Turp ildizining tuzilishi. Turpdan tayyorlangan ko‘ndalang kesikni ko‘z bilan tekshirganda, ildizmevaning chekkasiga yaqin joylashgan ochiq rangdagi kambiy halqasi aniq kurinadi. Kambiyning tashqi tor qatlami ildizning po‘stloq qismi, ostki keng qatlami markaziy silindrdir. Ildizmevalarning asosiy kismi silindr egallagan bo‘lib, moddalar yog‘ochlik parenximasiga to‘planadi.
Ildizning mikroskopik tuzilishini kuzatish uchun yosh ildizdan tayyorlangan preparat mikroskopda karaladi. Turp ildizi ham ikkilamchi tuzilishga ega. Anatomik tuzilishiga ko‘ra sabzi ildizining tuzilishiga o‘xshaydi. Ildiz o‘zagidagi ikki nurli mayda naylar birlamchi ksilema, radius bo‘ylab tarqalgan yirik qizil nayli to‘qimalar ikkilamchi ksilema bo‘lib, rangsiz yupqa po‘stli keng tarqalgan xujayralar esa yog‘ochlik parenximasidir. Zapas moddalar yog‘ochlik parenximasida to‘planadi. Shunga ko‘ra, yog‘ochlik parenximasi yaxshi rivojlanganligi aniq ko‘rinadi, ikkilamchi ksilemani o‘rab turgan mayda hujayralar kambiy, unga tashqi tomondan birikkan to‘qimalar floema va po‘stloq parenximasidir. Ildiz tashqi tomondan qoplovchili to‘qima — po‘kak bilan o‘ralgan.
Lavlagi ildizining tuzilishi. Lavlagi ildizi tuzilishiga ko‘ra sabzi, turp ildiziga o‘xshaydi. Ildizning ko‘ndalang kesimi bir necha qator konsentrik halqalardan tuzilganligini ko‘ramiz. Konsentrik halqalarning tuzilishi bilan tanishish uchun yosh ildizning ko‘ndalang kesimidan tayyorlangan preparat mikroskopda qaraladi.
Ildiz markaziga joylashgan nurli qizil rangdagi mayda naylar birlamchi ksilema, bunga ikki tomonlama birikkan rangli yirik nayli to‘qimalar ikkilamchi ksilema bo‘lib, uni atroflama o‘rab turgan mayda rangsiz halqa shaklidagi to‘qima boshlang‘ich kambiydir. Ksilema qarshisiga joylashgan to‘qima ikkilamchi floemadir. Ildiz ikkilamchi floema sirtida konsentrik joylashgan qo‘shimcha kambiy xalqalari bilan xarakterlanadi. Bu halqalarning hosil bo‘lishi prokambiy ham peritsikl hujayralarining faoliyatiga borliqdir. Peritsikl hujayralari bo‘linib ildizning periferiyasiga parenxima hujayralarini ajratib turadi. Bu hujayralarning bir qatori tangental to‘siqlar bilan bo‘linib, yangi kambiy halqasiga aylanadi, Kambiy hujayralarining bo‘linishidan kollateral bog‘lam shaklidagi ksilema va floema hosil bo‘ladi. Bu bog‘lamlar yupqa po‘stli keng joylashgan parenxima hujayralar tufayli bir-biridan chegaralangan. Parenxima hujayralarning chekkadagilari bo‘linishidan yangi qo‘shimcha kambiy xalqalari hosil bo‘ladi. Bular ham bo‘linib, o‘tkazuvchi to‘qimalarni va parenxima hujayralaridan iborat o‘sish halqalarini hosil qiladi. Natijada ildizmeva konsentrik halqalar (kambiy) to‘plamiga ega bo‘ladi.
Topshiriq. Sabzi, turp, lavlagi ildizmevalarining anatomik tuzilishida kambiy, po‘stloq va markaziy silindrning joylashuvini taqqoslang, to‘qimalarning joylashish holatini ko‘rsatib, rasmini chizing.