MUSTAQIL TA’LIMNI BAJARISH YUZASIDAN UMUMIY QOIDALAR
Termiz davlat universitetida kredit-modul tizimida talabalarning mustaqil ta’limini tashkil etish va nazorat qilish bo’yicha yo’riqnomasi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8-oktyabrdagi “O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to’g’risida”gi PF-5847-son Farmoni, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi PQ-60-son qarori, O’zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etish bilan bog’liq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 824-son Qarori hamda Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirining 2021 yil 16 iyuldagi “Oliy ta’limning davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to’g’risida”gi 311-son buyrug’i asosida ishlab chiqilgan.
Uslubiy ko’rsatma quyidagi umumiy qoidalarga asoslanadi: 1.1. Talabaning mustaqil ta’lim yuklamasi o’quv rejasida muayyan fanni o’zlashtirish uchun belgilangan o’quv ishlarining ajralmas qismi hisoblanadi.
1.2. Talabaning mustaqil ta’limi auditoriya va auditoriyadan tashqarida (o’quv yuklamasida ajratilgan auditoriya soatini inobatga olmagan holda) bevosita o’qituvchi rahbarligida mustaqil ish yoki talabaning fan (modul) bo’yicha mavzularni mustaqil o’qib-o’rganishi tarzida amalga oshiradigan o’quv ishlari majmuini anglatadi.
1.3. Talabaning mustaqil ishlari uning yuqori darajadagi faollik, ijodiylik, mustaqil tahlil, tashabbuskorlikka hamda barcha vazifalarni o’z vaqtida va mukammal tarzda bajarishga asoslangan faoliyatidir.
1.4. Mustaqil ish turi va shakli muayyan ta’lim yo’nalishi (mutaxassislik) hamda fan (modul)larning xususiyatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
1.5. Mustaqil o’qib-o’rganish uchun taklif etilgan mavzular hamda mustaqil ish topshiriqlari va ularni bajarish bo’yicha ko’rsatmalar talaba uchun ishlab chiqilgan fan dastur (Syllabus)da o’z aksini topishi lozim. Mustaqil ish uchun taqdim etilgan o’quv topshiriqlari variativ tavsifga ega bo’lishi tavsiya etiladi.
1.6. Fan (modul) bo’yicha mustaqil ta’limga ajratilgan soatlarning mustaqil ish tarzida bajarilishi ko’zda tutilgan o’quv birligi hajmi (kredit) mas’ul kafedra muhokamasidan o’tkazilishi, yig’ilish qarori bilan tasdiqlanishi hamda professor-o’qituvchi tomonidan tuzilgan Sillabusda mustaqil ish shakli va turi mazkur hajm (kredit)ga mos kelishi lozim.
1.7. Didaktik jarayonlarni jadallashtirish, talabalarning mustaqil ta’lim olish samaradorligini oshirish maqsadida o’quv davrining I semestrida tyutorlar, ARM xodimlari va fan mas’ullari tomonidan mazkur jarayonni amalga oshirish tartibi bo’yicha davriy ravishda (shu jumladan, kredit haftaligi doirasida) o’quv seminarlari tashkil etilishi maqsadga muvofiq.
1.8. Mustaqil ish topshiriqlari va uni bajarish muddatlari elektron platformada qat’iy belgilanadi. Uzrli sabablarsiz mustaqil ishni bajarish muddatini o’tkazib yuborgan talabaning o’quv faoliyati natijalari tekshirilmaydi va baholanmaydi. Uzrli sabablar esa, dekanat (registrator ofis) tomonidan o’rganib chiqilishi, dekan ruxsati bilan inobatga olinishi hamda topshiriq bajarilishi uchun yakuniy nazorat o’tkazilishiga qadar qayta topshirish muddati belgilanishi mumkin.
1.9. Mustaqil ta’lim bo’yicha o’quv faoliyati natijalari baholanmagan talaba yakuniy nazoratlarga kiritilmaydi yoki shartli ravishda topshirish muddati belgilanadi.
1.10. Fan (modul) bo’yicha oraliq va yakuniy nazorat savollarining 40/60 nisbati mustaqil o’qib-o’rganish uchun tavsiya etilgan mavzular va adabiyotlar asosida tuzilishi tavsiya etiladi.
1.11. Fan (modul)ning auditoriya yuklamasini bajarish vaqtida talabalarning mustaqil ishlari nazorat qilinmaydi. Talaba mustaqil ish topshiriqlarini bajarish yuzasidan fan dastur (Syllabus)da ko’rsatilgan kontakt soatida offlayn yoki onlayn tarzda bir yoki ikki marotaba maslahat olishi mumkin.
1.12. Talaba mustaqil ish topshiriqlarini bajarishda akademik va etik talablarga rioya etishi (plagiatga yo’l qo’ymaslik, professor-o’qituvchilar, talabalar bilan tolerant munosabatda bo’lish, kichik guruhlarda hamkorlikda ishlash, mas’uliyatlilik) shart.
1.13. Fan (modul) yuzasidan talabalar bajaradigan mustaqil ish topshiriqlari variativ tavsifga ega bo’lishi lozim. Mustaqil ish topshiriqlarining 1/4 qismi kichik guruhlarda hamkorlikda ishlash (kooperativlik)ga mo’ljallangan bo’lishi kerak.
1.14. Mustaqil o’qib-o’rganish uchun taklif etiladigan mavzular va mustaqil ish topshiriqlari fan (modul)ga ajratilgan kreditlar soni hamda talabaning vaqt byudjetini inobatga olgan holda belgilanishi lozim.
1.15. Talaba tomonidan HEMIS OTM tersu.uz tizim (platforma)ga yuklangan mustaqil ish topshiriqlari aniq belgilangan muddatda professor-o’qituvchi tomonidan tekshirilishi va natijasi talabaga ma’lum qilinishi shart.
1.16. Mustaqil ta’lim natijalarini baholash fan (modul)ning umumiy baholash (100 ballik) tizimida aks ettiriladi va fan dastur (Sillabus)ning baholash mezonlarida unga ajratilgan ball aniq ko’rsatib qo’yiladi.
1.17. O’qishi ko’chirilgan yoki tiklangan talabalar o’zlashtirilmagan fan (modul)larni qayta o’qish tartibida o’zlashtiradi. Istisno tariqasida, fanning semestrdagi yuklamasi 6 (olti) kreditdan oshmaydigan akademik farqli fan (modul)lar talabaning arizasiga ko’ra va dekan roziligi bilan 100% mustaqil ta’lim shaklida o’zlashtirilishi mumkin.