“Tarbiya” fanini o’qitishning klaster mexanizmi. “Tarbiya” fanini oliy pedagogik ta’lim jarayonida o’qitishda bo’lajak mutaxassislarning kasbiy xususiyatlari hisobga olinadi. Shu jihatdan mazkur ta’lim jarayonida “Boshlang’ich ta’limda “Tarbiya” fanini o’qitish metodikasi” predmetini o’qitishda klaster amaliy mexanizmi muhim o’rin tutadi.
Klaster – bu ta’lim va tarbiya jarayonini ta’lim oluvchilar, ta’lim beruvchilar va bo’lajak mutaxassislardan manfaatdor muassasalarning hamkorligi asosida amalga oshiriladigan o’qitishning amaliy mexanizmlaridan biridir. Shu jihatdan oliy pedagogik ta’lim jarayonida “Boshlang’ich ta’limda “Tarbiya” fanini o’qitish metodikasi” o’quv fanini o’qitishda quyidagi klaster tizimi muhim o’rin tutadi:
a) Institut professor-o’qituvchilarining mazkur fanni o’qitishdagi nazariy, metodologik va texnologik hamkorligi;
b) professor-o’qituvchilar va talabalarning didaktik, kasbiy va amaliy hamkorligi;
v) Institutning Toshkent viloyati umumiy o’rta ta’lim maktablari bilan tashkil etilgan “Pedagogik ta’lim innovatsion klasteri” a’zolari ishtirokida ushbu fanni o’qitishda amalga oshiriladigan hamkorlik;
g) Toshkent viloyatining umumiy o’rta ta’lim maktablari boshlang’ich sinf o’qituvchilari bilan mazkur fanni o’qitishdagi amaliy hamkorligi;
d) Respublika o’quv va ilmiy markazlari bilan ushbu fanni o’qitishdagi hamkorlik;
e) ilg’or mutaxassislar bilan mazkur fanni o’qitishdagi hamkorlik.
O’qitishning bunday klaster mexanizmida “Boshlang’ich ta’limda “Tarbiya” fanini o’qitish metodikasi”ni o’qitishda har bir ishtirokchi o’z vazifasidan kelib chiqib ishtirok etadi. Misol uchun, umumiy o’rta ta’lim maktablarining boshlang’ich sinf o’qituvchilari “Tarbiya” fanini o’qitishdagi tajribalarini taqdim etadi va bu tajribalar oliy pedagogik ta’lim jarayonida bo’lajak boshlang’ich sinf o’qituvchilari tomonidan o’zlashtiriladi.
O’qitishning klaster mexanizmida ta’lim oluvchilar va ta’lim beruvchilar teng ishtirok etadi. Bunda o’qitishning elektron-modulli tizimida “Tarbiya” fanini klaster tizimi asosida o’qitish quyidagicha tashkild etilishi mumkin:
umumiy o’rta ta’lim maktablarining boshlang’ich sinf o’qituvchilari hududiy jihatdan xalq ta’limi bo’limlari, ilmiy markazlar yoki institutlar orqali o’qitishning kredit-modul tizimiga ulanadi;
institut yoki hududiy ilmiy-o’quv markazlari o’quv materiallarini tayyorlaydi va fanning mavzulari bo’yicha mutaxassislarni jalb etadi;
institut professor-o’qituvchilari “Tarbiya” fani bo’yicha asosiy mutaxassis sifatida klaster doirasiga kiruvchi umumiy o’rta ta’lim maktablarining o’quv adabiyotlari bilan ta’minlaydi.
O’qitishning pedagogik ta’lim innovatsion klasteri bo’yicha Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutida yaxshi tajriba to’plangan. Misol uchun, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 14 apreldagi 213-sonli “Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qarori bilan 2021/2022 o’quv yilidan boshlab viloyatning 10 ta umumiy o’rta ta’lim maktabining 3-4 sinf o’quvchilari uchun “O’qish va matematik savodxonlik bo’yicha sinflar” tashkil etildi. Mazkur klaster tizimi asosida tashkil etilgan sinflarda boshlang’ich ta’limning halqaro dasturlari asosida tadqiqotlar amalga oshiriladi. Shu jihatdan umumiy o’rta ta’lim maktablarining boshlang’ich sinflarida “Tarbiya” fanini mana shunday klaster tizimi asosida o’qitish fanning amaliy asoslari bo’yicha muhim ahamiyatga ega. O’qitishning klaster mexanizmida ta’lim oluvchilar va undan manfaatdorlar teng ishtirok etishi bilan bu fanning amaliy asoslarini belgilashda muhim ahamiyatga ega. Shu sababli oliy pedagogik ta’lim jarayonida pedagogik ta’limning innovatsion klaster tizimini barcha ijtimoiy-gumanitar fanlarga tadbiq etish metodologiyasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq bo’ladi. Bizning yondashuvimizga ko’ra, “Tarbiya” fanini o’qitishga klaster tizimini tadbiq etishning metodologiyasida quyidagilar muhim o’rin tutadi:
fan asoslarini belgilashda imkon qadar auditoriyadan tashqari mashg’ulotlarning o’rnini belgilash va shu asosda fanni amaliy jihatlarini ishlab chiqish;
o’qituvchilarning o’zaro tajriba almashinuvini yo’lga qo’yish;
har bir o’quv yili boshida fanning o’quv materiallarini takomillashtirib borish va bunda mutaxasislarning imkoniyatlaridan foydalanish.
