Abdusaid Ko`chimov (1951-yili tug`ilgan) Samarqandning Urgut tumanida tugilgan. Toshkent Davlat pedagogika institutining o`zbek tili va adabiyoti fakultetini tugatgan. Ilk kitobi – "Kashfiyotchi bolalar" 1978-yilda chop etildi. Shundan so`ng uning "Mening O`zbekistonim"(1979) "Mening yulduzim"(1984), "Umid daraxtlari" (1992), "Chanoq"(1985), "Ikki bahor"(1990), "Qiyofa"(1996) kabi she’riy va nasriy kitoblari nashr qilindi. "Baland tog`lar"(2002) saylanma kitobiga yozuvchining qissalari, dostonlari, she’rlari kiritilgan. A.Ko`chimov Xalqaro YUNESKO mukofoti, G`afur G`ulom nomidagi mukofot bilan taqdirlangan. Unga "O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist" unvoni, "Shuhrat" medali, "Mehnat shuhrati" ordeni berilgan.
A.Ko`chimov qalbi jo`shqin, shijoatli bolalar publitsisti hamdir. U mustaqillik g`oyalarini matbuotda keng yoyish, o`tmish tariximizga oid hamda istiqlol ne’matlarini bolajonlar qalbiga jo etishda dolzarb maqolalari bilan hissa qo`shib kelmoqda. A.Ko`chimovning bolalar shoiri sifatidagi o`ziga xosligi - bolalar qalbini so`zlatishida. Uning she’rlar mavzusi rang-barang. Shoirning "Biz o`n yetti o`rtoqmiz", "Ikki o`rtoq bor edi", "Uch do`st", "Mish-mishvoy", "Yer boyliklar onasi", "Buvimning istagi" kabi she’rlarida kichik zamondoshlarning lirik obrazi va murakkab ichki kechinmalari teran aks ettirilgan. Jumladan, shoirning "G`affor shamol" she’ri kichik maktab yoshidagi o`quvchilar xarakterini ochib bergishga xizmat qiladi. Unda G`affor ismli bola timsolida mashaqqatlardan hayiqadigan, o`z fikrida turmaydigan, shamol singari qo`nimsiz bolalar hajv qilingan. Ta`kidlanishicha, G`affor shundayki: Boksyorlikka havas qo`yar Gohida u. Goho birdan oshpazlikni Qilar orzu. O`qituvchi, artist, suvchi Yoki rassom. U "sevmagan" hunar yo`qdir Xullas kalom. G`affor hamma kasbni shu tariqa oirzu qiladi, ammo o`z so`zidan darrov qaytadi. Chunki, uningcha doktorlikning ishi og`ir; shofyorlikning egni dog`-dug`, yag`ir bo`ladi; mashhur olim bo`lish soz-u, o`qish qiyin; shoirlik xo`p ajoyib, biroq she’r to`qish qiyin; xullas, hamma hunarning bir "lekin"i topila qoladi. Lirik qahramon bunday bolalarga achinadi. G`affor singarilarga biror kasbni tezroq tanlab, har daqiqa oltinga tengligini anglashga da’vat etadi. A.Ko`chimovning yana bir she’ri "Yer – boyliklar onasi" deb nomlanadi. She’rda kichkintoy bolalarga xos "nimavoy"lik hamda undan chiqarilgan ibratli saboq mazmuni aks etgan. Yosh lirik qahramon jajji ukasi Savlatjonning ezma "bilag`on"ligidan dastlab jahli chiqadi. Chunki u juda ko`p narsaga qiziqadi: Nega kunduz chiqmas oy? Nega qishda muzlar soy? Nega tomning tili yo`q? Nega gulning qo`li yo`q? Xayriyatki, ularning tog`day bardoshli bobosi bor: u erinmay jajji nevaraning barcha "nega-nega"lariga javob beradi. Natijada, lirik qahramon ona yer haqidagi tushunchaga ega bo`ladi: Yer - non tayyorlanadigan bug`doyning, kiyim-kechak tayyorlanadigan paxtaning, oq qant olinadigan shakar qamishning, temirning, barcha boyliklarning onasi ekanligi ma’lum bo`ladi. Shuningdek, bobosining hikoyasidan yosh qahramon oqpadar Gitlerning ona-yerga chang solgani, shu urushda bobosi ham o`ng oyog`idan ajralib kelgani, hozir ham ba`zi yovlar zaminga azob berib, bog`-rog`larni xarob etayotgani ayonlashadi. Shu tariqa, lirik qahramon ongida Yer oddiy tuproq, zamin holidan buyuk Vatan darajasiga ko`tariladi va "ezmavoy" ukasiga ich-ichidan minnatdorlik bildiradi. Shoirning "Ikki o`rtoq bor edi", "Mish-mishvoy", "Men g`iybatchi emasman", "Majlis", "Sufliyor" kabi she’rlarida ham maktab o`quvchilari o`rtasida uchrab turadigan turli voqealar, odatlar, yoki, shu yoshdagi o`g`il-qizlarning fe’l-atvori lirik ifodasini topgan. "Hiyla" she’rida kattalarga xos fe’l-atvor aslida bolalikdan, aniqrog`i, oiladan boshlanishi ochib berilgan. She’r qahramoni Shodmonjon otasidan xushomadgo`ylik sabog`ini olgach, darhol bu "o`git"ni hayotga tatbiq etadi:
Ertasi erkalanib,
Oyisidan pul oldi.
