Kuchalanamolar qabilasi, oilalari vakillarining biologiyasi tarqalishi va ahamiyati. Kuchalanamolar qabilasi – Arales. Bu qabila 2 ta oiladan tashkil topgan. Kuchaladoshlar (Araceae) va poyabargdoshlar (Lemnaceae) oilalari.
Kuchaladoshlar oilasi –Araseae. Bu oilaga 110 ta turkum va 1800 ta tur kiradi. Ular har ikkala yarim sharning tropik va suptropik mintaqalarida tarqalgan. Hayotiy shakli ildizpoyali va tugunakli, yirik bargli o`t, buta, ba`zan epifit yoki ishlab o`suvchi o`simliklardir. Barglari ildiz bo`g`izidan chiqadi. Bandi tarnovsimon yaprog`i butun yoki qirqilgan, poyalari bandsiz va lentasimon. Gullari mayda, qisman reduksiyalashgan, ikki yoki birjinsli bo`lib, so`tasimon to`pgul hosil qiladi. So`tasi yirik ko`pincha qoplovchi barg bilan o`ralgan. Gulqo`rg`oni, ko`pincha 6 ta bargchali yoki ular reduksiyalangan. Changchilari ikki jinsli gullarida 6 ta, bir jinslarida esa 2-4 ta, ba`zan qo`shilib o`sgan. Urug`chisi 1-3 ta mevabargchadan tashkil topgan, ustki tugunchali. Mevasi quruq yoki rezavor meva.
Oilaning eng xarakterli belgisi, ularda qalin etdor so`ta to`pguli borlidir. To`pgul tagida bitta qoplagich g`ilof bo`lib to`pgulni o`rab turadi. Bu oilaga mansub o`simliklarning gul tuzilishi va gul formulasi ham har-xil bo`lib, ular bir-biridan farq qiladi.
Masalan: Xushbo`yigir o`simligida: * ♀ ♂ P6 A6 G(3) Korolkov kuchalasida esa: *♂ P0 A3,4 G0; * ♀ P0 A0 G1 Oila vakillaridan O`zbekiston sharoitida xushbo`y igir (Asorus calamus). Ko`p yillik o`simlik. Korolkov kuchalasi (Arum korolkovili). Ko`p yillik sharsimon tuganakli o`simlik. Tog` etaklarida, qoyalarda, nam, soya-salqin erlarda o`sadi. Regel itkuchalasi (Eminium regelii). Ko`p yillik o`t. Adir va pastki tog` etaklarida, soz tuproqli joylarda o`sadi.
Ahamiyati: hushbo`y igir ildizpoyasidan olingan efir moyi medisinada va parfumeriya sanoatida ishlatiladi. Kuchala tuganagidan medisinada xronik revmatizmga qarshi ishlatiladi. Boshqa turlaridan monstera xonadonlarda bezak o`simlik sifatida o`stiriladi.