O’quvchilarning ijodiy fikrlashi, mustaqil bilim egallash ko’nikmalarini rivojlantirish va o’zlarida mujassamlashgan bilim, ko’nikma va malakalarini yangi vaziyatlarda qo’llash orqali yangi bilimlarni o’zlashtirishda syujetli-rolli o’yinlar muhim rol o’ynaydi.
O’qituvchilar syujetli-rolli o’yinlarni ko’pchilik hollarda matbuot konferentsiyasi bilan almashtirib yuborishadi. Har ikkala o’yinning ta’lim jarayonida qo’llanishidan ko’zlangan maqsad bir-biriga monand bo’lsa-da, ular o’rtasida katta farq mavjud. Bu holni didaktikada didaktik o’yinlarga yetarlicha tavsif berilmaganligi bilan izohlash mumkin.
Bizning fikrimizcha, kundalik hayotdagi ijtimoiy munosabatlarni, tabiat va tabiiy hodisalarning ob’ektlari o’rtasidagi aloqalarni badiiy ko’rinish tarzida yoritish asosida vujudga keltirilgan muammolarni o’quvchilarning o’zlaridagi bilim zahiralariga tayangan holda, hamkorlikda, bosqichma-bosqich hal etish jarayonida yangi bilimlarni egallashga qaratilgan didaktik o’yinlarni syujetli rolli o’yinlar deb atash lozim. Bunda o’yin syujeti jamiyatdan yoki tabiatdan olinadi. Ba’zan jamiyat va tabiatdagi muammolar uyg’unlashtiriladi. Geografiya kursini o’qitishda “, “Orol dardi-olam dardi”, “Tabiatni muhofaza qilish muammolari” mavzularni syujetli-rolli o’yinlar tarzida o’tkazish maqsadga muvofik.
Ijodiy o’yinlar - o’quvchilarning ijodiy izlanishi, mustaqilligi, mantiqiy fikrlashini rivojlantirishda, qo’shimcha bilim olishga bo’lgan ehtiyojlarini qondirishda ijodiy o’yinlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’lim jarayonida vujudga keltirilgan muammoli vaziyatlarni o’quvchilar guruhining o’zaro hamkorlikda avval o’zlashtirgan bilim, ko’nikma va malakalarni ijodiy qo’llash va izlanishi orqali hal etishga zamin tayyorlaydigan didaktik o’yinlarni ijodiy o’yinlar deb atash lozim.
Ijodiy o’yinlardan “Jahon xo’jaligi” mavzusining “Jahon xo’jaligi tarmoqlari geografiyasi”, “Sanoat tarmoqlari geografiyasi”, “Qishloq xo’jaligi geografiyasi”, “Xalqaro iqtisodiy aloqalar” mavzularini o’rganishda foydalanish maqsadga muvofiq. Masalan, “Xalqaro iqtisodiy aloqalar” mavzusini ijodiy o’yinlar metodidan foydalanib o’rganilganda o’quvchilar teng sonli guruhlarga ajratilib, ularni shartli ravishda “Iqtisodchilar”, “Yirik firma va kompaniyalarning rahbarlari ”, “Tadbirkorlar” va h.k belgilanadi. Har bir “mutaxassislar” ijodiy izlanib, go’yoki fanda yangiliklar kashf etadilar. O’qituvchi tomonidan tavsiya etilgan topshiriqlarni bajarib, ko’rgazmali qurollarga tayangan holda, o’z javoblarini asoslaydilar.
Mazkur didaktik o’yinli darslarda hamma o’quvchilar hamkorlikda ishlaydilar, avval o’zlashtirgan bilimlarini yangi vaziyatlarda qo’llab yangi bilimlarni egallaydilar. Bu esa o’quvchilarning o’z bilimlariga, iqtidoriga ishonch uyg’otadi va har bir o’quvchi sidqidildan hamda jiddiy tayyorgarlik muvaffaqiyat garovi ekanligini anglagan holda bilim olishga kirishadi.