayyorgarlik ko`radilar. Talabalar laboratoriyaga kirishi bilan xalat kiyishi lozim. Ishni boshlashdan avval talabalar o`qituvchiga ish tartibini va lozim bo`lsa, shu ishga oid nazariy bilimlarini gapirib beradilar. Qoniqarli javob bergach, u ayni ish uchun kerakli reaktiv va jihozlarning (asbob) aniq nomi hamda miqdori ko`rsatilgan ro`yxatni o`qituvchiga ko`rsatadi. O`qituvchi ro`yxatni ko`rib chiqadi va imzo chekib talabalarga ishni bajarishga ruxsat beradi. Talabalar ro`yxatga binoan belgilangan ishni bajarish uchun kerakli reaktiv va jihozlarni (asbob) laborantdan oladi. Ro`yxat ish oxirigacha laborantda saqlanadi va jihozlar (asbob) mashg`ulot oxirida laborantga topshiriladi.
Ish stolida ortiqcha narsalar bo`lmasligi, uning toza yuzasida zarur jihozlargina terilgan bo`lishi kerak. Nihoyat, yana bir marta ish tartibi bilan tanishib chiqilgach, tajribani boshlashga ruxsat beriladi.
Laboratori jurnali uchun alohida daftar tutiladi. Bu daftar talabalar ishining eng yaxshi ko`rsatkichi bo`ladi. Ish natijalari tajriba davomida bevosita laboratoriya jurnaliga o`z vaqtida qayd qilib borilishi lozim. Laboratoriya jurnalini yuritish tartibi quyidagicha:
Har bir mashg`ulot yangi betdan boshlab yoziladi. Unda quyidagilar qayd qilinadi:
• mashg`ulot o`tkazilgan kun, soat va ishning tartib raqami;
• mashg`ulot mavzusi;
• Ishning maqsadi;
• Kerakli asbob va reaktivlar (ish bajarilayotgan jihozlarning tasviri (sxemasi);
• Ishning borish tartibi; (ushbu bayon kitobdan ko`chiriladi)
• reaksiya davomida moddalarda ko`zatilgan o`zgarishlar; (reaksiya tenglamalari, asosiy reaksiyalar mexanizmi)
• Xulosa va ish natijalari;
Tajriba tugagach, foydalanilgan reaktivlarni o`z joyiga qo`yish, shisha idish va asboblarni tozalab yuvib, laborantga topshirish lozim. Foydalanilgan jihozlar ba`zi sabablarga ko`ra tozalanmay qolsa, uni guruh navbatchisi laborant bilan maxsus joyga yig`ib qo`yishi kerak.