NAZORAT UCHUN SAVOLLAR 1. Ta’lim to‘g‘risidagi Qonunining maqsad va vazifalarini sanab bering.
2. Ta’lim tizimini takomillashtirishda yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish bo’yicha o’z fikringizni bayon eting?
3. Ta’limni rivojlantirishda Pedagogikning o‘rni qanday?
Foydalanilgan ADABIYOTLAR 1. Sh.M.Mirziyoyev. Insonparvarlik,ezguklik,va bunyodkorlik milliy g‘oyamizning poydevoridir. 2021 yil.
2. Ta’lim to‘g‘risidagi Qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi.
4. Karimov I. A. Xavfsizlik va tinchlik uchun kurashmoq kerak. T. O‘zbekiston 2015-yil
2-Mavzu: Hozirda o‘qituvchilik kasbi va uning jamiyatda tutgan o‘rni
(2 soat amaliy mashg‘ulot)
Reja:
O‘qituvchilik kasbi va uning jamiyatda tutgan o‘rni.
O‘qituvchining asosiy vazifalari va uning shaxsiga qo‘yiladigan talablar.
O‘qituvchi pedagogik muloqot jarayoni.
Tayanch iboralar: Pedagog, o‘qituvchi, nutq madaniyati, kiyinish madaniyati, mutafaakkir olimlar, ta’lim tizimi, boshqarish, pedagog kadrlar.
O‘qituvchilik kasbi va uning jamiyatda tutgan o‘rni. Pedagoglik kasbining shakllanishi kishilik taraqqiyoti tarixi bilan uzviy bog‘liq. Terib-termachlab kun kechirgan ibtidoiy davr kishilari bolalarni o‘zlari bilan ergashtirib yurib, ularga ov qilish, turli daraxt mevalarini terish, o‘simliklarning ildizi kovlab olish, suv manbalarini izlab topish kabi harakatlarni amalga oshirishni o‘rgatganlar. Bunday harakatlar qabila (urug‘)ning tajribali kishilari yoki keksalar tomonidan amalga oshirilgan. Oddiy kundalik ehtiyojlarni qondirish yo‘lida olib borilayotgan xatti-harakatlar asosida yoshlarga mavjud tajribalar asosida ma’lumotlarni berib, ularda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirganlar. Turli tovushlarni chiqarish yordamida atrofdagilarni yaqinlashayotgan xavfdan ogoh qilishni bolalar kattalarning namunalari asosida o‘zlashtirganlar. Nutq va yozuv paydo bo‘lgunga qadar bu kabi harakatlar imo-ishoralar asosida amalga oshirilgan. Kishilik tarixida tub inqilobni sodir etgan nutq va yozuvning paydo bo‘lishi, shuningdek, urug‘ jamoasi tomonidan bajariladigan mehnat faoliyatining turli sohalarga ajralishi yoshlarga nisbatan munosabatning ilg‘or (progresiv) xarakter kasb etishiga imkon berdi.
Turli tabiiy ofatlar ta’siridan himoyalanish, kishilar hayotiga xavf solayotgan kasalliklarni davolash, hayot kechirish uchun yetarli oziq-ovqatlarni jamlab olishga bo‘lgan tabiiy ehtiyoj yoshlarga hayotiy tajribalarni ma’lum mehnat faoliyati yo‘nalishida yetarlicha bilimga ega bo‘lgan kishilar tomonidan berilishi maqsadga muvofiq ekanligini ko‘rsatdi. Natijada bolalarga hayot tajribalarini o‘rgatuvchi kishilar guruhi shakllandi hamda bolalarga ma’lum yo‘nalishlar bo‘yicha bilimlarni berish maxsus ajratilgan joylarda tashkil etila boshlandi.
Dastlabki maktablar qadimgi SHarq (Vavilon, Misr, Hindiston)da paydo bo‘lib, ularda bolalarga ma’muriy-xo‘jalik boshqaruvi asoslari o‘rgatilgan. Antik davrda maktablar Sparta, Afina va Rim tarbiya tizimining muhim tarkibiy qismi sifatida faoliyat olib borganlar.
Qadimgi Yunonistonda bunday joylar akademiya deb nomlangan. “Akademiya” so‘zi afsonaviy qahramon Akadema nomidan kelib chiqqan. Eramizdan avvalgi IV asrda Afina yaqinidagi Akadema nomi bilan atalgan joyda Platon o‘z shogirdlariga ma’ruzalar o‘qigan bo‘lib, keyinchalik ta’lim tashkil etiluvchi maskan ham shunday nom bilan yuritila boshlagan. Qadimgi Rim va Yunonistonda bolalarga bilim berish faylasuflar zimmasiga yuklatilgan.
Jamiyatning tabaqalanishi natijasida quldorlik tuzumida bolalarni ta’lim maskanlariga olib borish va olib kelish vazifasini qullar bajarishgan va ular “pedagog” deb nomlanganlar. Ushbu tushunchaning ma’nosi “bola yetaklayman” demakdir. Tarixiy taraqqiyotning keyingi bosqichlarida bolalarga tizimli bilimlarni berish bilan doimiy shug‘ullanuvchi kishilar pedagoglar deb e’tirof etilgan.
Feodalizm davrida aksariyat maktablar masjid (musulmon mamlakatlari) yoki ibodatxonalar (Hindiston) qoshida tashkil etilgan. Ularda bolalarga diniy va dunyoviy bilimlar o‘rgatilgan.
