2008 yil, 3 iyun, Nortgempton.
Plyaj tomondan ochiq deraza orqali kirib
kelayotgan ashula ovozlariga, uy yonidan
o'tayotgan mashinalar va quyoshda toblanishga
ulgurgan talabalar shovqiniga beixtiyor quloq
solarkan, betashvish yoshlarni kuzatish bilan
birga Ella beixtiyor keyingi kunlarda sodir
bo'lgan hodisalarni ham xayolidan o'tkazardi.
Birinchidan, iti oshxonada o'lib qolganini
ko'rdi. Garchi bunga tayyor turishi kerakligini
o'ziga ko'p marta aytgan esa-da, u nafaqat
chinakam qayg'uni boshdan kechirdi - unda
o'zining himoyasizligi va yolg'izlanib qolgani
tuyg'usi ham paydo bo'ldi. Ikkinchidan, Ella
Orlida bulemiya kasalligi borligini va barcha
sinfdoshlari buni allaqachon bilishlarini bildi.
Ella buning uchun o'zini shunchalar aybdor his
etardiki, hatto kichik qiziga yaqin bo'la
olganidan va o'zida onalik tuyg'usi borligidan
ham shubhalanib qoldi. Aybdorlik hissini-ku u
birinchi marta tuyayotgani yo'q edi, ammo
o'zining onalik tuyg’usiga shubha unda birinchi
marta paydo bo'lishi edi.
Shu vaqt ichida Ella Aziz Z. Zaxara bilan juda
ko'p elektron maktublar almashishdi. Ba'zan bir
kunda ikki-uchta, ba'zan esa hatto beshta xat
bo'lib ketar edi. Ella hamma narsa haqida
yozaverar edi va shunisi ajablanarli ediki, u
ham sira kanda qilmay beto'xtov javob
qaytarardi. Qayoqdan vaqt topar ekan? U Aziz
bilan xat yozishuvlarga juda tez o'rganib qoldi
va qulay vaqt keldi deguncha birinchi o'rinda
pochtani tekshirardi - eng oldin ertalab turib,
keyin nonushtadan keyin, keyin ertalabki
sayrdan qaytgach va lanch (ikkinchi
nonushtani) tayyorlay turib va hatto internet-
kafega birrovga kirganida ham. Hatto televizor
ko'rayotganida ham, pazandalik klubidagi
mashg'ulotlar vaqtida ham, telefonda
gaplashaturib ham yoki egizaklari suhbatiga
quloq solib turib ham, hamisha noutbukini
tizzasida olib o'tirar edi. Azizdan yangi xat
kelmagan vaqtlarda Ella eskilarini qayta o'qir,
navbatdagi yangi xatni ko'rgan zahoti esa har
safar quvonchini yashira olmas va chehrasida
uyatchan tabassum paydo bo'lar edi.
Bir tekis, osuda kechayotgan hayot o'tmishda
qolganini tushunishi uchun Ellaga uncha ko'p
vaqt kerak bo'lmadi. Uning hayotida sir paydo
bo'lgan edi. Va bu unga yoqardi.
Aziz oz bilan qanoatlanadiganlardan emas edi.
Qalb qonunlariga bo'ysunmaydigan,
kungaboqar quyoshga ochilgani va intilgani
kabi, ishq uchun ochilmaydigan va unga
bo'ysunmaydiganlarni tirik odamlar hisobiga
qo'shmas edi. (Tirik bo'lmaganlar hisobiga o'zi
ham kirishi mumkinligi Ellaning xayoliga
kelmas edi.) Aziz ob-havo haqida yoki yaqinda
ko'rgan filmi haqida yozmas edi. U ancha
muhim narsalar haqida: hayot, o'lim va albatta,
ishq haqida yozardi. Ella o'z tuyg'ularini,
ayniqsa, begonalarga oshkor namoyon
etadiganlardan emas edi, lekin juda yig'ilib
ketgan va og'riqli tuyg'ularini nihoyat to'kib
solishi uchun unga aynan begona kerak
bo'lgandir ham.
Garchi ularning yozishmalarida yoqtirishga
o'xshash nimadir bor bo'lsa hamki, Ellaning
nazarida, bu butkul beg'ubor narsa edi. Virtual
ishva bo'lsa nima qilipti? Shu yozishmalar
bahonasida Ella turmushga chiqqach, but-kul
yo'qotilgan qadru qimmatidan ozginasi bo'lsa
ham qaytishini umid qilardi. Aziz, ayol kishi
o'zining o'ziga hurmatini yo'qotmagan holda,
sevish mumkin bo'lgan erkakka o'xshar edi.
Balki u ham o'rta yoshli amerika ayolida o'zini
qiziqtiradigan nimanidir topgandir.
Kibermaydon aybdorlik hissini tuymasdan (bu
Ellaga ma'qul edi, zero u busiz ham aybdorlik
hissini haddan ziyod ko'p tuyub kelgan edi)
ishva qilish va hech qanday xavf-xatarsiz
sarguzasht boshdan kechirish (hech qanday
sarguzasht boshdan kechirmagan Ella buni juda
istar edi) imkonini berar edi. Bu taqiqlangan va
lekin bexatar meva edi.
Balki, eri bor, uch bolaning onasi bo'lmish
ayolning noma'lum kishiga yozayotgan
yashirin xatlarini shakkoklik deb hisoblash
mumkindir ham. Ammo bu munosabatlarning
platoncha (faqat xayoliy) tabiatga ega ekanini
hisobga olinsa, deya xulosa qilardi Ella, bu
shirin shakkoklik edi.
Ella
Dostları ilə paylaş: |