Darsdan keyin
G`anining
Yuragiga qo`l soldi…
–"Morojnie"ga bir to`ysak.
Nima deding, jo`rajon?
G`ani labin yaladi:
–Attang, pulim yo`q edi..
Shodmon kerilib:
–Mana,
Menda bor, ketdik!–dedi.
Tandirday qizib turgan kunda ikki o`rtoq muzqaymoqni paqqos tushiradilar. A’lochi, yuvosh, morojniy jonu tani bo`lgan G`ani bu siylovdan hayron bo`lib turganda, Shodmon maqsadga ko`chadi:
–Uy ishin ko`chirsam,
Degandim daftaringdan…
G`anining yo`q demoqqa tili bormay, g`alati ahvolga tushadi. Qo`li titrab portfelini ochadi… "Yegan og`iz uyalar, xushomad zo`r shaytondir". Shoir shu tarzda yosh kitobxonlarga ijtimoiy hayotda ro`y berayotgan hodisalar mohiyatini tushuntirgishga, realistik tasvirga e’tibor qaratadi. Bu ham bo`lsa, mustaqillik davri bolalar adabiyotining mavzu va muammoni yoritishda kengqamrovlilik kasb etgani dalolatidir. Shu ma’noda A.Ko`chimov ijodida umuman, insoniyat dardi, ruhiy kechinmalari, iztiroblari, yoxud orzu-o`ylari reallasha boradi, ya’ni, hayotga yaqinlashadi. Shoir she’rlarida yosh qahramonlar- bolalar chinakam "hayot qozonida qaynaydilar". Bu jihat "Ukamning maslahati" she’rida ham yaqqol ko`rinadi. Umuman, shoir she’rlari kichkintoylarni bolalik olamidan kattalik dunyosiga yetaklovchi vosita ekanligi ayonlashadi. A.Ko`chimovning bolalar uchun yozgan adabiy ertak, ballada va dostonlarida ham bu xususiyat majoziy, obrazli tasvir etilgan. Uning "Saboq" she’riy ertagi ijtimoiy dolzarb mavzuga bag`ishlangan. Shoir Chumchuq va Burgut ramziy obrazlari orqali vatanparvarlik tuyg`usini oydinlashtiradi. O`z dala-qirida – pastlikda yashashdan or qilgan Chumchuq Burgutga taqlid qilib, o`rkach-o`rkach qoyalar tomonga qarab parvoz qiladi. Qora terga botib, jiqqa ho`l bo`lgach, nafasi tomog`iga tiqilib, bir qoyaga urilib yiqiladi. Anchagacha behush yotgan chumchuqqa sor Burgut duch kelib, uning nimjonligiga rahmi keladi. Chumchuqning: Pastliklarda shuncha yashab, Qoniqmadi yuragim Yo`q demasang sening bilan Yashamoqdir tilagim,– degan gapiga qah-qah urib kulsa ham, uni yelkasiga mindirib oppoq bulutlar orasiga kirib ketadi. Yer, dala, suv, tog`, o`rmon – barchasi ko`zdan g`oyib bo`ladi. Ana shundagina yuragini qo`rquv qoplagan chumchuq yerning naqadar go`zalligini his qiladi va o`z xatosini tushunib yetadi. Burgut o`z makoni bilan cheksiz faxrlanadi: ko`k bag`rida yashash, qor-bulutlar qo`yni-yu shamollar raqsini kechalari porlagan yulduzlar qurshovini otashin muhabbat bilan ta’riflaydi.
293
"Bilsang, yo`qdir yer yuzida, suluvlikda bunday joy",– deb g`ururlanadi. Ammo Chumchuqqa shunday saboq beradi: Biroq, uka, har narsaning O`z Vatani bo`ladi, Har narsaning baxt-iqboli O`z bog`ida kuladi. Chumchuq bu fikrdan to`g`ri xulosa chiqarib, o`z do`stlari bag`riga shamolday yelib, uchib ketadi. Ko`rinadiki, ertak ezgulik bilan tugagan. Shunga muvofiq asarning tarbiyaviy ahamiyati, mavzuviy dolzarbligi katta. Xullas, ona-Vatan, ijtimoiy-hayotiy voqealar, zamona taloto`plari, jamiyatda kechayotgan yaxshi-yomon o`zgarishlarlarni A.Ko`chimov o`ziga xos uslubda, ohangda bolalarbop ifoda etadi. Ijodkorning o`z ovozi, tahliliy mushohadalarga boy publitsistikasi, esse va ertaklari istiqlol davri bolalar adabiyotini yangi tamoyillar bilan boyitishga hissa qo`sha oldi. Uning she’rlarida hurfikrlilik yarq etib ko`zga tashlanadi, lirik qahramonlari haqiqatga tik boqadi. Uning asarlarida Vatan oldidagi burch va mas’uliyat eng oliy insoniy tuyg`u ekanligi anglashilib turadi. Xuddi shu qirralar davr bolalar adabiyotining yetakchi xususiyatlari hamdir.
Dostları ilə paylaş: |