O‘rta asrlar davrida SHarqda akademiya ko‘rinishidagi ta’lim muasasalari ham faoliyat yuritgan bo‘lib, ular “Donishmandlar uyi” (Bag‘dod, IX asr), “Ma’mun akademiyasi” (Xorazm, XI asr boshlari), observatoriyalar qoshidagi jamiyatlar (Samarqand, XV asr) tarzida nomlangan. Akademiyalarga turli fan yo‘nalishlari bo‘yicha kuchli bilimga ega bo‘lgan qomusiy olimlar jalb etilgan bo‘lib, ular tomonidan matematika, geodeziya, mineralogiya, meditsina, astronomiya kabi yo‘nalishlarda keng ko‘lamli tadqiqotlar olib borilgan.
O‘rta asrlar hamda kapital ishlab chiqarishiga asoslangan jamiyatlarda akademiya (SHarqda madrasa)lar ko‘rinishidagi maktablarda ma’naviy-axloqiy jihatdan yetuk, turli sohalar bo‘yicha mukammal bilimga ega pedagoglarning faoliyat yuritishlariga alohida ahamiyat qaratilgan. CHunonchi, Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek tomonidan barpo etilgan madrasalarda o‘z davrining taniqli olimlari – Ali Qushchi, Taftazoniy, Qozizoda Rumiy, Mavlono Muhammad, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Muiniddin Koshiy hamda Mansur Koshiylar talabalarga ta’lim berganlar.
XIX asr oxiri hamda XX asr boshlarida yuzaga kelgan jadidizm harakatining asoschilari, taniqli ma’rifatparvarlar – Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar Qori, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Avloniy, Abduqodir SHakuriy, Ismatulla Raxmatullaev, Abdurauf Fitrat, Ishoqxon Ibrat va boshqalar aholi orasida nafaqat murabbiy, balki ma’naviy yetuk inson sifatida ham nom qozondilar.
SHarq mutafakkirlari va g‘arb pedagoglari jamiyatda pedagoglik kasbining tutgan o‘rni haqida. Jamiyat tomonidan o‘qituvchi shaxsiga qo‘yilayotgan talablar o‘z davrida SHarq mutafakirlari hamda g‘arb ma’rifatparvarlarining asarlarida o‘z aksini topgan.
Muhammad al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy hamda Abu Rayhon Beruniylar o‘qituvchining ma’naviy-axloqiy jihatdan yetuk bo‘lishlariga alohida ahamiyat qaratadilar. Ularning fikrlaricha, yaxshi o‘qituvchi boshqalardan bir jihati bilan farq qiladi, ya’ni, u o‘zi ega bo‘lgan bilimlarni yoshlarga beminnat o‘rgatadi, har bir ishda ularga namuna bo‘la oladi.
Abu Ali ibn Sino o‘z asarlarida o‘qituvchi bolalarga ta’lim berishdek mas’uliyatli burchni bajarishi zarurligini uqtirar ekan, ularga faoliyatda muvafaqiyatga erishish garovi bo‘lgan quyidagi tavsiyalarni beradi:
1) bolalar bilan muomalada bosiq, jiddiy bo‘lish;
2) berilayotgan bilimning talabalar tomonidan o‘zlashtirilishiga e’tiborni qaratish;
3) ta’limda turli shakl va metodlardan foydalanish;
4) talabaning xotirasi, bilimlarni egallash qobiliyati, shaxsiy xususiyatlarini bilishi;
5) fanga qiziqtira olishi;
6) berilayotgan bilimlarning eng muhimini ajratib bera olishi;
7) bilimlarni talabalarga tushunarli, uning yoshi, aqliy darajasiga mos ravishda berish;
8) har bir so‘zning boalar hisiyotini uyg‘otish darajasida bo‘lishiga erishish1.
Alisher Navoiy o‘z davrining ayrim maktabdorlari ega bo‘lgan sifatlar, xususan, qattiqqo‘llik, ta’magirlik va johilliklarni qoralar ekan, o‘qituvchining ma’naviy qiyofasiga nisbatan jiddiy talablarni qo‘yadi. Xususan, «mudarris kerakki, g‘arazi mansab bo‘lmasa va bilmas ilmni aytishga urinmasa, manmanlik uchun dars berishga havas ko‘rgazmasa va olg‘irlik uchun gap-so‘z va qavqo yurgizmasa, nodonlikdan sallasi katta va pechi uzun bo‘lmasa, gerdayish uchun madrasa ayvoni boshi unga o‘rin bo‘lmasa.. .. Yaramasliklardan qo‘rqsa va nopoklikdan qochsa, nainki, o‘zini olim bilib, necha nodonga turli xil fisq ishlarni mumkin, balki halol qilsa, qilmas ishlarni qilmoq uchun sodir bo‘lsa va qilar ishlarni qilmaslik unga qoida va odat bo‘lib qolsa. Bu mudarris emasdir, yomon odatni tarqatuvchidir»2.
SHunisi ham borki, u to‘dada fahm-farosati ozlar bo‘ladi, unday kishiga yuzlarcha mashaqqat kelsa qanday bo‘ladi. Har qanday bo‘lsa ham, yosh bolalarga uning haqqi ko‘pdir. Agar shogird podshohlikka erishsa ham unga (muallimga) qulluq qilsa arziydi.