Tursunboy Adashboyev 1939 yil 1 yanvarda Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh viloyati, Olabuqa tumanidagi Safed Bulon qishlog‘ida tug‘ildi. Qishloqdagi 57-o‘rta maktabni bitirgach, Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida (1961–1966), Moskvadagi M. Gorkiy nomidagi Adabiyot institutida (1978–1982) tahsil oldi.
“Buni toping, bolalar, aytib bermang, onalar” nomli birinchi she’riy to‘plami 1962 yilda chop etildi. Shundan so‘ng shoirning “Kamolning olmasi” (1964), “Biz sayohatchilar” (1966), “Arslonbob sharsharasi” (1969), “Nur daryo” (1975), “Olatog‘ ‒ lolatog‘” (1978), “Guldesta” (qirg‘iz tilida, 1979), “Oslik na shesti nogax” (“Olti oyoqli xo‘tikcha” latish tilida, 1983, tarjimon Leons Briyedis), “Quyushqon” (1984), “Arslonbob afsonasi” (1988), “Pesnya javoronka” (rus tilida, tarjimon Yunna Morits), “Uch bo‘taloq va sirli qovoq” (1990), “Top jildiz” (qirg‘iz tilida, 1991), “Topishmoqli alifbe” (1997), “Hushtak chalib turasiz” (A. Obidjon bilan hamkorlikda, 2002), “Oltin yolli tulpor qissasi” (2003), “Orzularim ‒ qo‘sh qanotim” (2003), “Parodiyalar” (kinoya, muqallid, lutf, 2010), “Osmondagi darvoza” (saylanma, 2012), “Qirq yolg‘ondan bir yolg‘on”, “G‘oz karnaychi bo‘lmasin” (2015), “Maxfiy jang” (parodiyalar kitobining to‘ldirilgan nashri, 2016), “Orzularim qo‘sh qanotim”, “Sichqonning orzusi”, “Maqtanchoq chumoli” (2016) kabi she’riy kitoblari dunyoga keldi. Rus, turkman, qirg‘iz, tojik va qozoq tillaridagi adabiy almanaxlarda turkum she’rlari bosildi. Shuningdek, T. Adashboyevning “Jashtik sapar” (qirg‘iz tilida, 1964), “Biz sayohatchilar” (1966), “Guldasta” (1968), “Bizdin belek” (qirg‘iz tilida, 1967), “Ir mayrami” (qirg‘iz tilida, 1967), “Zvonkoye detstvo” (rus tilida, 1981), “Chashmalarin ovozi” (turkman tilida, 1982), “Raduga nad arikom” (belorus tilida, 1986), “Navohoi guldara” (tojik tilida, 1988), “Solni’shko na listyax” (1990), “G‘aroyib qishloqning ajoyib odamlari” (2015) kabi turli yil va turfa tillarda chop etilgan kitoblarini ham sanab o‘tish joiz.
Shoir “O‘zbek bolalar adabiyoti antologiyasi” (She’riyat, 1-jild, 1995) va mazkur kitobning rus tilidagi “Pro solnse jarkoye rasskaz, Pro nashu zemlyu i pro nas” (Poeziya, 2007) nashrlariga muharrirlik qildi.
Tursunboy Adashboyev tarjima sohasida ham samarali fqaoliyat yuritib, Temirqul Umetaliyevning “To‘rg‘ay navosi” (1969), Suyunboy Eraliyevning “Tog‘lar farzandiman” (1972), Sovronboy Jusuyevning “Dovon” (1974), “Qanot bilan Zarina” (2004), Musa Jong‘oziyevning “Quvonchbekning quvonchi” (1983), Qanibek Junushevning “Do‘ppili to‘rg‘ay” (1988), Nurmo‘ldaning “Zamona” (1998), Nodirbek Alimbekovning “Bir kam dunyo” (1998), “Gulning umri” (1994), Samuil Marshakning “Tentak ovchi” (2006), Korney Chukovskiyning “Do‘xtir Voyjonim” (2006), “Moydadir ‒ yuvin do‘mbog‘im”, Jovani Rabonining “Mushuk Kotangensning arifmetika daftari” (1977), V. Pyuzoning “Cho‘qintirgan ota yoki Mafiya sardori” (roman, 2006), S. Arapovaning “Merri inglizchani o‘rganadi” (1996), V. Kulikovning to‘rt kitobdan iborat rasmli she’riy to‘plamlari (2006) va boshqa asarlarni o‘zbek tiliga o‘girib, chop ettirdi.
Tursunboy Adashboyev she’rlarining qahramonlari quvnoq, topqir, xayolkash, mehnatkash, zavqiyu ishtahasi tobida bo‘lgan aqlli bolalardir.
Kichkintoylarga qisqa va lo‘nda yozish, qissadan hissa chiqarish shoir ijodining muhim fazilatlaridan biridir.
Tursunboy Adashboyev o‘zbek bolalar adabiyotini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun 2001 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. U, shuningdek, o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashdagi xizmatlari uchun “Qirg‘izistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi” unvoni va “Manas” ordeni bilan ham mukofotlangan.
Shoir Tursunboy Adashboev o‘zbek va qirg’iz xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik iplarini mustahkamlash sohasidagi xizmatlari uchun «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan. U Qirg’izistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi va «Manas» ordeni sovrindori hamdir. Uning hazil-mutoyiba bilan yo‘g’rilgan qator asarlari rus, latish, qozoq, qirg’iz, tojik tillarida chop etilgan.