Bunday yondashuv “Tarbiya” fanini klaster mexanizmi asosida o’qish jarayonini takomillashtiradi.
“Boshlang’ich ta’limda “Tarbiya” fanini o’qitish metodikasi” fanini o’qitishda klaster mexanizmi nazariya va amaliyotni o’zaro bog’lashi bilan ajralib turadi. Shu sababli bu fanni o’zlashtirishda nazariy, metodologik va amaliy ko’nikmalar ham nazariy, ham amaliy jihatdan uyg’un o’zlashtirilishi kerak. Chunki bu fan kelajakda “Tarbiya” fanini mutlaqo yangicha yondashuvlar asosida o’qitishda asos bo’ladi.
Fanni o’qitishning monitoring mexanizmi.“Boshlang’ich ta’limda “Tarbiya” fanini o’qitish metodikasi” o’quv fanini o’qitishda o’qitishning monitoring mexanizmi muhim o’rin tutadi.
O’qitishning monitoring mexanizmi amalga oshirilayotgan o’quv va tarbiya jarayonini nazorat qilish, uning samaradorligini aniqlab borish hamda yondashuvlarni yangilab borishga asoslanadi. “Boshlang’ich ta’limda “Tarbiya” fanini o’qitish metodikasi” o’quv fanini o’qitishda o’qitishning quyidagi monitoringi mexanizmlariga amal qilish tavsiya etiladi:
A) mazkur fanning ilmiy-nazariy asoslari talabalar tomonidan qanday o’zlashtirilayotganligini kuzatib borish;
B) bu fanning metodologik asoslari va kasbiy ko’nikma kompetensiyalari talabalar tomonidan o’zlashtirilayotganligining darajasini o’rganib borish;
V) mazkur fanning har bir mavzusining o’quv materiallarini yangi ma’lumotlar, axborotlar va yo’naltirishlar bilan muntazam to’ldirib borish;
G) ushbu fanning o’qitayotgan professor-o’qituvchilarning tajribalarini ommalashtirib borish;
D) mazkur fanni o’qitishda imkon qadar bo’lajak boshlang’ich sinf o’qituvchilarining kasbiy kompetensiyasini shakllantirishga xizmat qiluvchi amaliy va mustaqil ta’lim mashg’ulotlari imkoniyatlariga ustuvor darajada ahamiyat berish.
Bunday yondashuv oliy pedagogik ta’lim jarayonida bo’lajak boshlang’ich sinf o’qituvchilariga “Boshlang’ich ta’limda “Tarbiya” fanini o’qitish metodikasi” fanini o’qitishning monitoring mexanizmi ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Bunda o’qitishning monitoring mexanizmining asosiy vazifasi talabalarning kasbiy kompetensiyasini va ularning tarbiya ishiga bo’lgan tayyorgarligini yangilab borish hamda kengaytirishdan iborat.
O’qitishning monitoring mexanizmida quyidagi xususiyatlar ajralib turadi:
o’quvchilarning tarbiyalanganlik darajasini muntazam o’rganib va kuzatib borish;
o’rganishlar natijasida fanni o’qitish bo’yicha yangi yo’nalishlarni belgilash;
“Tarbiya” fanini o’qitishda monitoring mexanizmidan foydalanish mazkur fanning amaliy jihatlarini kuchaytiradi. Eng asosiysi o’qitishning monitoring mexanizmida keng jamoatchilik ishtirok etadi. Shu sababli hozirgi zamon Pedagogika fanida o’qitishning monitoring mexanizmiga alohida e’tibor berilmoqda.
Mamlakatimizda o’qitishning monitoring mexanizmiga amal qilish yangi hodisa bo’lib, mazkur mexanizmdan foydalanishning metodologik asoslarini ishlab chiqish taqozo etiladi. Shu jihatdan “Tarbiya” fanini o’qitishning monitoring mexanizmidan foydalanish uchun “Tarbiyaviy ishlar metodikasi” fani tajribasidan foydalanish tavsiya etiladi.