Burchoqdoshlar (Fabaceae) yoki Dukkakdoshlar (Leguminosae) oilasi. Dukkakdoshlar oilasi eng katta oilalardan biri bo`lib, 650 turkumga mansub 18000 turni uz ichiga oladi. Bu oila vakillari yer sharining hamma quruqliklarida uchraydi. O`zbekistonda esa 35 turkumga oid 422 turi o`sadi. Bu oila 3 oilachaga bo`linadi. Bular: sezalpindoshchalar, mimozadoshchalar va burchoqdoshchalar. Burchoqdoshlar oilasining eng yirik turkumi Astragal (Astragalus) bo`lib, unga 3300 ga yaqin tur kiradi.
Burchoqdoshlar (Faboideae) oilachasi. Oilacha o`t va lianalardan iborat. Barglari oddiy va murakkab. Gullari ikki jinsli, zimogorf, gulkosachabargi 4-5 ta, gultoji ham 4-5 ta, changchisi 10 ta, Shundan 9 tasi qo`shilib o`sgan, bittasi alohida.
Beda (Medicago) turkumi. Bedalarga bir yillik, ko`p yillik o`tlar kiradi. O`zbekistonda 8 turi o`sadi. Bedaning bitta Medicago sativa nomli turi yem-xashak sifatida keng maydonlarda ekiladi.
Kashqarbeda (Metilotus) turkumi. Qashkarbeda ikki va bir yillik o`t bo`lib, begona o`t sifatida ekinlar orasida, tog` yon bag`irlarida o`sadi. Uning tarkibida 0,013% efir moyi, 0,4 - 0,9% kumarin, glikozidlar va alkaloidlar mavjud. Xalq tabobatida ishlatiladi. O`zbekistonda 4 ta turi tarqalgan.
Sebarga (Trifolium) turkumi. Ko`p va bir yillik o`t bo`lib, O`zbekistonda 7 ta turi usadi. Sebargadan em-xashak o`simlik sifatida foydalaniladi. U asosan sernam joylarda o`sadi.
No`xat (Cicyer) turkumi. Bir yillik toq yoki juft pat-simon bargli o`t o`simlikdan iborat. O`zbekistonda bitta madaniy va 8 ta yovvoyi turi o`sadi. No`xat oqsilga boy, ovqatga ishlatiladigan o`simlik.
Burchoq (Vicia) turkumi. Burchoqlarga bir va ko`p yillik o`tlar kiradi. O`zbekistonda uning bitta madaniy va 15 ta yovvoyi turi usadi. Ular em-xashak o`simlik sifatida juda qadrlanadi. Astragal turkum vakillari ham keng tarqalgan (3 rasm).
Yeryong`oq (Arachis) turkumi. Bu turkumning O`zbekistonda ekiladigan bitta (Arachis hypogea) bir yillik turi ekiladi. Bargi juft patsimon. Guli ochilib, urug`langandan keyin, tugunchaning osti o`sib, uzun bandga aylanadi va bukilib tuproq ichiga kiradi va meva (dukkak) hosil qiladi. Urug`ida 45-60% moy, 37% oqsil bo`ladi. Vatani Braziliya.
Shirinmiya (Gtycyrrhiza) turkumi. Shirinmiyaning O`zbekistonda 5 ta turi yovvoyi holda o`sadi. Ildizi tabobatda ko`p ishlatiladi. Ildizi tarkibida 4,6-20% gliserizin, 10% qand, 0,035% efir moyi, bargida vitamin S,. 14% kraxmal, 8% oshlovchi modda bor. Ibn Sino shirinmiya ildizidan turli xastaliklarni davolashda foydalangan. Hozir ham undan xalq va ilmiy tabobatda foydalaniladi. Burchoqdoshlar oilasiga xalqimiz sevib iste`mol qiladigan madaniy o`simlik mosh (Phaseolus aureus), loviya (Vigna sinensis), dorivor oqquray (Psoralea drupacea), emxashak o`simlik yantoq (Alhagi pyersarum) va boshqa foydali o`simliklar bor.